Istiqbolli rejalar kelishib olindi
Butun dunyoni tashvishga solgan tahlikali paytda, yaʼni COVID — 19 koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash ketayotgan mashaqqatli, sinovli damlarda xalqimizning barcha jabhalarda birdamlik va mustahkam ishonch bilan harakat qilayotgani eʼtiborga molik. Prezidentimiz rahbarligida mamlakat ravnaqi yoʼlidagi muhim qarorlarni amalga oshirish yoʼlidan borayotgan turli soha mutaxassislari bugungi kundagi muhim ehtiyotkorlik talablariga amalga qilgan holda ertangi kunning istiqbolli rejalari ustida ham ishlamoqdalar.
Jumladan, Oʼzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi koʼmagida Oʼzbekiston Respublikasi Oʼrmon xoʼjaligi davlat qoʼmitasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Turkiya Oʼrmon bosh boshqarmasi, Turkiya Kastamonu universiteti professor-oʼqituvchilari ishtirokida sohadagi ilmiy va oliy taʼlim yoʼnalishlarida istiqbolli hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʼyicha onlayn muloqot va muzokaralar tashkil etildi. Uchrashuv davomida oʼrmonchilik, oʼrmon kadastri kabi sohalarda mamlakatlarimiz olimlari oʼrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, sohaning dolzarb muammolari boʼyicha qoʼshma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularga Oʼzbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi va Turkiyaning fan va texnologiyalari tashkiloti grant mablagʼlarini jalb etish boʼyicha aniq takliflar koʼrib chiqildi.
Muloqot chogʼida sohada mutaxassislar va talabalar almashinuvini yoʼlga qoʼyish, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Toshkent davlat agrar universiteti bilan Turkiyadagi Kastamonu universiteti oʼrtasida “Mevlana” hamda “Erasmuz+” dasturlarini imzolash masalasi koʼrib chiqildi. Oʼzbekistonda Turkiya universitetlari bilan birgalikda qoʼshma fakultetini tashkil qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar xalqaro pandemiya tufayli joriy etilgan cheklovlar nihoyasiga yetgach, Turkiya universitetlari vakillarining Oʼzbekistonga safarini tashkil qilishga kelishib olishdi. Ushbu hamkorlik amaliy natija va samaralarga boy boʼlishi aniq.
TIQXMMI matbuot xizmati