Toshkent shahar hokimligida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi
14 fevral kuni Toshkent shahar hokimligida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada poytaxtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va hududlardagi muhim masalalarni hal etishga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Dastlab deputatlar Toshkent shahrida 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining 2019 yilning yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlari bilan tanishdilar. Shuningdek, bu yo‘nalishda joriy yilga mo‘ljallangan rejalarga e’tibor qaratdilar. Ushbu masala yuzasidan so‘zga chiqqan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonovning ma’lum qilishicha, 2020 yilda umumiy qiymati 2,8 mlrd.dollar bo‘lgan 618 ta hududiy investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati shakllantirilgan.
Sharof Rahmonov amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar bo‘yicha ma’lumot berar ekan, Yakkasaroy tumani, Bobur va Qushbegi ko‘chalari oralig‘idagi “Yakkasaroy kichik sanoat zonasi” joylashgan hududda zamonaviy biznes markazlari, mehmonxonalar, yirik ko‘rgazma markazlari, savdo va xizmat ko‘rsatish binolarini jamlagan loyiha yuzasidan ham ma’lumot berib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Toshkent shahridagi mintaqaviy vakilining 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ham ko‘rib chiqilib, ombudsman faoliyatini rivojlantirish hamda ish samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan Toshkent shahar adliya boshqarmasi boshlig‘ining axboroti ko‘rib chiqildi. Bunda depuptalar qonun osti hujjatlarining ijrosi yuzasidan muhim jihatlarga e’tibor qaratishdi va bildirilgan taklif hamda tavsiyalar asosida tegishli qaror qabul qilindi.
Sessiyada Toshkent shahridagi Uchtepa va Yunusobod tumanlaridagi Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga nomzodlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi va taklif etilgan nomzodlar ma’qullandi.
Endi sessiya kun tartibida deputatlarning o‘z saylov okrugini o‘rganib, aniqlagan muammolari va ularning yechimlari ham alohida ko‘rib chiqiladi. Shunga muvofiq, ushbu yig‘ilishda 45-Qoratosh, 21-Qorasaroy hamda 6-Cho‘ponota okruglaridan saylangan deputatlarning hisobotlari muhokama etildi.
Manba:tashkent.uz