Hamkorlikning mohiyati katta

Izlanish, o‘zaro fikr almashish, tajribalarni o‘rtoqlashish va ommalashtirish taraqqiyotimizga, tomonlarning manfaatlariga xizmat qilishi aniq. Buning samarasi turli sohalar bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, yangiliklar, shuningdek,  ta’lim jarayonida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Qozoq-Nemis universiteti talabalari uchun yozgi o‘quv kursi  (Toshkent, 4 – 20 iyun) xuddi shu maqsadni o‘zida ifoda etayotgani sir emas.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti(TIQXMMI) negizida Qozoq-Nemis universiteti (QNU) talabalari uchun «Suv resurslaridan foydalanish asoslari: nazariya, amaliyot va ilmiy tadqiqotlar integratsiyasi» mavzusiga bag‘ishlangan yozgi o‘quv kursi o‘tkazilmoqda. Kurs AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM), O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining (SXV) hamkorlikdagi «Suv, ta’lim va hamkorlik» (Smart Waters) loyihasi doirasida tashkil etilgan.

Yozgi maktabda ishtirok etayotgan QNU talabalari Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi mamlakatlar vakillaridir. Shuningdek, Moskva qurilish universitetining talabalari ham ishtirok etishga qiziqish bildirishdi, bu esa o‘z navbatida TIQXMMI tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturining noyob ekanidan dalolat beradi. O‘quv kursining asosiy maqsadi – kelgusida Markaziy Osiyo hududida qo‘llaniladigan bilim va ko‘nikmalarni QNU talabalariga yetkazish va ularning bu boradagi bilimlarini mustahkamlash, QNU va TIQXMMI talabalari o‘rtasida muloqot maydonini yaratish hamda mahalliy institutimizning ilmiy-texnik salohiyatidan foydalanishdan iborat.

14 nafar talaba 102 o‘quv soati mobaynida nazariy, amaliy, laboratoriyaviy va mustaqil mashg‘ulotlarni o‘tashadi. Shuningdek, irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlari, suvni tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan joylarda sayyor mashg‘ulotlar o‘tashlari ko‘zda tutilgan.

«Umumiy suv resurslariga ortib borayotgan talab va taklifning esa qisqarishi chambarchas mintaqaviy hamkorlik o‘rnatishni talab etadi - bu suv resurslarini samarali boshqarish va samarali foydalanish uchun zaruriy shart. Kelgusi avlodlar uchun suvdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash bir butunlikdagi yondoshuvni talab etadi, ya’ni bunda yer va suvga yagona o‘zaro bog‘liq tizim sifatida, butun ekotizimlar tariqasida qaraladi. Yozgi maktab – xizmat ko‘rsatgan professorlar bilan mashg‘ulotlarga qatnash, muammolar va ularning innovatsion yechimini topishning yangi usullarini o‘rganish uchun ajoyib imkoniyat. Men talabalarni o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashish, yangi kashfiyotlar, yangi bilimlar  uchun ochiq bo‘lish, o‘z-o‘zini yangi marralar sari undash va tushunmagan paytlarida doim savollar berishga chaqirgan bo‘lardim. Barchaga omad tilayman», - dedi o‘zining tabrik so‘zida USAIDning O‘zbekistondagi direktori Geri Robbins.

Umuman olganda, ikki haftalik o‘quv kursi mobaynida talabalar suv resurslarini havzalar  darajasida boshqarish asoslari, irrigatsion tizimlarda oqimlarning oqish  qonuniyati, gidrotexnik inshootlarning ekspluatatsion ishonchliligi va xavfsizligi, nasos stansiyalari va nasoslar ekspluatatsiyasi, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari singari modullar bilan tanishishadi. Ma’ruza qismidan tashqari ishtirokchilar uchun sport-madaniy tadbirlar ham tayyorlangan.

«QNU talabalarining Toshkent shahridagi institutda shunday kurs o‘tayotganidan juda xursandmiz. Uni tashkil etish ustida uzoq va zo‘r berib ishladik. Talabalarda shunday ajoyib o‘qituvchilardan tahsil olish imkoniyati paydo bo‘ldi. Mening ularga chin dildan havasim kelayapti: roppa-rosa ikki hafta mobaynida mahoratli professorlarning qiziqarli ma’ruzalarini tinglashadi», - ta’kidladi QNU rektori doktor Markus Kayzer.

Bundan tashqari, QNU talabalari 5-8 iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumida (MOXEF-2018) faol ishtirok etishadi. Forum doirasida 7 iyun kuni «Markaziy Osiyo yoshlari» deb nomlangan maxsus sessiya o‘tkaziladi, unda, shuningdek, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyot uchun atrof-muhit himoyasi bo‘yicha Liderlik dasturi (MOLD) tashkiliy qo‘mitasi a’zolari (SAPL), O‘zbekiston Ekoharakatining Yoshlar qanoti, TIQXMMI, mamlakatimizdagi yoshlar tashkilotlari, USAID vakillari  ham ishtirok etishadi.

«Yangi iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik reallik sharoitlarida suv resurslari mintaqaviy barqaror taraqqiyotda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yaqin kelajakda taraqqiyot ko‘p taraflama suv resuruslari, ularning son va sifatining ahvoli, ularga bo‘lgan talab, iste’mol qilish darajasi va madaniyatiga bog‘liq bo‘ladi. Suv resurlarini barqaror boshqarish doimiy e’tiborni talab etadi. Bu vazifalarni birgina davlat sa’y-harakatlari bilan hal etib bo‘lmaydi. Ishtirokchilar noyob ma’ruzalar kursini tinglashadi. Yozgi maktab yakuniga ko‘ra, ishtirokchilar o‘z bilimlari bilan o‘rtoqlashadigan o‘qituvchi-olimlar va professorlarning malakasiga munosib baho berishadi, degan umiddaman», - ta’kidladi TIQXMMI rektori O‘ktam Umurzakov.

Shuningdek, yozgi o‘quv kursi talabalarga ham o‘zini tanishtirish va tashkilotchilarga atalgan so‘zlarini aytish imkoniyati taqdim etildi. Ishtirokchilar barcha tashkilotlarga minnatdorlik bildirishdi va mazmunga boy dasturni o‘tashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

USAID tomonidan moliyalashtirilayotgan Smart Waters loyihasi Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘onistonda MOMEM tomonidan 2015 yildan beri amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi suv resurslarini barqaror boshqarish masalalari bo‘yicha strategik tavsiyalar berish, o‘zaro hamkorlikning professional tarmog‘ini yaratishni qo‘llab-quvvatlash hamda salohiyatini oshirish va mintaqaviy muloqotni rivojlantirishdan iborat.

TIQXMMI “Axborot xavfsizligini ta’minlash” bo‘limi boshlig‘i Rahimboy Jumaniyozov