Sohibqiron amir temur davlat muzeyiga tashrif

Davlatimiz mustaqilligining birinchi kunlaridanoq, asrlar davomida ajdodlarimiz yaratgan ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklashga katta ahamiyat berildi. O‘zbekiston xalqi o‘z tarixini tiklash, haqsiz unutilgan nomlarni, jahon rivojlanishida muhim rol o‘ynagan tarixiy shaxslarni yorug‘likka chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mohir sarkarda va siyosatchi, islohotchi, savdo-sotiq, hunarmandchilik ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temur ana shunday shaxslar qatorida turardi.
Shunga asosan Birinchi Prezidentimizning farmoni bilan 1996 yil Amir Temur yili deb e’lon qilindi va uning 660 yillik yubileyi respublikamizda keng nishonlandi. 1996 yilning 14 martida esa Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosini barpo etish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining qarori e’lon qilindi.
Muzey xalqimiz va xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirokida 1996 yilning 18 oktyabrida tantanali ravishda ochildi. 
Mustaqillik sharoitida O‘zbekistonda yangidan yangi muzeylar tashkil etilib, bugungi madaniy hayotimizning uzviy qismiga aylandi. Ularning ichida Temuriylar tarixi davlat muzeyining tashkil etilishini jahonshumul voqea deb baholash mumkin.
Shunday ekan, ziyorat bilish va anglash bobida katta ma’lumotlar manbaidir. Vatanimiz iftixori buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temurning hayoti va yurishlari, markazlashgan davlat uchun olib borgan sa’yi harakatlari bilan talaba yoshlarni yaqindan tanishtirish, bobomiz buyuk sarkarda siymosida yoshlar qalbida vatanga bo‘lgan muhabbatni yanada kuchaytirish maqsadida “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakultetining 205-guruh talabalari guruh murabbiysi A.Abdug‘aniyev rahbarligida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif uyushtirishdi. Talabalar olam-olam taassurotlarga ega bo‘lishdi.

 

“Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakulteti Ma’naviyat-ma’rifat ishlari bo‘yicha dekan muovini Sh.O.Berdiyev axboroti
Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov