Qutlov
Institutimizning matbuot kotibi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Djumaniyazov Rahimboy Matkarimovich muborak 60 yoshni qarshiladilar. Shu munosabat bilan institutimiz rahbariyati ularni samimiy tabriklab qutlashdi. Ustoz haqida muxtasar ma’lumotni keltirib o‘tamiz. U Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga 1979 yilda kirib uni 1984 yilda imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 1991 yil 13 noyabrda 10.00.08 - “Folklorshunoslik”O‘zbek xalq kitoblari, dostonlarini tarixiy aspektda o‘rganish yuzasidan tadqiqot ishlari olib borib “Yusuf va Ahmad” dostonining tarixiy asoslari” nomli dissertatsiyani O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot instituti (Toshkent shahri) ixtisoslashgan kengashida himoya qilgan. 1991 yil 13 noyabrdagi 12 – sonli bayonnoma asosida SSSR ministrlar soveti huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi “O‘zFA Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot instituti ixtisoslashgan kengashining tavsiyasiga ko‘ra “Filologiya” fanlari nomzodi (KD № 051951) ilmiy darajasi berilgan.
U O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida katta ilmiy xodim, Toshkent Davlat San’at institutida o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Ma’rifat” studiyasida “Yog‘du” bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida “Televidenie va radioeshittirishlar” kafedrasining mudiri, Toshkent Davlat Madaniyat institutining dotsenti, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining nashri “Vaqt-vremya” gazetasida muxbir va musahhih vazifalarida ishlagan. Ayni paytda TIQXMMIning matbuot kotibi vazifasida ham faoliyat yuritmoqda. Hozirda Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti dotsenti, matbuot xizmati rahbari lavozimida ishlaydi.
U ko‘p yillar mobaynida turkiy xalqlarning qadimiy yozuvlari, o‘tmish madaniyati va folklori bilan shug‘ullanib keladi. Ana shu samarali mehnatning hosilasi sifatida qator ilmiy tadqiqot ishlari yuzaga kelgan.“Xalq dahosining ko‘zgusi”, “Xalq ijodi haq ijod”, “Dong qozongan doston” nomli kitoblari ana shular jumlasidandir. Ularda xalq og‘zaki ijodiyoti va yozma adabiyotning mahsuli sifatida yuzaga kelgan xalq kitoblari ilmiy asosda tadqiq etilgan. Shu yo‘sinda “Yusufbek va Ahmadbek” dostoni(xalq kitobi)ning tarixiy asoslari” mavzuida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yozib, uni muvaffaqiyatli himoya qildi. Qadimgi xalq kitoblarini chuqur o‘rganish va tadqiq qilishda davom etib, “Bobo Ravshan”, “Ibrohim Adham”, “Dili g‘aroyib”, “Sohibqiron Amir Temur”, “Devoni Niyoziy”, “Axtamnoma”, “Tazkirai Laffasiy”, “Devoni Xodim”, “Tazkirai “Majmuat ush-shuaroyi Feruz shohiy” kabi O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutining Qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan arab yozuvida, ya’ni nasta’liq, nasx va ta’liq xatlarida bitilgan 20 ga yaqin nodir qo‘lyozma kitoblarni kiril va lotin alifbosiga transliteratsiya qildi. Ularning ayrimlari kitob holida chop etildi. Shuningdek, u O‘zFAning Til va adabiyot institutida laborant sifatida ishlab yurgan kezlarida G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Oybek singari adiblarning akademik nashrlarini tayyorlashda ularning qo‘li bilan yozilgan arab alifbosi asosidagi isloh qilingan eski o‘zbek yozuvidagi qo‘lyozmalarini kiril grafikasiga o‘girishda beminnat yordam ko‘rsatdi.
R.Djumaniyazov, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonunining ijrosi bo‘yicha eng faol olimlardan biri sifatida faoliyat yuritgan. Uning o‘tmish madaniyatimizning kaliti bo‘lgan arab alifbosi asosidagi eski o‘zbek yozuvini o‘rgatish borasidagi sa’yi harakatlari tahsinga sazovordir. Televidenie va radio, matbuot va nashriyot orqali uning chiqishlari, qator risola, kitob va o‘quv qo‘llanmalari mohiyat e’tibori bilan qimmatlidir. “O‘qituvchi” nashriyotida ko‘p ming nusxada chop etilgan “Eski o‘zbek yozuvi” kitobining 3 ta nashri hozirga qadar filologiya va tarix yo‘nalishidagi o‘quv muassasalarida asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida foydalanib kelinadi. Xuddi shu maqsadda yaratilgan “Harflar tilga kirganda”, “Turkiy savod”, “Alifbo saboqlari” kitoblari esa uning mohir kalligraf, qilqalam xattotligidan tashqari olimona sinchkov nazari, shoirlik iste’dodini ham namoyon etdi. Arab harflarining har biriga she’riy ta’rifu tavsif berish uchun ilmiy va badiiy salohiyat, yetuk san’atkorlik, xattotlik iqtidori zarurligini keng jamoatchilik yaxshi biladi.
Xalqimiz mustaqillik sharofati bilan 70 yillik iskanjadan qutulgandan keyin suvga chanqagan kimsa kabi uning kitoblarini qo‘lma-qo‘l o‘qib o‘rganishga kirishdi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan avlodning, deyarlik barcha xonadonlarda uning tarixiy merosimizning ochqichi hisoblangan “Eski o‘zbek yozuvi” kitobi hanuzgacha ham bor. Hatto, u haqda matbuot nashrlarida “Jumhuriyat muallimi” nomli maqolaning chop etilgani ham bejiz emas.
Ayniqsa, uning O‘zbekiston televideniesining birinchi kanali orqali efirga uzatila boshlagan “Alifbo saboqlari” mualliflik ko‘rsatuvidagi pedagoglik va boshlovchilik mahorati, o‘ktam ovozi ko‘pchilikni sehrlab qo‘yganligini hech kim inkor etmasa kerak. Uning eski o‘zbek yozuvi va yangi lotin yozuvi asosidagi alifboni o‘rgatishga qaratilgan “Sirli sandiq”, "Kim, nima?" va “Iqtidor” intellektual-televizion o‘yinlari ko‘pchilik muxlislarini lol qoldirib mehrini qozongani haq. Uning ijrosida o‘qilgan g‘azallar hozirda ham subhidamda “G‘azalxonlik” ruknida radiokanallar orqali taralib turadi. Aruz vazni qoidalariga amal qilib, arabiy, forsiy va turkiy so‘zlarning ma’nosini chaqib o‘qishi bilan u boshqalardan keskin ajralib turadi. Ayni paytda u O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga qarashli Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida turli sinflar uchun adabiyot fani yo‘nalishida audio va videomahsulotlarni tayyorlashda fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy - ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish to‘g‘risida” gi 451-sonli (25.08.2006 y.) Qarori va shu asosdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 28 fevraldagi 07/2-80 - sonli “Ta’lim muassasalarida diniy ekstremizm va missionerlikning oldini olish, ijtimoiy – ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha ChORA-TADBIRLAR REJASI”ning 3 – qism, 16 – bandiga muvofiq Milliy g‘oya va mafkurani talaba-yoshlar ongiga singdirishning samarali texnologiyalarini joriy etish yuzasidan Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Ichki ishlar vazirligi hamda “IQtidor-ma’rifat” ijodiy guruhi hamkorligida talaba-yoshlarning intellektual qobiliyatini sinash va rag‘batlantirish maqsadida muntazam davom etib kelayotgan musiqiy va musobaqaviy xarakterdagi “G‘OYaMIZ – HIMOYaMIZ” nomli elektron ijtimoiy-ma’rifiy loyihaning muallifi va boshlovchisi sifatida qator oliy o‘quv yurtlarida ushbu tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazib keldi.
