Sho‘rlangan va qurg‘oqchil xududlarda resurslarni boshqarish bo‘yicha Germaniyalik olimlar bilan hamkorlik
2018 yil “Faol tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili” munosabati bilan yurtimizda ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Yangidan yangi innovatsion g‘oyalar dunyo yuzini ko‘rmoqda. Shu yilning 14-16 avgust kunlari Buxoro viloyatining Kogon tumanida Germaniya Federativ Respublikasi Ta’lim va Fan Vazirligi (BMBF) tomonidan moliyalashtirilayotgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Germaniyaning ZALF ilmiy tadqiqot markazi hamda Kassel universiteti hamkorligida bajarilayotgan “BioWat: Iqlim o‘zgarishiga moslashish maqsadida Markaziy Osiyoning sho‘rlangan va qurg‘oqchil hududlarida resurslarni boshqarish (Resources management in the salinized and drought stress-endangered irrigation areas of Central Asia for adapting to climate change)” ilmiy loyihasi doirasida dala seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarda Germaniya, Qozog‘iston, Tojikiston hamda O‘zbekistonlik olimlar, Amu-Buxoro ITXB rahbar xodimlari va fermerlar ishtirok etdilar. Seminar Buxoro viloyatining Kogon tumanida joylashgan, tajriba uchun ajratilgan dala maydonida bo‘lib etdi. Ushbu tajriba dalasida zovur suvlarini chuchuklashtirish maqsadida qurilgan hovuzlar hamda ularda biologik tozalangan zovur suvlaridan sug‘orilgan g‘o‘zaning o‘sishi va rivojlanishi bilan seminar ishtirokchilari tanishdilar va o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalari bo‘yicha “Lemna” o‘simligi zovur suvlarini 26-28% gacha ortiqcha tuzlardan xalos qila olish qobiliyatiga ega ekanligi hamda tez ko‘paya olish xususiyatliligi bilan tajribadagi boshqa o‘simliklardan ajralib turishi aniqlandi. Ushbu suv o‘tining zovur suvlarini mineralizatsiyasini pasaytirishi bilan bir qatorda hosil bo‘lgan biomassadan biogaz va bioo‘g‘it olish imkonlari loyiha doirasida o‘rganilmoqda. Batafsil ma’lumotni ushbu saytdan olish mumkin:
http://www.zalf.de/en/forschung_lehre/projekte/Pages/details.aspx?iddp=2024
Irrigatsiya va melioratsiya kafedrasi dotsenti Baxtiyar Matyakubov