Yangi zamonaviy o‘quv binosi ishga tushdi

Ulug‘ bayram arafasida va yangi o‘quv yili oldidan yangi zamonaviy o‘quv binosining ochilishi chinakam ma’noda yangilik va yaxshilikning sharofati deyish mumkin. Ta’lim uchun yaratiladigan sharoit porloq istiqbolning samarasidir. Zamonaviy bilimlarni egallash, bu el-yurt xizmatida kamarbasta bo‘lish demakdir. Yurtboshimizning birdan bir ishonchi va umidi ham shu. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 2019 yil 30 avgust kuni 600 o‘rinli Yangi zamonaviy o‘quv binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi 3702-sonli “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida hamda mustaqilligimizning 28 yillik bayrami munosabati bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida zamonaviy qurilgan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.

Tadbirni institut rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevich ochib berdi. Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi “Davergeodezkadastr” qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti, “Geoinformkadastr” DUKkabi qator tashkilotlardan mehmonlar tashrif buyurdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sharipov Kongratbay Avazembetovich so‘zga chiqib ushbu o‘quv binosi kelajakda suv va qishloq xo‘jaligi tizimida ko‘plab malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim ro'l o‘ynashini e’tirof etdi.

Yangi, zamonaviy o‘quv binosining qurilishida o‘zlarining samarali va fidokorona mehnatlarini ayamagan, bor bilim va tajribalari bilan ushbu binoni qurgan “Quruvchi Muhandis plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Loyihachi Uzagrosanoatloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasiga institut rektori minnatdorchilik bildirib, tashakkurnoma va jamoaning sovg‘alarini taqdim etdi. Yangi, zamonaviy 600 o‘rinli o‘quv binosi 2 ta ma’ruzalari zali, interaktiv texnika va texnologiyalar, maxsus GIS dasturlari bilan jihozlangan, 3 ta kompyuter sinfi, axborot texnologiyalari va internet tarmog‘idan iborat o‘quv auditoriyalari, shuningdek, geodeziya va geoinformatika laboratoriyasi o‘quv bino ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgani aniq.

"Yer resurslarini boshqarish" fakulteti dekan muovini H.Eshova axboroti

Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov