Amaliyot bilan uzviy bog‘liq ko‘nikmalar-davomiydir!
Joriy yilning 20-21 iyun kunlari institutning “Irrigatsiya va Melioratsiya” kafedrasi professori Isaev Sabirjan Xusanboevich boshchiligida kafedra tayanch doktoranti G‘.G‘oziev, kafedra assistenti E.Malikov, TIQXMMI Buxoro filiali tayanch doktoranti S.Tadjiev, ustoz-shogird an’anasiga sodiq qolgan holda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida hamda Sirdaryo viloyatining Yangier va Xovos tumanlarida bo‘lib qaytdilar.
Tadqiqotning birinchi kunida, professor C.X Isaev va shogirdlar Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Bobur SIUsiga qarashli “Tursunali Aldavron”, “Izzatali” hamda “Iminjon Zulfiya Fayz” fermer xo‘jaliklarida bo‘ldilar. Fermer xo‘jaliklarida irrigatsiya eroziyasiga moyil bo‘lgan hududlarda aynan g‘o‘za hosildorligini o‘rganish maqsadida hududning nishabligi va kordinatalari aniqlab olindi. Shuning bilan g‘o‘zani 1 sug‘orishdan keyingi tuproq yuvilishi o‘rganildi. Professor tomonidan mazkur sharoitda g‘o‘zaning qaysi navi aynan mos kelishi va hosildorlikni oshirish uchun qanday meliorativ tadbirlar amalga oshirilishi haqida tushuncha berildi va shu kunning o‘zida Chinoz tumanidagi 2 ta dala maydoni ko‘zdan kechirildi, tahlil qilindi. Tuproqning unumdor faol qatlamining yuvilishi tahlil qilindi va hududning joylashgan o‘rni va kordinatalari aniqlandi. Xuddi shu faollik tadqiqodchilarni Sirdaryo viloyatining Yangier va Xovos tumanlaridagi hozirgi meliorativ holatni o‘rganishga ham undadi. Paxtakor SIUsida olib borilayotgan yozgi sho‘r yuvish jarayoni bilan tanishildi. Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutining Guliston tumanidagi filialiga tashrif buyurilib, ITIning ilmiy-texnik bazasi bilan tanishildi.
Olimning Toshkent davlat agrar insititutining tadqiqodchi-shogirdi A.Gofirov Sirdaryo viloyati Guliston tumani X.Olimjon SIUsi hududidagi “Nurli Zamin tuxfasi” fermer xo‘jaligida olib borayotgan kuzgi bug‘doyning Andijon-4 navini ishlab chiqarishga tadbiq qilish to‘g‘risidagi ilmiy ishlari bilan tanishilib, hosildorlik tahlil qilindi. Shu kabi izlanishlar kafedra o‘qituvchilari va unda tahsil olayotgan tayanch doktorantlar tomonidan doimiy tarzda olib borilmoqda, bu esa professor-o‘qituvchilarning nafaqat nazariy, shu bilan birga amaliy ko‘nikmalarining ortishiga xizmat qilib kelmoqda.
ITI va IPKT bo‘limi boshlig‘i Sh.Imomov hamda Irrigatsiya va Melioratsiya kafedrasi mudiri I. Begmatov ahboroti
TIQXMMI matbuot xizmati