O‘zbekiston respublikasi prezidentining qarori
Latviyaning axborot tizimlari menejmenti oliy maktabining farg‘ona shahridagi filialini tashkil etish to‘g‘risida
Respublika turizm tarmog‘i uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yanada rivojlantirish va takomillashtirish, oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:
1. Farg‘ona viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Farg‘ona shahrida Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining filialini (keyingi o‘rinlarda — Filial deb yuritiladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
respublikaning turizm tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash;
turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish;
mutaxassislar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta’lim va ilm-fanning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek, jahon ta’lim va ilm hamjamiyatiga majburiy integratsiya hisobiga rivojlantirish;
kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalarni va o‘qitish uslublarini faol takomillashtirish;
ta’lim va ilm-fan sohalarida xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.
3. Belgilansinki:
Filial alohida mulk va mustaqil balansiga ega bo‘lgan yuridik shaxs maqomidagi notijorat tashkilot shaklida tashkil etilib, tasarrufidagi pul mablag‘lari va mulklari bo‘yicha o‘zining majburiyatlari yuzasidan javobgar hisoblanadi;
Filial Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining (keyingi o‘rinlarda — Oliy maktab) alohida tarkibiy bo‘linmasi hamda kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda, ta’limning kelishilgan asosiy yo‘nalish (mutaxassislik)lari bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, jumladan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
Filialda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlari talablarini e’tiborga olgan holda Oliy maktab tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalar va dasturlar bo‘yicha ko‘proq ingliz tilida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi;
abiturientlarni qabul qilish va Filial bitiruvchilarining attestatsiyasi Oliy maktab tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Oliy maktabning belgilangan namunadagi diplomi beriladi;
Filial faoliyati O‘zbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasining qonunchiligi asosida amalga oshiriladi.
4. Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Farg‘ona shahridagi filialida mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlashning asosiy yo‘nalish (mutaxassislik)lari 1-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
5. Oliy maktab:
o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik hamda axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etishga;
mutaxassislarning malakasini oshirishga va Filialning professor-o‘qituvchilari tarkibini qayta tayyorlashga;
Filialning kutubxona fondini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan shakllantirish va to‘ldirishga ko‘maklashishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
6. 2018/2020 o‘quv yilida Filialni Farg‘ona davlat universiteti binosiga vaqtincha joylashtirish belgilansin.
Farg‘ona viloyat hokimligi ikki hafta muddatda Filialga ta’lim jarayonini tashkil etish standartlari va normalariga javob beradigan bino, shuningdek, Filial talabalari va o‘qituvchilari yashashi uchun yotoqxonani beg‘araz foydalanish huquqi bilan ajratsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Farg‘ona viloyati hokimligi:
Filial ta’sis hujjatlarining ishlab chiqilishi hamda o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida yordam ko‘rsatsin;
O‘zbekiston oliy ta’lim va ilmiy muassasalarining yuqori malakali o‘qituvchilari va mutaxassislarini keyinchalik Filialga ishga jalb qilish uchun saralash tanlovidan o‘tkazsin hamda stajirovkasini tashkil etsin.
8. Latviya Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Farg‘ona shahridagi filiali Vasiylik kengashining (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi) shaxsiy tarkibi 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
9. Belgilansinki:
a) Filialga qabul kvotalari Oliy maktabning O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tayyorlangan asosli takliflari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi;
b) Filialning faoliyatini moliyalashtirish:
Oliy maktabning o‘z mablag‘lari;
talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallaridan Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlari grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
v) Filialni tashkil qilish, uning moddiy-texnik va o‘quv bazasini shakllantirish bo‘yicha tashkiliy tadbirlarni, shu jumladan ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borish, bino va inshootlarni zarur mebel, anjomlar, zamonaviy o‘quv hamda laboratoriya uskunalari bilan jihozlash, kompyuter va boshqa orgtexnika, kutubxona fondi bilan ta’minlash, shuningdek, Filialdagi mahalliy pedagog kadrlarning stajirovkasi va malakasini oshirish xarajatlarini moliyalashtirish Oliy maktab mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
g) Oliy maktabdan Filialga jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarning xizmat safari xarajatlarini to‘lash:
7 kungacha bo‘lgan qisqa muddatli xizmat safarlari bo‘yicha — Latviyaning qonun hujjatlari bilan oliy ta’lim muassasalari xodimlari uchun belgilangan normalarga muvofiq;
uzoq muddatli xizmat safarlari bo‘yicha — o‘quv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Filialga o‘qituvchilik va ilmiy ishlar uchun taklif qilinadigan xorijiy pedagog kadrlarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lashga ruxsat etilsin.
11. Oliy maktabga Filialning bino va inshootlarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilinishini, shuningdek, Filial talabalari va o‘qituvchilari yashashi uchun yotoqxona tayyorlanishini 2020/2021 o‘quv yili boshlanishiga qadar ta’minlash tavsiya etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy pedagog kadrlar, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig‘imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Filial buyurtmanomalariga binoan jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlarga hamda ularning oila a’zolariga davlat boji undirilmasdan, ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishi hamda vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
14. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Filial buyurtmanomalariga binoan Filialni tashkil qilishda va uning faoliyatida ishtirok etadigan malakali xorijiy pedagogik kadrlarni respublikaga jalb etish uchun belgilangan tartibda ruxsatnomalar berilishi (muddati uzaytirilishi), shuningdek, xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta’minlasin.
15. Filialni jihozlash va uning faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan zamonaviy o‘quv jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy adabiyot, anjomlar va moddiy-texnika resurslari, shuningdek, avtotransport vositalari 2019 yil 1 iyunga qadar muddatda bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.
16. Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha davlat inspeksiyasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYoEV
Toshkent sh.,
2018 yil 26 sentyabr,
PQ-3952-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 sentyabrdagi PQ-3952-sonli qaroriga
1-ILOVA
Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Farg‘ona shahridagi filialida kadrlar tayyorlashning asosiy yo‘nalishlari (mutaxassisliklari)
Bakalavriat yo‘nalishlari:
1. Turizm (faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha).
2. Mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish.
3. Madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish va boshqarish.
4. Xizmatlar sohasi (faoliyat turlari va yo‘nalishlari bo‘yicha).
5. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish (tarmoqlar bo‘yicha).
6. Informatika va axborot texnologiyalari (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha).
Magistratura mutaxassisliklari:
1. Tadbirkorlik faoliyatini boshqarish.
2. Axborot tizimlari.
Izoh. Kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) ro‘yxati tashkilotlarning mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda filial Vasiylik kengashining qarori bilan to‘ldirilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 sentyabrdagi PQ-3952-sonli qaroriga
2-ILOVA
Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Farg‘ona shahridagi filialining Vasiylik kengashi
TARKIBI
1. |
Sh.M. Ganiev |
— |
Farg‘ona viloyati hokimi, kengash raisi |
|
|
|
|
3. |
|
|
|
4. |
|
|
|
5. |
R. Dyakon |
— |
Latviya Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi prezidenti (kelishuv bo‘yicha) |
6. |
|
|
Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining Farg‘ona shahridagi filiali direktori |
7. |
|
|
(kelishuv bo‘yicha) |
8. |
|
|
(kelishuv bo‘yicha) |
9. |
R.X. Maksudov |
— |
Farg‘ona davlat universiteti rektori |
Izoh. Vasiylik kengashi a’zolari boshqa ishga o‘tganida, uning tarkibiga, ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.09.2018 y., 09/18/3952/1969-son)