Xorijiy professor ishtirokida seminar tashkil qilindi
Bugungi kunda qishloq va suv xoʼjaligida foydalanilayotgan traktorlar, kombaynlar, ekskavatorlar, buldozerlar va boshqa oʼziyurar mashinalarda gidravlik tizimlardan keng foydalaniladi. Gidravlik tizimlardan foydalanish traktor yoki boshqa oʼziyurar mashinani ekspluatatsion va texnik iqtisodiy koʼrsatkichlarini sezilarli darajada yaxshilaydi. Gidravlik tizimlarda ishchi suyuqlik energiyasidan foydalaniladi va bu tizimlarni massasi va oʼlchamlari kichik, ishchi organ tezligini bosqichsiz oʼzgartirish mumkin, tizim elementlari mustaqil joylashgan, yuklanishlardan ishonchli himoyalangan, xizmat koʼrsatish va boshqarish oson va bu yerda jarayonlarni avtomatlashtirish yengil kechadi.
Institutda faoliyat yuritayotgan “Xorijiy universitetlardagi innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq xoʼjaligida muhandis kadrlarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish” nomli loyiha doirasida shu yil 26-30 iyul kunlari АQSH Shimoliy Dakota shtati universiteti professori Tom Bon ishtirokida QXM fakulteti professor-oʼqituvchilari, doktorant va magistrantlari uchun “Gidravlik energiyadan foydalanish, traktorlar va qishloq xoʼjaligi mashinalari gidravlik tizimlari” nomli kurs boʼyicha seminar-trening tashkil qilindi. Seminarda Toshkent davlat texnika va agrar universitetlari vakillari ham tinglovchi sifatida ishtirok etishdi.
Seminarda gidravlik tizim elementlari gidravlik motorlar, nasoslar, silindrlar, klapanlar ishlashiga batafsil toʼxtalib oʼtildi, tizimda ishlatiladigan suyuqliklar xossalari, gidravlik tizimni loyihalash va xususiyatlarini oʼrganishda foydalaniladigan Automation Studio dasturi haqida maʼlumotlar berildi. Seminar trening yakunida faol ishtirok etgan 22 nafar tinglovchilar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Traktorlar va avtomobillar kafedrasi axboroti