TIQXMMIda “Akademiklar uchun Ingliz tili” kursi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta Maxsus Ta’lim Vazirligi, Oliy Ta’lim Tizimi Pedagog va Rahbar Kadrlarini Qayta Tayyorlash va Ularning Malakasini Oshirishni Tashkil etish Bosh Ilmiy Metodik Markazi va O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi hamkorligida oliy ta’lim tizimidagi professor-o‘qituvchilariga mo‘ljallangan “Akademiklar uchun Ingliz tili ” kursi dasturi ishlab chiqilgan.
Ushbu dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2909-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash asosida, oliy ta’lim tizimidagi professor-o‘qituvchilarni xorijda malaka oshirish, stajirovka va almashinuv dasturlarida qatnashish hamda o‘z sohalarida amaliy va ilmiy konferensiyalarda samarali ishtirok etishda, maqolalar chop etishda xalqaro talablar darajasida faoliyat yurita olish uchun zarur bo‘ladigan ingliz tili ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Dasturni ishlab chiqishda Yevropa Kengashining “Chet tilini egallash umumevropa kompetensiyalari: o‘rganish, o‘qitish va baholash” to‘g‘risidagi umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlari (CEFR – Common European Framework of Reference) va O‘zbekiston Respublikasining uzluksiz ta’lim tizimida chet tillarni o‘rganishga qo‘yiladigan talablar e’tiborga olingan.
Mazkur maqsadda joriy yilning 1 mart sanasida Toshkent Irrigatsiya va Qishloq Xo‘jaligini Mexanizatsiyalash Muxandislari Institutining Britaniya Kengashi hamkorligida tashkil qilingan Kasbiy Rivojlantirish Markazida “Akademiklar uchun Ingliz tili” kurslari o‘z faoliyatini boshlagan edi. Mazkur kursda (3 xafta auditoriya va 2 oy onlayn mashg‘ulotlari) 30ga yaqin turli mutaxassislikdagi professor-o‘qituvchilar ishtirok etib kelishmoqda. Yuqorida ta’kidlanganidek kurs tinglovchilari dasturga binoan chet tillari bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro CEFR me’yorlarga ko‘ra A2, V1 va B2 darajalarga ajratilib, kurs faol o‘qish va on-layn rejimidagi mustaqil ta’lim shaklida olib borilmoqda.
“Akademiklar uchun Ingliz tili ” kursi davomida tinglovchilarga ingliz tili ko‘nikmalarini o‘zlashtirishlari va kasbiy malakalarini oshirishlarida samarali hisoblangan qator zamonaviy adabiyotlar va onlayn resurslar havola etilmoqda. Shuningdek, kurs orqali tinglovchilar chet tilini o‘rganishda muhim hisoblangan mustaqil ta’lim ko‘nikmalarini rivojlantirib bordilar va bunda ularni oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ko‘rsatmasi asosida Britaniya Kengashi tomonidan maxsus yaratilgan http://english.edu.uz o‘quv platforma orqali trenerlar qo‘llab-quvvatlab bordilar. Platforma orqali ilgari surilayotgan til o‘rganishga bo‘lgan yondashuv, tinglovchilarning o‘z kasbiy malakalarini oshirib borishiga xizmat qilib kelmoqda.
Ta’kidlab o‘tamizki, halqaro loyiha doirasida tashkil qilingan mazkur Kasbiy Rivojlantirish Markazida Britaniya Kengashi tomonidan taqdim etilgan xorijiy adabiyotlar va elektron dasturlar ham kurs tinglovchilarning chet tili ko‘nikmalarini yanada chuqurroq o‘zlashtirishlariga zamin yaratmoqda.
Shuningdek, kursning onlayn rejimidagi har haftalik turli xil topshiriqlari O‘qish, Yozish, Tinglash, Gapirish, Grammatika, Lug‘at va Talaffuz kabi til ko‘nikmalarini takomillashtirishga va maqsadlarni belgilash, o‘zini o‘zi boshqarish va ma’lumot izlash kabi ta’lim strategiyalarini ishlab chiqishga qaratilganligi kurs tinglovchilariga manzur bo‘ldi. Tinglovchilarga kurs jarayonida Britaniya Kengashi tomonidan taqdim qilingan video, audio, podkastlar, o‘quv materiallari, interfaol mashqlar, til o‘rganish havolalari turli vazifalarni yangicha yondashuvlar orqali bajarishda dunyoning eng yaxshi o‘quv manbalaridan unumli foydalanish imkonini berdi.
“Akademiklar uchun Ingliz tili ” kursi tinglovchilari joriy yilning 8 may sanasida masofaviy kursning http://english.edu.uz o‘quv platformasi onlayn rejimini muvaffaqiyatli yakunlaganliklari platforma munosabati bilan Bosh Ilmiy Metodik Markazi tomonidan sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Shu bilan birgalikda, kurs tinglovchilari markaz trenerlari bilan masofaviy ta’lim orqali onlayn faoliyatlarini davom ettirish ishtiyoqidalar.
Umid qilamizki, jamoamizning bu kabi professor- o‘qituvchilari o‘z sohalarida amaliy va ilmiy faoliyat yuritishlarida zarur bo‘ladigan ingliz tili ko‘nikmalarini yanada takomillashtirish asosida kasbiy kompetentlik va pedagogik mahoratlarini xalqaro talablar darajasida doimiy rivojlanishini ta’minlab boradilar.
“Ingliz tili” kafedrasi katta o‘qituvchisi Eshchanova Go‘zal ma’lumoti.
TIQXMMI matbuot xizmati