Jaholatga qarshi ma’rifat yoxud haqiqat qilichi
Institutimizda “Ibratli, iqtidorli, ijodkor, iste’dodli insonlar ila ijodiy uchrashuvlar” ruknidagi muloqotlar yana qayta boshlanganidan barcha mamnun. Bu gal taniqli islomshunos olim, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Mafkura” bo‘limining boshlig‘i, “Shuhrat” medali sohibi Irgash Daminovning buyuk alloma Abu Mu’in Nasafiy hayotiga bag‘ishlangan “Haqiqat qilichi” deb nomlangan mualliflik filmi asosida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzuida ijodiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Qizg‘in savol javoblarga boy bo‘lgan bu tadbirda shoir va olim Bobomurod Nur ham ishtirok etib, talabalarga bugungi mavzu nihoyatda dolzarb ekanligini e’tirof qilib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
Tadbir moderatori, institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov ta’kidlaganidek, “bunday tadbirlar talabalar ongu shuurida ma’naviyatimizga e’tibor va ehtiromni yanada oshirish bilan birgalikda diniy-ma’rifiy hamda dunyoviy bilimlarimizni kengaytirishda o‘z samarasini ko‘rsatadi”. Dastavval, Irgash Daminovning muallifligidagi “Haqiqat qilichi” nomli film namoyish etildi.
Ma’lumki, ilmiy-ma’naviy merosimiz, milliy qadriyatlarimiz juda qadimiy ildizlarga ega bo‘lish bilan birga o‘z vaqtida insoniyatning axloqiylashuviga beqiyos hissa qo‘shgan. Bu meros gumanistik mohiyatga ega bo‘lib, asl mazmuniga ko‘ra, odamzod erishgan har qanday yutuqni butun insoniyatga xizmat qildirishga intilgan. U barcha xalqlar, millat va elatlar, qolaversa, turli e’tiqod vakillarini birlashtiruvchi, ulug‘ maqsadlar yo‘lida uyushtiruvchi tolerantlikka da’vat etuvchi merosdir. U iinsoniyatni bunyodkor g‘oyalarga, axloqiy qadriyatlarni sof holida saqlash ularni kelajak avlodga yetkazishdek mas’uliyatga da’vat etadi. Bugungi kunda ushbu merosnining nafaqat turli qit’alar, elatlar, madaniyatlarni, balki barcha davrlar: o‘tmish, bugun va kelajakni birlashtiruvchilik xususiyati ham ko‘zga tashlanmoqda.
Buyuk ajdodlarimizning milliy-ma’naviy merosini ilmiy asosda izchil o‘rganish bugun har vaqtdagidan ham dolzarblik kasb etmoqda. Chunki bu allomalarning ibratlarga to‘la hayot yo‘llariyu qoldirgan benazir asarlari nafaqat o‘z yurti va zamonasi, balki bugun ham butun insoniyat taraqqiyotiga katta ta’sir etuvchi meros ekani bilan ahamiyatlidir.
Shu bois quyidagi yurtimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan ayrim allomalar, xususan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “bundan ming yil avval jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan Abu-l-Mu’in Nasafiy merosiga munosabat” aslida, buyuk mutafakkirga bo‘lgan mehrimizni, faxru iftixorimizni namoyon etadi.
Tadbir davomida mavzuga oid savollarga to‘la va aniq javob bergan talabalar islomshunos olim Irgash Daminov muallifligida nashr etilgan kitoblari bilan rag‘batlantirildi.
“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov