“Mehnat faxriysi” ko’krak nishoni topshirish marosimida
Suvchilar mamlakatimizning eng ahil, inoq, jips, bir-birini hurmat qiladigan jamoalaridan biridir. Bizni maslahat so’rab turadigan, duolarini oladigan faxriylarimiz ko’p. Kuni kecha hammamiz uchun hurmatli bo’lgan ustozimiz Ismoil Hakimovich Jo’rabekovning qutlug’ 90 yosh yubileyini katta tantanalar bilan nishonladik. Bugun yana bir quvonchli tadbirga yig’ildik. Mamlakatimiz suv xo’jaligi sohasi rivoji uchun katta hissa qo’shgan faxriylarimizdan biri Giniyatullin Rim Аbdulovichni qutlandi. Tadbirda GM fakulteti dekani Alisher Fathullayev boshchiligida bir guruh talabalar qatnashishdi.
Rim Аbdulovich 1989 - yildan 1996 - yilgacha, 7 yil O’zbekiston Respublikasi Melioratsiya va suv xo’jaligi vaziri, 1996-1997 yillarda O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari bo’lib ishlagan. O’sha davrda Rim Аbdulovich Qarshi cho’lini, Mirzacho’lni o’zlashtirishda, ushbu hududlar suv ta’minotini yaxshilashda ulkan hissa qo’shgan. Jumladan, Jizzax bosh nasos stansiyasi, ushbu viloyatdagi Zarbdor, Oqbuloq nasos stansiyalari, Farg’ona vodiysidagi Beshariq, Dang’ara, Ulug’nor nasos stansiyalari qurilishida, Qashqadaryo viloyatidagi Pichanko’l kollektori qurilishida bevosita bosh-qosh bo’lgan.
Rim Аbdulovichning mehnatlari davlatimiz tomonidan yuqori baholangan va ko’plab mukofotlar bilan taqdirlangan. Bu haqda yuqorida aytib o’tildi. Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan Giniyatullin Rim Аbdulovich Prezidentimizning 2016 - yil 28 - dekabrdagi “O’zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg’armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoniga muvofiq ta’sis etilgan “Mehnat faxriysi” ko’krak nishoni bilan taqdirlandilar. Mukofot tantanali tarzda topshirildi.
TIQXMMI matbuot xizmati