Yаngi kitob - yаngi o‘zbekiston elchisi
Yangi O‘zbekistonning shukuhi va ruhi, Uchinchi renessansning tamal toshi yoshlarning aqlan, ruhan va jismonan sog‘ligi va qobiliyatiga bog‘liq. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari bu masalaga jiddiy e’tibor qilgan holda, kelajak bunyodkori bo‘lgan yoshlarning iqtidorlarini namoyish etishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib shaxsan o‘zlari rahnamolik qilmoqdalar. Yaqindagina chop etilgan "Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari" nomli kitobning 3-jildidan o‘rin olgan 40 ta muallifning maqolalarida ham ana shu ruhning ustuvorligi yaqqol sezilib turadi. Kuni kecha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining katta, muhtasham zalida tashkil etilgan ushbu kitobning taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda unda ilgari surilgan g‘oyalar borasida 1-bosqich talabalari mufassal ma'lumotga ega bo‘lishdi. Ular o‘zlarini kitobda qayd etilganidek, chinakam ma'noda "Uchinchi renessansning asosiy drayveri" ekanliklarini his etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar - ma'naviyat bo‘limi boshlig‘i Zuhriddin Haydarovich, Yoshlar bilan ishlash va ma'naviy-ma'rifiy masalalar bo‘yicha prorektor Ruzimurat Choriyev, institutning matbuot kotibi hamda Yoshlar kengashi raisi Davron Rasulevlar kitobning ijtimoiy jarayondagi o‘rni borasida e'tiborga molik mulohazalarini ilgari surdilar.
Davlatimiz rahbarining kitobga ilova e’lon qilgan iqtiboslaridayoq, maqsad yanada oydinlashadi. "Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o‘tmasin! Yoshlik - umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim - o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!" Prezidentimizning bu e'tiroflari shubhasizki, har bir yosh uchun motivatsiya rolini o‘ynashi aniq. Ayniqsa, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning yoshlar zimmasidagi mas'uliyat bilan majburiyatni anglatish borasidagi ushbu fikrlari ham kitobda qayd etilgan. "Tinchlik, faol iqtisodiy rivojlanish, ijtimoiy adolat, bag‘rikenglikni ta’minlash – bularning barchasi va boshqa ko‘p narsalar yoshlar imkoniyatlaridan foydalanish bilan bog‘liq."
Kitobda keltirilgan bo‘lg‘usi renessansning 4 ta eng muhim bo‘g‘inlari, akademik Oqil Salimovning oqqan daryo oqaverishi, iste’dodlar davlat qudrati, millat shon shuhrati ekani, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim ta’lim Vaziri Abduqodir Toshqulovning ta'limda, ilmiy-pedagogik faoliyatda ta’lim sifatini oshirishning eng muhim yo‘nalishi xususidagi, professor Mansur Bekmurodov va marhum ustoz, sobiq va sodiq rektorimiz O'ktam Umurzakovlarning mulohazalari alohida qiymatga ega ekanini ta'kidlash joiz. Alisher Navoiy hikmatlaridan birida "O‘z vujudingga tafakkur aylagil, Har ne istarsen o‘zungdin istagil",-degan edi. Bu bizga erk va farovonlikni birov olib kelib bermaydi, o‘zimiz harakat qilib erisha olishimiz kerak degani. Chunki, har bir yoshda iste’dod uchquni bor, uni talant alangasiga aylantirish uchun ularda faollik bo‘lishi kerak. Tadbir savol va javoblar yo‘sinida qiziqarli tarzda tashkil etildi va katta taassurotlarga boy bo‘ldi.
TIQXMMI matbuot xizmati