Jonli jarayon va yangicha imkoniyatlar
Ta’lim jarayoni o‘ziga xos sur’at va jadallik bilan taraqqiy etadi. Bu esa yangi texnologiyalarni joriy etish va davr bilan hamqadamlikni taqozo etadi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Yangi O‘zbekiston shukuhiga monand yangi jonli jarayon boshlangani sir emas. Bugun ilk bor ishga tushirilgan ko‘rgazmali zal va laboratoriyaning ochilishi yuqoridagi fikrning dalolatidir. Hukumatimiz qarorlarida yuqori malakali kadrlarni, shuningdek, innovatsion tadqiqotlarni olib borish va jamoada ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lgan yosh olimlarni tayyorlash dolzarb vazifa sifatida yuzaga chiqmoqda.
Institutimizda dastavval, ishonchli hamkorlarimizdan biri “Huawei Tech Investment Tashkent” kompaniyasi homiyligida tashkil etilgan “Aqlli qishloq va suv xo‘jaligi” shou-rumi (ko‘rgazmali zali) tantanali ochildi. Tadbirni institutning Birinchi prorektori Mirzaev Bahodir Suyunovich olib bordi. Unda Huawei Tech Investment Tashkent direktori Lyu szyasin, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri matbuot kotibi Shuhrat Suyunovlar ishtirok etib o‘z mulohazalarini bildirishdi. Bu zamonaviy shou-rumga Xitoyning eng ilg‘or fermer xo‘jaliklarida faol foydalanib kelinayotgan va O‘zbekiston sharoitiga joriy qilinayotgan Aqlli qishloq va suv xo‘jaligini raqamlashtirish texnologiyasi o‘rnatilgan.
Bundan maqsad talabalar va yosh olimlarni tayyorlash jarayonida, shou-rum va ilmiy-o‘quv poligoni o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarish hamda real vaqtdagi dispetcherlik punkti faoliyatini amalga oshirishdir. Shou-rum yangi ilmiy ishlanmalarni yaratish orqali loyihalarning natijadorligi, aniqliligi va ishonchliligini ta’minlash, sohani raqamlashtirish bilan bog‘liq ilmiy faoliyatni yoshlar o‘rtasida ommalashtirish hamda ularda tahliliy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ikkinchi va uchinchi tadbir «PETRO TEST AVTO» MChJ bilan hamkorlikda «Yonilg‘i moylash materiallari laboratoriyasi» ning hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Agrosanoat ustidan nazorat qilish davlat inspeksiyasi” bilan hamkorlikda maxsus auditoriyasining rasmiy ochilishi bilan davom etdi. O‘zbekiston Respublikasi VM huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Xotamjon Ketmonov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Voitov Aziz Botirovich, Agroinspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari Ashraf G‘afforovlar so‘zga chiqib o‘z mulohazalarini o‘rtoqlashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 iyuldagi “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4410-sonli qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib “O‘zKlassAgro” kompaniyasida filial tashkil etilib maxsus o‘quv auditoriyasi tashkil etilgan. Talabalar 5+1 dasturi asosida haftaning bir kuni mashg‘ulotlarini shu yerda o‘tamoqda. Shuningdek, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida foydalanib kelinayotgan chet mamlakatlarning zamonaviy “Case”, “John Deere”, “Rostselmash” qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan ham hamkorlik o‘rnatilgan. O‘quv jarayonining sifatiga e’tibor kuchaytirilib, shu korxonalarning institutimizda maxsus auditoriyalari tashkil etildi.
Tadbirda oliy ta’lim soxasiga joriy etilayotgan ilg‘or texnologiyalar va texnikalar hamda ularning samaradorligi keng muhokama etilib, istiqboldagi dolzarb vazifalar va hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olinadi.Institut hayotidagi ushbu uchta tadbir ham ta’lim muassasamizdagi yangi to‘lqin va jonli jarayonning o‘ziga xosligini namoyon etdi deyish mumkin.
TIQXMMI matbuot xizmati