Ustozlar e'zozi

2021 yilning 29 sentyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanrizatsiyalash muhandislari institutida 1-oktyabr “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan katta bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ko‘p yillar mazkur institutda faoliyat olib borib bugungi kunda nafaqadagi ustozlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir boshlanishidan oldin Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Hamidovich Toshqulov institutimizning faol professor o‘qituvchilarini bayram bilan qutlab ularga vazirlikning faxriy yorliqlarini topshirdi.

So‘ngra muhtasham zalda tantanali tadbir boshlandi. Tadbir oldidan institutimizning Birinchi prorektori Mirzayev Bahodir Suyunovich barchani kasbiy bayramimiz bilan muborakbod etdi. Keyin esa O'zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Rahimovich Hamroyev sahnaga taklif etilri. U iliq istaklarini bildirib professor o‘qituvchilarining ayrimlariga "Suv ta'limi a'lochisi" ko‘krak nishoni va faxriy yorliqlarni topshirdi.

Bugungi kunda institutimiz professor-o‘qituvchilar jamoasi orasida 3 nafar akademik, 60 nafardan ziyod professor hamda 200dan ortiq dotsent hamda fan nomzodlarining borligi biz uchun katta sharaf.

O‘tgan yillar mobaynida o‘zining halol mehnati, fan yo‘lidagi fidoiyligi, shogirdparvarligi bilan barchaga o‘rnak bo‘ladigan hamda yoshlar kamolotida chuqur iz qoldirgan 10 ga yaqin ustozlarimiz hukumatimizning yuksak unvonlariga loyiq ko‘rildi. Albatta, bu kabi insonlar barchamiz uchun o‘rnak namunasidir.

Institut madaniyat saroyi anvoyi gullar bilan ziynatlangani barchaga haqiqiy bayram shukuhini ko‘rsatdi. Institut rahbariyati o‘zining tabrik so‘zida institutimizda faoliyat yuritayotgan barcha ustozlarni chin dildan tabrikladi. Bayram arafasida o‘zining ishchan faoliyati bilan o‘rnak va ibrat bo‘lganlar professor-o‘qituvchilar rahbariyat tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

 

Bayram tadbirida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Botir Ergashev hamda Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri aktyorlaridan O'zbekiston xalq artisti Mehri Bekjonova hamda Respublikada xizmat ko‘rsatgan artist Mehmonali Salimovlar qaynoq monologlar bilan davraga fayz kiritdi. Institut professor-o‘qituvchilari va bir guruh iqtidorli talabalar tomonidan amalga oshirilgan sahnaviy chiqishlar bayram ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishladi.

Institut matbuot xizmati