Abadiyat adibiga bag‘ishlandi

Respublikamizning turli ta’lim muassasalarida, mehnat jamoalarida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning 80 yilligini nishonlash bo‘yicha ma’rifiy - ma’naviy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Vatani va xalqiga mehri ustuvor bo‘lgan adibning nomi yillargagina emas asrlarga, davrlarga muhrlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-4906-sonli Qarori ham shoirga bo‘lgan yuksak e’tiborning namunasidir. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi “Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish hamda adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 502-sonli Qaroriga muvofiq mazkur xiyobonda Abdulla Oripovga haykal o‘rnatildi.

Bu O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosi, uning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan adibga hurmat va ehtiromning nishonasidir. Bugun Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida tashkil etilayotgan O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan xotira tadbiri, ikkita kitob taqdimoti ham ana shu tuyg‘uning e’tirofidir. Tadbirda akademiklar Akmal Saidov, Qalandar Xodjaev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, iqtidorli shoir G‘ayrat Majidlar ishtirok etdilar.

Xotira tadbirini institut birinchi prorektori Bahodir Suyunovich Mirzaev o‘zlarining kirish so‘zlari bilan ochib berdilar. So‘ngra ishtirokchilar dastur bo‘yicha adib xotirasi bilan bog‘liq mulohazalarini o‘rtoqlashdilar. Institutimiz professori Hojiakbar Hamidovning shoirning ikkita she’ri asosida tayyorlagan qo‘shig‘i barchaga birdek ma’qul keldi. Magistrant, Prezident stipendiati sohibi, Institutimiz Ijodkor yoshlar klubining raisi Dilmurod Akbarov, TIQXMMI Interxaus akademik litseyi iqtidorli o‘quvchisi Farzona Safarovalarning chiqishlari keyingi galgi tadbirga qoldirildi. Ayni paytda shoir ijodidagi ijtimoiy - falsafiy qarashlar yuzasidan professor Qiyomiddin Nazarovning mulohazalari tadbirga yakun yasadi. Bunday yo‘sindagi tadbirlar yil bo‘yi davom etishi muqarrar. Navbatdagi shoir nomi bilan bog‘liq yoshlar bog‘ining ochilish tadbiri 25 mart kuniga belgilandi. Hammani kutib qolamiz.

Shu kuni soat 15.00da barcha prorektor Ro‘zimurot Choriyev boshchiligida "Adiblar xiyoboni"ga tashrif buyurib ulug‘ shoir Abdulla Oripov haykali poyida to‘planishdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikdagi xotira tadbirining ikkinchi qismi boshlandi. Yozuvchi, shoir, rassom, aktyor va dramaturglar va shoirning rafiqasi va farzandlari jamuljam bo‘lishdi. Institutimizning talaba qizlari shoir she’rlari yuzasidan she’rxonlikni boshlab yuborishdi. Keyin esa davraga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, jurnalist Ashurali Jo‘raev, adibning turmush o‘rtog‘i Hanifa opa Mustafoeva, O‘zbekiston Respublikasi IIB qorovul qo‘shinlari harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Shuhrat Saidov, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmonlar adib bilan bog‘liq taassurotlarini o‘rtoqlashdilar. Institut professori Hojiakbar Hamidovning shoir she’rlari bilan aytiladigan dilbar qo‘shiqlari yangradi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish va ilova qilish kerakki, bugungi kunda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tomonidan O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ijodini targ‘ib qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” asosida ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Bular quyidagilardir.

1. Adiblar xiyobonidagi O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov siymosi aks etgan haykal qoshida reja asosida professor-o‘qituvchilar talabalarning 30 dan ortiq tashriflari, guruhlar kesimida 100 dan ortiq tashriflar amalga oshirildi.

2. Adib ijodiga bag‘ishlangan 20 dan ortiq onlayn vebinarlar tashkil etildi. Jumladan, 2020 yilning iyun oyida institut tomonidan O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga bag‘ishlangan “ULUG‘ XALQ QUDRATI JO‘Sh URGAN ZAMONNI KUYLAGAN ShOIR” mavzusida respublika miqyosida onlayn — forum o‘tkazildi. Mazkur forumga 500 dan ziyod madaniyat va fan arboblari, shoirlar, olimlar, ilm-fan namoyondalari ishtirok etdi.

3. Shuningdek, institutda adibning oila a’zolari bilan yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Institutimiz professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlar adib xonadoniga tashriflarni amalga oshirib kelmoqdalar.

4. Institut tomonidan adib ijodidagi eng sara she’rlar jamlangan “O‘zbekiston Vatanim manim” nomli to‘plam 2000 nusxada chop etilib institut jamoasi hamda talabalarga tarqatildi.

5. Shoir ijodini yanada ommalashtirish va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish maqsadida http://abdullaoripov.tiiame.uz/ sayti hamda telegramm ijtimoiy tarmog‘ida https://t.me/tiiame_abdulla_oripov kanali tashkil etildi.

6. Adib ijodining tahlili va tadqiqiga qaratilgan "Tafakkur tomchilari" nomli 50 ga yaqin turkum ko‘rsatuvlar muntazam ravishda YOUTUBE kanali orqali namoyish qilib borilmoqda.

7. Ushbu oyda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini institutimizda keng nishonlash rejalashtirilgan. Yubiley doirasida kelayotgan haftada institutda Abdulla Oripov muzeyini ishga tushirish hamda institut hududida adib nomidagi Yoshlar bog‘ini ishga tushirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, adibga atab hujjatli film yaratish ishlari ham nihoyasiga yetdi. Yaqin kunlarda mazkur film ham e’tiborlaringizga havola etiladi.

8. Shuningdek, adabiyot va she’riyatga qiziquvchi talaba-yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bugungi kunda institutda Abdulla Oripov nomidagi stipendiya joriy etilib, ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati