Omonulla muallimni xotirlab
Odatda, taʼlim va tarbiya haqida soʻz ketsa, bevosita uning sifati va samarasi haqida bahs boshlanadi. Bu tabiiy hol. Chunki taʼlimning mohiyati barkamol avlodni, ertangi kunning hal qiluvchi kuchi boʻlgan yoshlarni vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz manfaati yoʻlida kengqamrovli bilim va intellektual salohiyatga ega boʻlishini taʼminlashdir. Tarbiyalangan inson tarbiyalaydi, taʼlim olgangina taʼlim bera oladi. Bu ham ayni haqiqat. Oʻquvchi, talabalar bilimga qiziqmaydi, ular yalqov boʻlib ketgan, aksariyati fanlarni oʻzlashtira olmaydi, loqayd degan savollar bilan oʻzimizni aldaymiz, xolos. Gap ilm oluvchi talabadami, yo bilim beruvchi muallimdami. Xoʻsh, ayb kimda?
Pedagog soʻzining lugʻaviy maʼnosi bola yetaklovchi demakdir. Oʻziga va soʻziga qiziqtiradigan, ishontira oladigan insongina ergashtira oladi. Chinakam muallim faniga, vataniga, shogirdlariga mehr oqibatli boʻladi. Shular haqida oʻylasak, 60 yilga yaqin muddat mobaynida oʻz umrini ona tili va adabiyoti fani taʼlimiga bagʻishlagan ustoz, filologiya fanlari nomzodi Omonulla Madayev koʻz oldimizga kelaveradi. Alloh bizga uni koʻp koʻrdi. Toʻgʻri soʻz, fidoyi, jonkuyar ustoz 76 yoshida dunyodan koʻz yumdilar. Bu adabiyot ahli uchun chinakam yoʻqotish boʻldi. Alloh oʻz rahmatiga olgan boʻlsin ustozni. Ular bilan bogʻliq bir voqeani eslab oʻtmasak boʻlmas.
Rektorimiz Umurzakov Oʻktam Pardayevich tashabbusi bilan har juma kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash institutida oʻtkaziladigan “Ibratli, iqtidorli, ijodkor insonlar” ruknidagi tadbir mehmoni sifatida ustoz Omonulla Madayevning ishtiroki talaba, magistrant va professor-oʻqituvchilarning yodida bir umrga muhrlanib qolgani aniq. Maʼnaviy tadbirda qatnashganlar olgan taassurotlarini to hanuz bir-biriga aytib yurishadi. Ona til millatning boyligi va borligi ekanini, uni sevish kitob mutolaasi bilan bogʻliq ekanligini qayta-qayta eʼtirof etgandilar ustoz. Oʻqishdan maqsad uqish, mutolaadan maqsad mushohada ekanligini uqtira turib, har bir soʻzning oʻz maʼnosi, vazni, hidi borligini, uni didi bor insonlargina toʻgʻri qoʻllashi mumkinligi borasida kuyunib soʻzlagandilar oʻshanda. “Oliygoh” soʻzi sunʼiy yasalganini, hech qanday maʼnosi yoʻqligini, “anjuman”, “bejizga”, “lutfan taklif” kabi soʻz va iboralarning maʼno doirasini bilmasdan qoʻllash kabilar til sofligi, toʻgʻriligi hamda aniqligiga zid ekanini misollar bilan dalilladilar. Tadbir nihoyasiga yetgach ustoz muallim institutning esdalik sovgʻalarini qabul qilib olarkanlar, ushbu mulohazalarni ham qoʻshib qoʻydilar. “Suvning qadrini har bir mirob qay darajada bilsa, tilning qadrini ham vatanparvar inson shu darajada eʼzozlaydi. Suv - hosilning, tiriklikning manbai boʻlgani kabi til va nutq ham millatning jon tomiri va qon tomiridir. Hali biz koʻp uchrashamiz.” Afsuski, qayta uchrashish nasib etmadi.
Institutning jamoasi ham, ustoz Omonulla muallim ham ijodiy muloqotdan gʻoyatda mamnun va rozi boʻlishdi. Tadbirdan keyin institut rektori kaminani huzuriga chorladilar:
- Ustozingiz 2 soat mobaynida talabalarning qimir ettirmasdan diqqatini ushlab turishiga, pashsha uchsa eshitiladigan darajada jimjitlikni saqlay olishiga sabab nima deb oʻylaysiz?
Javob aytishga ogʻiz juftlamasimdanoq oʻzlari javob qaytardilar.
- Koʻrdingizmi, katta bilim zahirasi, aktyorlik mahorati, muhimi, ona tili, davlat tili uchun jonbozligi bilan salkam ming kishilik madaniyat saroyimizdagi qatnashchilarning eʼtiborini torta oldi. Pedagoglik masʼuliyati va matonati ham, aslida, shunda. Xuddi shunday fidoyi oʻqituvchilar koʻp boʻlganda edi, fan-taʼlim yanada rivoj topgan boʻlardi. Nutqimizda qoʻllaydigan koʻpgina soʻzlarning asl maʼnolarini bilmas ekanmiz, qarang. Sizga maslahatim ularning ishini davom ettiring. Men maʼqul ishorasini qilib, bosh irgʻab tasdiqladim.
Darhaqiqat, barcha harakatlarimizning, niyat va amallarimizning ibtidosi, hatto, innovatsion va investitsion faoliyatning alifbosi - nutqiy koʻnikma va malaka, aniqrogʻi, kommunikativ kompetensiyaga borib bogʻlanadi. Oʻqituvchining auditoriya diqqatini tortmasdan aytgan soʻzi koʻzni yumib turib koʻkka oʻq uzayotgan ovchining holatini eslatadi. Ovchining maqsadi oʻqdonni boʻshatish emas, balki oʻljani moʻljalga, nishonga olishdir. Buning uchun aytilgan soʻz nishonga otilgan oʻqdek boʻlishi zarur. Bu esa soʻzlarning maʼnolarini bilish asnosida toʻgʻri qoʻllashni taqozo qiladi. Umrining oxirlarida qaysi maʼrifiy tadbirga borsalar, albatta, qoʻllarida atoqli, maʼrifatparvar shoir Erkin Vohidovning “Soʻz latofati” nomli kitobi boʻlar, undan eʼtiborga molik jihatlarni oʻqib, izohlardilar. Har bir millatparvar bu kitobni oʻqishi zarurligini taʼkidlardilar.
Sirtdan qaraganda, choʻrtkesardek boʻlib koʻrinsa ham ular haqiqat va adolatni barcha narsadan ustun qoʻyardilar. Betga aytishning zahri yoʻq qabilida ish tutib kishi yuziga dangal aytishni xush koʻrardilar. Kimgadir yaxshi, yo yomon koʻrinish uchun emas, balki haq roziligi uchun shunday qilardilar. Ushbu aqidaga ular muqaddas Kaʼba ziyoratiga borib hoji boʻlib qaytishdan oldin ham, keyin ham toʻla amal qildilar.
Shu oʻrinda universitetda folklordan saboq berib yurgan paytlarida aytib turadigan rivoyatlari yodga keladi. Emishki, Aflotun zamonida uning shogirdlaridan biri choʻrtkesar, haq gapni yuz-xotir qilmasdan dangal aytadigan tabiatli ekan. Barcha unga “sening donishmand boʻlib yetishishingda ustozingning qoʻli, bergan taʼlimini inkor etasanmi? Nega unday emas, bunday qabilida ish tutasan, ranjishi mumkinligini oʻylamasdan gap aytasan. Bu ustozga behurmatlik, shakkoklik emasmi?”,- deyishsa ham yana oʻz soʻzida qatʼiy turar, miyigʻida kulimsirab qoʻyaverarkan. Axiyri, bir kun shogird shunday debdi: Toʻgʻri, ustozim meni ulugʻ darajaga yetishimga zamin hozirladi. Uning taʼlimi bois yuksak martabaga erishdim. Buni inkor qilish - nonkoʻrlik. Ustozim ulugʻ, lekin ne qilayki, haqiqat undan ham ulugʻ! Shu tobda beixtiyor rus klassiklaridan F.M. Dostoyevskiyning “Rossiya ulugʻ, haqiqat undan ham ulugʻ”, - degan fikri yodga keladi.
Yarim asrlik umri mobaynida tizimdagi ayrim adolatsizliklarni koʻrganda tishini tishiga qoʻyib sukut qildi. Boshqacha boʻlishi ham mumkin emas edi. Gapirish befoyda boʻlgan davrda uning tarafini oluvchilar koʻp emasligini ham yaxshi bilardi. Umrining oxirgi oʻn yilligida ulugʻ bir haqiqatni idrok etdi. Taʼlim tizimidagi ayrim oʻyinlarni koʻra bila turib indamaslik, haqiqatni aytmaslik kelajakka xiyonat ekanligini anglab yetdi. Men aytmasam, u aytmasa jamiyat tobora boshi berk koʻchaga kirib boraveradi deya ustoz yosh bolalardek ichikkaniga, koʻzlarida kuyunch yoshlari qalqiganiga guvoh boʻlganman. Test sinovlari kuni taʼlim muassasalarining aksariyatidagi “bunker” usuli, bilimsiz, lekin otasining dunyosiga kekkaygan doʻngboʻyin abituriyentlarning kirib ketishiga sabab boʻlganini achchiq haqiqat boʻlsa-da, televideniye orqali aytganida hamma mum tishlab qolgani ham rost. Shoir haqli eʼtirof etganidek, “yaxshidir achchiq haqiqat, lek shirin yolgʻon yomon”, yoxud kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi qabilida ish tuta boshladi.
Ustoz qalbi qaynoq, shogirdlarining hech biriga befarq boʻlmagan edilar. “Qalb harorati bilan sugʻorilmagan ehtirossiz nutq hech nima, notiq esa hech kimdir” - degan buyuk Rim notigʻi Mark Tulliy Sitseronnning fikri ustoz faoliyatiga asos boʻla oladi. Mavzuni ochish, talaba ongiga singdirish bilan bogʻliq jarayonda ularning oldiga tushadiganlar kam topiladi. Dilida olovi, qoʻlida qalovi bor boʻlgan yalovbardor muallim edilar, rahmatlik.
Ilmnikim vositai joh etar,
Oʻzini-yu xalqini gumroh etar.
Buyuk Navoiyning ushbu hikmati mazmuni shunday: Ilmni mansab yoki unvon manbai, vositasi deb anglagan kimsa oʻzini ham, xalqini ham yoʻldan adashtirgan boʻladi. Omonulla aka ilmni haq yoʻli deb tushundi. Uni moddiy manfaatdorlik manbai, boylik orttirish uchun vosita deb bilganlarga achinish nazari bilan qaradi.
Bor haqiqatni ayta bilmaslik, jim turish, indamaslik niqobga aylansa, jamiyat ham, inson ham oʻzgarmaydi. Aybi borning hadigi boʻladi. Mansabdan ayrilib qolish yoxud birovga yomon koʻrinib nima qilaman, qora qozon qaynab turibdiku deb oʻzni ovutish jamiyatimizning ertasiga loqaydlikdan boshqa narsa emas. Nahotki, oqni oq, qorani qora deyish qiyin boʻlsa. Xuddi shunday holatlardan zada boʻlgan faylasuf shoir Pahlavon Mahmud piching va kesatiq bilan ushbu ruboiyni bitgan boʻlsa ajab emas.
Filday kuching boʻlsa ham moʻr boʻlib koʻrin,
Moling oshib toshsa ham ur boʻlib koʻrin.
Hammaning aybini bilganing holda,
Hech narsa koʻrmaganday koʻr boʻlib koʻrin.
Muhtaram Prezidentimizning xalq, davlat oldida ulkan va dolzarb vazifalar turganda, chetda tomoshabin boʻlib turish yoki oʻzini kasallikka solish vatanga xiyonatdir mazmunida soʻzlab hammani uygʻonishga chorlashlari bejiz emas. Shunga monand holda aytish mumkinki, kimning qoʻlidan nima ish kelishini, qobiliyatini bila turib oʻzni koʻrib koʻrmaslikka olish, undan el-yurt manfaati yoʻlida foydalantirmaslik esa ikki karra xiyonatdir. Shaxsiy manfaatdorlik, tanish - bilishchilik yoʻlini tutib qoʻlidan kelmaydiganlarni tavsiya etish, taraqqiyot karvonini orqaga tortishdir. Omonulla aka bularning zamirida nimalar yotishini yaxshi bilardi. Ularning achchiq gaplarini eshitish ayrimlarga toʻgʻri kelmasligini ham tushunardi. Shunda ham yuz xotir qilmasdan haq gapni aytdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda ham koʻplab chiqishlar boʻldi.
“Domla Omonulla Madayevday har doim ham toʻgʻri soʻz boʻla olmadik, har doim ham oqni oq, qorani bu qora, deb ayta olmadik. Haqsizlikka, adolatsizlikka, koʻzboʻyamachilikka, mahalliychilikka indamay qarab turaverdik”, - deb yozadi kuyunchaklik bilan yetuk folklorshunos olim Jabbor Eshonqulov. “Ilmni, qoʻshtirnoq ichidagi “olim”likni yuziga niqob qilib olganlar kabi buqalamun boʻlishni oʻrgandik, ilmni oʻzimizning nafsimiz uchun bir vositaga aylantirdik,” - deb davom etadi u. Domla esa, hech qachon ilmni vositaga aylantirmagandi, ilmni pulga sotmagan, ilmni pul bilan baholamagan, ilmga nafsni aralashtirmagandi. Narsalarni oʻz nomi bilan atashni yaxshi koʻrardi. Yaqindagina Omonulla Madayev toʻgʻri soʻzligi, kengash yigʻilishlaridagi keskin gaplari uchun folklorshunoslik ilmiy kengashidan chetga chiqarilgandi. Bir akamiz oʻzicha bunga izoh ham bergandek boʻldi, ilmiy kengashda “doktor nauk”lar boʻlishi kerak emish. Biroq hech kim unga “doktor nauk”, “professor” boʻlib folklorning “f” harfini tushunmay yurganlardan koʻra, “doktor nauk”, “professor”dan ziyod bilimga ega boʻlgan, butun umrini shu ilmga sarflagan, har holda folklorshunoslikni boshqa fanlardan farqlay oladigan olimku, deb eʼtiroz bildirmadi. Hamma jim, hamma sukutda. Hamma yana bu voqeaning tomoshabiniga aylangandi. Faqat savol tugʻiladi. Qachongacha tomoshabin boʻlib yuraveramiz? Sergak tortishimiz uchun, oqni oq, qorani qora, har doim ham haq soʻzni ayta olishimiz uchun yana nechta Omonulla muallimga oʻxshaganlarni boy berishimiz kerak?" Mana, iqtidorli adabiyotshunosning haqli eʼtirofi.
Oʻzbekiston qahramoni Abdulla Oripov oʻz toʻrtliklaridan birida shunday yozgandi.
Shoirdan soʻrashdi siz baxtli inson,
Xalqingiz ardoqlar hamma taniydi.
Shoir javob berdi, menda bir armon -
Muallim deyishsa meni qaniydi.
Talabalik paytlarimizni eslayman. Omonulla aka auditoriyaga kirib kelganlarida motivatsiya qilib bizni mavzuga olib kirardi. Uning har bir darsi adabiy ssenariyga oʻxshardi. Xalq dostonlari tahliliga bagʻishlangan darslarda biz ustoz ijrosida goʻyo bir aktyor teatrini tomosha qilgandek boʻlardik. Ovozni har xil usulda jilolantira olishiga, ovoz tembriga mahliyo boʻlardik. Mavzuni ongu shuurimizga joylashning oʻziga xos usullarini obdon egallagan edilar ustoz. Kommunikativ kompetensiyani obdon oʻzlashtirgan va uni amalda toʻla qoʻllay oladigan ustoz sifatida eʼtiborga molik edilar. Xususan, lingvistik va nutqiy kompetensiya qaysi fandan dars bermasin, barcha oʻqituvchilar bilishi va amalda qoʻllay olishi zarur. Bu taʼlimning sifati, samarasi va natijadorligiga bogʻliq hodisa. Shunday oʻqituvchilar borki, ular dars oʻtganlarida bir soat xuddi bir kundek choʻzilib ketayotgandek taassurot uygʻotsa, shunday oʻqituvchilar borki, ularning maʼruzasini qancha tinglasang ham yoxud vaqtni qanday oʻtganini ham bilmay qolasan. Omonulla ustoz pedagog emas, balki darsda muolajaga kirishayotgan tabib edilar goʻyo. Oʻz fanini sevgan, kasbiga mehr qoʻygan shaydoyi va fidoyi oʻqituvchilarga mos bu fazilat. Pedagogning bilim va koʻnikmasi, malaka va kompetensiyasi kelajak avlod - yoshlarimizning ongi va tafakkuriga, mamlakatimizning istiqboliga daxldorligini ustoz unutmadilar. Oʻz ustida ishlash, soʻz ustida ishlashdan boshlanishini, bu esa notiqlik sanʼati, voizlik madaniyati, bir soʻz bilan aytganda, oʻqituvchi mahoratini belgilaydigan mezon. Har bir pedagog bugungi kunda ana shu kriteriyaga amal qilmas ekan. Globallashuv, ayni tahlikali zamonda ortda qolib ketaveradi. Yangi fikr, yangi gʻoyalar, zamonaviy texnologiyalar innovatsion qarashlar bilan qurollanmagan pedagog oʻz faniga, kasbiga befarq va loqayddir. Kun oʻtsa boʻldi qabilida ish tutish hech qanday natija bermaydi. El -yurt uchun kuyib - yonishi, uygʻonishi zarurligini faqat prezident emas, balki yurt qismati, vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusi bilan yashaydigan fuqarolik burchini his etgan har bir inson toʻla anglashi va amal qilishi zarur. Darhaqiqat, Omonulla aka ana shunday barcha havas qilgan, haqparvar ustoz sifatida xotiramizga abadiy muhrlanib qoladi.