Trening mashgʼulotlar aql va idrok charxi
22-yanvar kuni 3-TTJda talaba qizlar ishtirokida institut psixologi M. Muxamedova ”Mening hayotdagi shiorim” mavzuida trening mashgʼulotini oʼtkazdi. Treningda SXTEB, KXM, YeRB fakulteti qizlari va TTJ kutubxonachilari D. Sobirova, M. Nazarova, TTJ tarbiyachi pedagogi А. Hayitova, YeRB fakulteti dekani Sh. Narbaev, YeRB fakulteti Xotin-qizlar kengashi aʼzosi O. Roʼziqulovalar faol ishtirok etishdi. Trening har doimgidek “Tanishuv” mashgʼuloti bilan boshlandi. Bu gal tanishuv koptok yordamida amalga oshirildi. Har bir ishtirokchi oʼz ismi va xarakter xususiyatini aytib, tanishmoqchi boʼlgan trening ishtirokchisiga koptokni otadi. Bu trening bir – birlarini tanimagan ishtirokchilar oʼrtasidagi begonalik, tortinchoqlik hislarini yoʼqotib, iliq munosabatlar shakllanishiga yordam beradi. ”Mening hayotdagi shiorim” treningida ishtirokchilarga hayotda doimo olgʼa intilishga, kuch va gʼayrat topa olishga, kelajakka ishonchini kuchaytirishga har vaqt yordam bera oladigan hayotiy motivatsion (ilhomlantiruvchi) shior oʼylab topish va oʼsha shiorni ishirokchi doimo koʼrinib turadigan joyga yozib qoʼya oladigan va uni koʼrganda beixtiyor hayotga nisbatan motivatsiya(qiziqish va intilish) paydo boʼlishi kerakligi topshirigʼi berildi. Gohida talabalarda destruktiv printsiplar hayotiy shiorga aylanib qolishi kuzatiladi. Treningning vazifasi talabalardagi shunday destruktiv, shaxs shakllanishiga salbiy taʼsir qiluvchi omillarni aniqlab, uni bartaraf qilishdan iborat. Bu mashgʼulot orqali talabalarning dunyoqarashi va tafakkur tarzini ham oʼziga xos ravishda diagnostika va korrektsiya qilish imkoni yuzaga keladi.
“Quyosh” trening mashgʼuloti orqali ishtirokchilarda oʼzlariga boʼlgan ishonchni va oʼz qadr-qimmatlarini oshirish maqsad qilingan. Har bir ishtirokchiga quyoshli smaylikchalar tarqatildi. Ishtirokchilar quyosh nurlariga oʼz xarakterlaridagi ijobiy xususiyatlarini yozish koʼrsatmasi berildi.Treningda barcha ishtirokchilar faol qatnashishdi. Аyniqsa SXTEB fakulteti 2-kurs talabasi Аbdumalikova Muxlisa, SXTEB 1-kurs talabasi Utemuratova Аsem, SXTEB 1-kurs talabasi Murtozaeva Olima, YeRB 1-kurs talabasi Faxriddinova Tursunoy, KXM 1-kurs talabasi Kengeshova Sevara va KXM fakulteti 1-kurs talabasi Eshqulova Durdonalar oʼzlarining yorqin ishtiroklari bilan barchaga oʼrnak boʼlishdi. Trening soʼngida oʼtilgan mashgʼulotlar yuzasidan mini soʼrovnoma olindi. Soʼrovnoma natijasidan maʼlum boʼlishicha oʼtilgan trening mashgʼulotimiz barcha ishtirokchilarga manzur boʼlganligi aniqlandi va keyingi trening mashgʼulotiga talabalarning faolligini yanada oshirish maqsadida SXTEB fakulteti 2-kurs talabasi Аbdumalikova Muxlisa trenerlik qilishi taklifi bilan oʼz yakuniga yetdi.
TIQXMMI matbuot xizmati