Tajriba-porloq istiqbol kafolati

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti yoshlar yetakchisi Akmal Berdimurodov tashabbusi bilan 15-16 mart kunlari, fakultet yoshlar yetakchilari, boshlang‘ich tashkilot kengashi a’zolaridan tashkil topgan bir guruh faollar  O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashi faoliyati va Markaziy kengash faoliyati bilan tanishish, tajriba ortirrish maqsadida ushbu tashkilotlarga borishdi. 2021-yilda  yoshlar uchun ta’lim sohasida, sport bilan shug‘ullanishiga va boshqa sohalarda yaratib berilayotgan imkoniyatlarni talaba yoshlarga batafsil yetkazib berish va qo‘llab-quvvatlashda yoshlar yetakchilari tashabbuskor targ‘ibotchi va tashviqotchidir.

Aynan shu maqsadda, 15 mart kuni yoshlar yetakchilari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar kengashida bo‘lishdi va kengash binosidagi imkoniyatlar va poytaxt yoshlarining ijod namunalari, yangi ta’mirdan chiqqan media klub faoliyati va Toshkent shahar kengashida faoliyat olib borayotgan xodimlar bilan yaqindan tanishishdi. Sayohat davomida Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan  uyushtirilgan badiiy kino kechasida bo‘lib, madaniy hordiq chiqarishdi, tashrif yakunida Toshkent shahar yoshlar yetakchisi Shukurulloxon Anvarov bilan qariyb 3 soat davom etgan ochiq muloqot tashkil etildi.

Muhokamalarga boy bo‘lgan uchrashuvda Toshkent shahar yoshlar yetakchisi o‘zining 9 yillik tajribasidan kelib chiqib, yosh yetakchilarga tavsiyalar va maslahatlar berib o‘tdi. Kichik jamoa bilan uzoq vaqt davom etgan suhbatda, hozirgi kunda yoshlarni ish bilan hamda uy-joy bilan ta’minlashda yuzaga kelayotgan qiyinchiliklar va bunda institut yoshlar yetakchilarining o‘rni, yoshlar kengashlaridagi tuzilma qanday tartibda ishlasa yanada samaraliroq faoliyat bo‘lishi yuzasidan aniq-aniq tavsiyalarni berib o‘tdi.

16 mart kuni yoshlar siyosatining asosiy drayverlaridan bittasi bo‘lgan  O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashiga tashrif buyurishdi. Dastavval, Markaziy kengashdagi muhit va yosh xodimlar o‘zlarining boshqaruvdagi tajribasi  bilan o‘rtoqlashdi. Kun yakunida Markaziy kengash raisi Akmal Jumaboev bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Akmal Murodovich yetakchilik davridagi yorqin xotiralar va yetakchilikdan olingan tajriba va ko‘nikmalar haqida yoshlarga namuna sifatida aytib o‘tdi.

Yoshlar yetakchisi sifatida to‘plagan tajribani hech qaerda o‘rgatilmasligi va bunday imkoniyatdan unumli foydalanish lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Yoshlar yetakchilari uchun haqiqiy trening vazifasini o‘tab berdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Institut va mas’ul tashkilotlar bir nechta loyihalarni o‘tkazishga kelishib oldi va bu tajribalar albatta, institutimiz yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi. Markaziy kengashi hamda Toshkent shahar mas’ullari Institutimiz rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirib, har doim hamkorlikka tayyor ekanini ta’kidlab o‘tishdi.

 

Institut yoshlar yetakchisining birinchi o‘rinbosari  H.Iskandarov axbooti

TIQXMMI matbuot xizmati