Yetakchilar saylovi
Saylanishga loyiq bo‘lish insonning imkoniyati va iqtidoriga yanada aniqrog‘i, uning kreativ, liderlik faoliyatiga borib bog‘lanadi. 2018 yil 22 sentyabr kuni “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetiga qarashli B-108 o‘quv xonasida fakultet dekani O.R.Kucharov, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari J.R.Turdiev va institut “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi A.A.Berdimurodov hamda fakultetda tahsil olayotgan akademik guruhlar “Yoshlar ittifoqi” yetakchilari va talaba yoshlarning 57 nafari ishtirokida “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakultetining Yoshlar kengashi hisobot-saylovi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda fakultet dekani O.Kucharov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyulda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni va 2017 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori mazmun - mohiyati, shuningdek, o‘tgan o‘quv yilida fakultetda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Yig‘ilishda shuningdek, institut “Yoshlar ittifoqi” boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi A.Berdimurodov fakultet yetakchiligi vazifasini bajarish uchun 3 nafar nomzodlar ro‘yxatini o‘qib eshittirib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng nomzodlarga ochiq ovoz berishlarini ta’kidlab o‘tdi. Saylov natijasiga ko‘ra, fakultetning 2-kurs talabasi Iskandarov Xaytboy Xasanbaevich fakultet “Yoshlar ittifoqi” yetakchisi etib saylandi.
“SXTE va B” fakulteti dekani o‘rinbosari J.Turdiev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov