Suv va energiya resurslaridan samarali foydalanish sirlari
Anjuman, davra suhbatlari, ilmiy-nazariy konferensiyalarning mohiyati ma’ruzachilar tomonidan ko‘tarilgan muammolarning mamlakat taraqqiyoti va soha rivojiga qo‘shadigan hissasi bilan bog‘liq. Chunki davr, jarayon har bir soha oldida o‘ziga xos muammolarni ko‘ndalang qo‘yishi tabiiy holdir. Ana shu muammolarning yechimini topish, kamchilik va muammolarni bartaraf etish, shu yo‘sinda ish tutishga safarbarlik va da’vat ruhi ma’ruzada aks etishi uning ahamiyatini oshirishi aniq.
Joriy yilning 4 sentyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti(IWMI) tomonidan “Amudaryo havzasining nasoslar yordamida sug‘oriladigan hududlarida suv va energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminar AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilgan “Amudaryo havzasining nasoslar yordamida sug‘oriladigan hududlarida suv va energiya resurslaridan samarali foydalanish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar loyiha doirasida mamlakatimizning nasoslar yordamida sug‘oriladigan hududlarida hususan Qarshi cho‘lida modellashtirish vositalaridan foydalanib suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, dala maydonlarida suv resurslaridan samarali foydalanish, suv va energiya resurslarini tejash yo‘llari borasida qator ishlar amalga oshirilganligi, xususan sohaning ekologik muammolari tobora globallashib borayotgan bugungi kundagi ahamiyati nechog‘lik katta ekanligini alohida qayd etdilar.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning “Tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish uchun hamkorlik” (PEER) dasturi 2011 yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida 50 million AQSh dollari miqdoridagi sarmoyasi bilan 250 dan ortiq loyihalarni qo‘llab-quvvatladi. Ushbu dasturning asosiy vazifalari ilmiy va texnik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash orqali xalqaro rivojlanishdagi eng muhim muammolarningechimlarini aniqlash, yangi innovatsion texnologiyalarni amaliyotda sinab ko‘rish bo‘lib, uzoq muddatli ilmiy aloqalarni o‘rnatish va o‘zaro hamkorlikni yanada yaxshilashga imkon beradi.
Davra suhbatidan 70 dan ortiq ishtirokchilar shu jumladan, O‘zbekiston ekologik harakati va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi vakillari hamda bir qator halqaro tashkilotlar: Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti(IWMI), Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi (RESSA), Birlashgan Millatlarning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tashkiloti (FAO), Halqaro suv hamkorlik tashkiloti (GWP), Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC), AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Qurg‘oqchilik mintakalarda qishloq xo‘jaligida ilmiy tadqiqot olib borish xalqaro markazi(IKARDA-SAZ), Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Jahon banki, Osiyo taraqqiyot Banki (OTB), ilmiy-tadqiqot institutlari UzGIP, UzGidromet, Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi vakillari, Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi ob’ektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (DAVSUVXO‘JALIKNAZORAT), Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor va katta o‘qituvchilari, magistrantlari va boshqa ko‘plab soha vakillari ishtirok etishdi.
Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlarning vakillari mintaqada olib borilgan avvalgi va amaldagi loyihalarning natijalari va ularning hayotga tadbiq etilishi borasidagi taqdimotlarni amalga oshirishdi.Tadbir so‘ngida qiziqarli munozaralar olib borildi va hisobot natijalari muhokama qilindi.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov