Bobur Bobomurod bilan masofaviy ma’rifiy muloqot

Irodasi kuchli, temir intizomga va gigiena qoidalariga rioya eta olgan xalqqa pandemiya pand bera olmasligini oynai jahon kuzatuvida ko‘rib his etayotganimiz aniq. Hayot davom etadi, demak, adabiyot ham barhayot. She’riyat ruhiyatning in’ikosi, kayfiyatning, tuyg‘uning oniy hosilasi. Muloqotda mehr ham, mohiyat ham katta. Mehr ko‘zda ekanligining boisi shu. Har qanday holatda ham ma’naviyatga tashna, ma’rifatga oshna qalblarning ehtiyojini qondirishga imkonimiz yetarli. Diydor bedor qalblarga, chin do‘stlikka poydor, g‘aflat bandasiga emas. Karantin sharoitida ham bunday ma’rifiy tadbirlarning uyushtirib turilishi chinakam matonat va elparvarlik nishonasi.

 

Joriy yilning 16 may kuni soat 15.00.da O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, iqtidorli shoir Bobur Bobomurod bilan ZOOM dasturi orqali ikki soatdan ziyod davom etgan masofaviy muloqotimiz ancha maroqli va mazmundor bo‘ldi. Professor o‘qituvchilar, talaba va magistrantlar tomonidan berilgan shoir she’riyati va hayotiy faoliyati bilan bog‘liq qiziqarli savollar, ayni paytda shoir tomonidan berilgan samimiy javoblar virtual muloqotga ruh va mazmun baxsh etdi. Ma’rifiy suhbatlar ruknida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining tashabbusi bilan tashkil etilayotgan ushbu muloqotimiz qahramoni haqida muxtasar ma’lumot berish o‘rinlidir. Bobur Bobomurod 1968 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1991 yilda Buxoro pedagogika institutining "Tarix va jamiyatshunoslik" yo‘nalishini muvaffaqiyatli bitkazgan.

 

Badiiy ijod bilan yoshligidan shug‘ullanadi. Ilk kitobi 1996 yil 25 dekabrda chiqqan. Shundan beri o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari nashr etilgan. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1998 yildan). O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (2010). U hozirda badiiy ijod va jamoatchilik faoliyati bilan mashg‘ul. Oilali, beshta farzandini uyli-joyli qilgan, biri-biridan shirin nevaralar e’zozida. U mingdan ortiq qo‘shiqlar matni muallifi. Respublikamizda dong taratgan mashhur hofizlarning ijodiy barnomasidagi aksariyat qo‘shiqlar matni ularning qalamiga mansubligi bejiz emas. U o‘ynab emas, o‘ylab yozadi. Mazmundor matn, obrazli tafakkur, tashbehona ibora va ifodalar, xalq diliga yaqin sodda va ravon uslub uning she’rlariga umriboqiylik baxsh etadi. Aslida, shoirning mavqei, she’rning o‘rni ham shundan iborat. Eng qizig‘i, Bobur Bobomurodning deyarlik har kuni muayyan ta’lim muassasasi, mehnat jamoasi va tashkilotlar bilan masofaviy yo‘sinda ijodiy muloqotlari bor. Sababi uning barcha idora va muassasalarda qadriga yetadigan sadoqatli muxlislari ko‘p. Chunki, yaxshi shoir, samimiy va xokisor inson, oqibatli do‘st hamma joyda ehtiromga ega.

 

Institut yoshlar masalalari bo‘yicha prorektor R. K. Choriev o‘zining qiziqarli va ma’rifiy suhbatlari uchun Bobur Bobomurodga pedagogik va talabalar jamoasi hamda rahbariyat nomidan minnatdorchilik bildira turib, shoirning kelgusidagi faoliyati va ijodiyotida xalq ishonch-u e’tiborini qozonishdek sharaf doimo hamroh bo‘lishini tiladi. Uning tojlivirus vabosi paytida olam va odam qadri bilan bog‘langan she’rlari asosidagi ushbu videorolik ham shoirning yuksak iste’dodidan dalolat mayog‘i, kafolat chirog‘i bo‘lsin degan mazmunda ularni e’tiboringizga havola qilishni lozim topdik.

Bahriddin Muqimov "Gumanitar fanlar" kafedrasining assistenti