Strategning strategik siyosati

Bugun TIQXMMIda davlatimiz rahbarining "Yangi O'zbekiston strategiyasi" deb nomlangan kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi. Unda bir guruh nufuzli mehmonlar va O'zbekiston liberal demokratik partiyaning mutasaddi, mas'ul rahbarlari ishtirok etishdi. Tadbirni institutning birinchi prorektori Bahodir Suyunovich Mirzayev olib bordi. Tadbir mohiyati haqida so‘z yuritib mehmonlarni tanishtirib o‘tdilar. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, qo‘mita raisi Zoxidov Erkin Agzamovich, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shoumarov Dilshod Shavkatovich, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi, Toshkent shahar kengashi raisi Fozilov Ravshan Abdulxayevich hamda professor Omonov Baxtiyor Agzamovichlar kitobning dolzarbligi yaratilish jarayoni va g'oyaviy mundarijasi haqida o'z mulohazalarini o'rtoqlasdhilar.

Jumladan, siyosiy fanlar doktori professor Baxtiyor Omonov asosiy ma'ruzachi sifatida kitobning bugungi kundagi muhim masalalarga javob bo'lishi nuqtai nazardan fikr va faktlarni keltirdilar. Kamina ham ma'ruzachilardan biri sifatida shuni aytishi mumkinki, kitob bilan tanishib chiqish asnosida uni bugungi kunda hayotga yo'llanma, taraqqiyotga qo'llanma desak, mubolag'a bo'lmaydi. Chunki kitob bugungi kun va istiqboldagi rejali maqsadlarga yechim bo'ladigan darajadagi yo'l - yo'riq va maslahatlari bilan muzayyan etilgan. Unda yangi O'zbekiston orzusi va fenomeni, uning yangilanish va taraqqiyot omillari haqida olimona sinchkovlik va donishmmandona teranlik bilan mulohazalar bildirilgan. Kitobning ikkinchi bo'limi "Xalqparvar davlat" deb nomlangan bo'lib unda "Davlat inson uchun" tamoyili - demokratik islohotlar mezoni ekanligini, davlat organlari xalqqa xizmat qilishning samarali vositasi, hududiy masalalarni hal qilish mas'uliyati, qonun ijodkorligi va huquqni qo'llash amaliyoti, mustaqil va odil sud tuzimi, erkin va ochiq fuqarolik jamiyati, ijtimoiy mas'uliyatli ommaviy axborot vositalari xususida mufassal ma'lumotlar keltirilgan. Shuningdek, purma'no fikrlarni kitobning navbatdagi bo'limlari jumladan, "Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish", "Adolatli ijtimoiy siyosat", "Ma'naviy taraqqiyot", "Xavfsizlik va tashqi siyosat", "O'zbekiston va umumbashariy muammolar" deb nomlangan bo'limlarda ham xuddi shunday teran mulohazalar ifoda etilgan. Siz ayni paytda kitobdan yaqin va o'rta istiqbolda yangi O'zbekiston qanday bo'lishi kerak ushbu strategiyaning bugungi zamon talablariga javob beradigan ijtimoiy shakl-shamoyili qanday bo'lishi lozim, unda shakl va mazmun birligi imkoniyat va voqelik uyg'unligiga doir muhim nazariyalar qay tarzda o'z ifodasini topishi zarur, keyingi o'n yilliklardagi faoliyatimizni belgilaydigan taraqqiyot tamoyillari va vazifalarning qaysi birlari eng ustuvor va dolzarb bo'lib hisoblanadi kabi savollarga aniq va to'la javob olasiz. Shuningdek, Uchinchi renessans poydevorini yaratish g'oyasi qanday maqsad va muddaolarni ifodalashi borasida ham aniq javoblarni olishingiz hech nima emas.  Qadimgi yunon faylasufi Suqrotning fikri kitobda keltirilgan: "O'zgalarni o'zgartirmoqchi bo'lgan inson avvalo, o'zini o'zgartirishi lozim. Buning uchun esa aniq maqsad, tonmas iroda va doimiy izlanish kerak".

