Konvensiya loyihasining targ‘iboti
“Yer resurslarini boshqarish” fakulteti ma’ruzalar zalida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar o‘rtasida BMTning “Yoshlar huquqlari to‘g‘risida” gi konvensiya loyihasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatini fakultet dekani Sh.Narbayev kirish so‘zi bilan ochib berdi va ushbu davra-suhbatiga taklif etilgan mehmon, Toshkent davlat yuridik universiteti professori - O. Muhammedjonovga so‘z berdi. O. Muhammedjonov o‘z ma’ruzasida yurtboshimizning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etib, bugungi globallashuv jarayonida yoshlarga oid davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan muhim xalqaro huquqiy hujjat — “Yoshlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya ishlab chiqishni taklif qilganligini va mazkur tashabbus zamirida dunyo yoshlarining farovon hayotga mustaqil qadam qo‘yishga bo‘lgan istagini ko‘rish mumkinligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, “Yoshlar huquqlari to‘g‘risi”da xalqaro konvensiya ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgani bu boradagi yanada bir muhim qadam bo‘ldi. Ma’lumki, BMTda 1989 yilda bola huquqlari bo‘yicha konvensiya qabul qilingan edi. Biroq yoshlar huquqlari to‘g‘risida o‘ylab ko‘rilgani ham yo‘q edi. Aytish joizki, bugun dunyoda bo‘layotgan turli jinoyatlar, terrorizm, buzg‘unchilik harakatlari asosan 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotgani sir emas. Bunday buzg‘unchiliklar ba’zi manfur kuchlar tomonidan boshqarilayotgani, yoshlarning ular domiga bilib-bilmay, o‘z haq-huquqlarini tushunmay ilinib qolayotganini davlatimiz rahbari atroflicha asoslab, tahlil qilib berarkan, yoshlar kelajagini himoya qilish borasida qator takliflarini ilgari surganini aytib, hozirgi paytda dunyo aholisining ikki milliardini yoshlar tashkil etishi, demak, jahon yoshlarining haq-huquqlari bugun himoya qilinmas ekan, ertaga dunyoning kelajagi xavf ostida qolishini ta’kidladi.
Ma’ruzachi so‘zi so‘ngida talabalarga murojaat qilib, “Yoshlar huquqlari to‘g‘risida” gi konvensiya loyihasi haqida fikr-mulohazalari va takliflarini so‘radi. Ushbu loyiha mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan g‘amxo‘rlikning o‘ziga xos ifodasi ekanligini va bugungi kunda yaratilayotgan keng imkoniyatlar har bir yoshni o‘z ustida tinimsiz izlanishga, yurt ravnaqi uchun xizmat qilishga undashini aytdi.
Tadbir so‘ngida talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi. Fakultetning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova tadbirni yakunlar ekan, tadbirda ishtirok etgan mutaxassislarga fakultet ma’muriyati va talabalari nomidan minnatdorchilik bildirib, bu kabi davra suhbatlarini tez-tez o‘tkazish foydadan xoli bo‘lmasligini ta’kidladi.
YeRB fakultetini Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova axboroti
Institut matbuot markazi Rahimboy Jumaniyozov