Shunday ekan, oilada ham, jamiyatda ham, davlatda ham maqsadlar bo'ladi, oilada orzu-umid deb yurtiladi. Deylik, mana farzandlarni o'stiramiz, uyli-joyli qilamiz, ta'lim-tarbiya berib balog'atga yetkazamiz. Bular insonning orzu-umidlari. Bu haqiqatni jamiyat, mamlakat miqyosida oladigan bo'lsak, bu shunchaki orzu-umid emas, balki u milliy g'oya, mafkura yoki strategiya sifatida namoyon bo'ladi. Buning ham o'ziga xos jihatlari borligini kitobni o'qish orqali anglab olish qiyin emas. Chunki kitobda aynan Yangi O'zbekistonning yangilanayotgan O'zbekistonning va ayni paytda uyg'onish, ya'ni Uchinchi renessansning mazmun-mohiyati bilan uning tamal toshini qo'yadigan kelajagimizning bunyodkori bo'lgan yosh avlod bilan bog'liq bo'lgan mulohazalar bildirilganki, bularning hammasi biz uchun dastur ul-amal bo'lib xizmat qilishi lozim.  Yangi O'zbekiston yangicha dunyoqarash, yangicha yashash, yangicha kurash bilan jur'at va jasoratni talab etadi. Kitob bilan tanishish borasida yana shunday mulohazalar paydo bo'ladiki, birinchi va ikkinchi Renessansni butun dunyoga mashhur qilgan, fan, madaniyat, san'at sohasidagi ilk ilmlarni dunyoga yoygan ajdodlarimiz shunga qodir bo‘lgan ekan, nima uchun biz shunga qobil emasmiz degan xitob yangraydi. Kitobda ana shu ruh, g'oaviy mazmun qizil ip bo'lib o'tishini  his etmaslik mumkin emas. Birinchi va ikkinchi renessansni to'la ma'noda amalga oshirgan xalqning keyingi avlodlari ham Uchinchi Renessansni tamal toshini qo'ya oladi degan fikr, da'vat va qat'iy ishonch o'z ifodasini topgan.

Kitobda davlatimiz rahbarining oldingi chiqishlarida, deylik, BMT ning Bosh assambleyasining 72-75-chi sessiyalarida qilgan nutqlaridagi purma'no o‘gitlari, ayni paytda butun jahonga tinchlik borasidagi da'vatlari, o'zaro hamkorlik borasidagi mulohazalari ham aks etgan. Oldingi murojaatnomalarda bildirgan ayrim fikr- mulohazlari ham o'z ifodasini topgan. Jumladan, Imom Buxoriy to‘plagan hadislardagi "Barcha amallar niyatga qarab bo'ladi" degan fikrlarining keltirilishi, Alisher Navoiy, Abdurauf Fitratning mulohazalarining keltirilishi ham asarga kuch va ruh baxsh etgan. Demak, jamiyat islohotlar tashabbuskori degan yondashuv bor, chunki haq roziligini xalq roziligidan topishni niyat qilib o'z faoliyatini boshlagan davlatimiz rahbarini ushbu asarida xuddi shu ruh, jur'at, ma'naviy jasorat shundoqqina sezilib turibdi. Jumladan, kitobda xuddi shunday fikrlarni o'qiymiz "Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a'zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo, ilm-ma'rifat, yuksak ma'daniyat kerak. Ilm yo'q joyda, qoloqlik jaholat va albatta to'g'ri yo'ldan adashish bo'ladi"- degan fikr keltiriladi. Buyuk mutafakkirlarimiz o‘gitlari orqali tasdiqlanadi. "Eng katta boylik bu - aql-zakovat va ilm, eng katta meros bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik bu bilimsizlikdir". Demak, har bir jabhada biz ilm orqali voqelikka nazar tashlasak, muammolarning yechimini topishimiz oson bo'lishi haqidagi fikrlar bor. Ezgu shiorimiz: "Yangi O'zbekistonda erkin va farovon yashaylik". Buning uchun jipslik, ahillik nihoyatda zarur ekanligini bilmaslik mumkin emas. Xuddi shuningdek, yangi O'zbekiston kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, madadga muhtoj insonlar va oilalarga chinakam ko'mak va yordam berish, mehr-oqibat ko'rsatish hayotimiz qoidasiga aylanib borayotgan ijtimoiy makondir. Va ayni paytda shuni ham e'tirof etib o'tadilarki, yangi O'zbekiston o'zgarib kuch- qudratga to'lib borayotgan, dunyo ahli e'tirof etayotgan yangilangan jamiyat, dunyoga yuz tutayotgan erkin bir o'lkadir degan xulosani beradilar. Endilikda, "Yangi O'zbekiston strategiyasi" kitobini ta'limning barcha tizimlarida ommalashtirish va targ‘ib-tashviq qilish davr taqozosidir.

                                

 

 TIQXMMI matbuot xizmati