R.Djumaniyazov O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat kengashi Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining tashabbusi bilan “Go‘zal va betakrorimsan muqaddas Vatanim, jonim senga fido O‘zbekistonim!” rukni ostida “Vatan va xalq mangu qoladi” nomli audiodisk jamlanmasini yaratdi. U ikki qismdan iborat bo‘lib, ilk qismda O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimovning xalq bilan, turli soha vakillari bilan uchrashuvlarida aytgan ibratli so‘z va aforizmlari jamlangan. “Vatannoma” deb nomlangan ikkinchi qismda esa zamondosh shoirlarning vatanparvarlik ruhidagi she’rlaridan 135 tasi o‘rin olgan. Ushbu multimediali audiodisk Sultonali Rahmatov musiqasi fonida R.Djumaniyazov tomonidan ifodali tarzda o‘qilgan. Mazkur multimedia vositasi ko‘p ming nusxada respublika bo‘ylab viloyat va tuman ma’naviyat va madaniyat bo‘limlariga tadbirlar oldidan foydalanish uchun tarqatilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tashabbusiga muvofiq 64/21–sonli jazoni ijro etish muassasasidan “Meni kechiring, odamlar”, “Iqror”, “E’tirof va e’tiroz”, “Pushaymonlik qismati” hamda Zangiota tarbiya koloniyasidan “Beboshlik balosi” nomli hujjatli filmlarning muallifi sifatida ichki xizmat sohasida foydalanish uchun tayyorladi. O‘zbekiston Respublikasi IIV JIEBB bilan “Iqtidor” videostudiyasi hamkorligida tayyorlangan, keng omma e’tiboriga havola qilinib “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan muvaffaqiyatli tasdiqlangan “Qora ilon”, “Begona” va “Ota” nomli badiiy filmning prodyusseri va hammuallifi bo‘lib huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining giyohvandlikka qarshi kurashdagi matonatini aks ettirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat targ‘ibot markazining faol pedagog va ma’ruzachilaridan biri sifatida respublika miqyosidagi turli tadbir va uchrashuvlarda muntazam ravishda ishchi guruh a’zosi va rahbari sifatida ishtirok etadi.
U chorak asr mobaynida turli auditoriyalarda nutq madaniyati va notiqlik san’ati bo‘yicha dars berish asnosida qator risola va o‘quv qo‘llanmalar tayyorladi. R. Djumaniyazovning “Nutqiy mahorat"(2005), “G‘oyaviy tarbiyada notiqlik san’ati”(2001), “Toshkentdan gapiramiz” (2016), “Dil – qulf, til – kalit”(2015), “Muomala madaniyati”(2015), “Ta’lim, tarbiya, tafakkur, taraqqiyot”(2015), “Notiqlik san’ati”(2016), “Siz notiq bo‘lishni istaysizmi”(2017), “Ma’naviyat targ‘iboti”(2017)kabi kitoblari nutq mahorati bilan qiziquvchilarni befarq qoldirmaydi. O‘qituvchi qanday fandan dars bermasin, uning pedagogik mahorati adabiy til qoidalari va me’yorlarini yaxshi bilishi va undan unumli foydalana olishi bilan belgilanadi. Shuni his etgan holda, u o‘z fikrini lo‘nda, qisqa va mantiqiy tarzda ifoda etish yo‘llari borasida dars mashg‘ulotlari olib bordi. Uning “Siz notiq bo‘lishni istaysizmi?” nomli multimedia mahsuloti mohiyat e’tibori bilan ahamiyatlidir.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”deb nisbat berilgan joriy yilda uning qimmati kattadir. Shubhasizki, “Xalq qabulxonalari”ning faoliyati muloqot bilan, xalq qalbiga quloq solish, tushuntirish, notiqlik mahorati bilan bog‘liq. Unda notiqlik sirlari va talablariga doir ma’lumotlar o‘rin olgan.
R. Djumaniyazov o‘n yildan ziyod muddat mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi (hozirgi Davlat boshqaruvi) akademiyasida tinglovchilarga “Boshqaruvda notiqlik san’ati, omma bilan muloqot va muomala madaniyati” bo‘yicha ma’ruzalar qilib, amaliy mashg‘ulotlar olib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat targ‘iboti markazi huzuridagi “Ma’naviyat targ‘ibotchisi” ta’lim muassasasida turli vazirlik va qo‘mita tizimidagi xodimlarga “Nutq madaniyati va notiqlik san’atining kasbiy faoliyatda, targ‘ibot-tashviqot hamda boshqaruv jarayonidagi o‘rni va roli” mavzuida muntazam ravishda ma’ruzalar o‘qib kelmoqda. U o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deyarlik barcha qo‘mitalari deputatlari bilan “Notiqlik va moderatorlik mahorati” mavzuida amaliy mashg‘ulotlar olib bordi.
U hozirda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Matbuot kotibi sifatida dunyo universitetlari reytingida yuqori natijalarga erishib kelayotgan mazkur ta’lim muassasasi hayotidagi yutuqlar, yangilik va xabarlarni OAV orqali yoritishdek muhim vazifani o‘ziga sharaf deb biladi. Uning TIQXMMIdagi "Iqtidorli, ibratli, ijodkor, iste’dodli insonlar ila ijodiy uchrashuv" ruknidagi ta’sirli va qiziqarli ma’rifiy tadbirlari talabalarning olqishiga bois bo‘lgani ham rost.
Uning www.notiq.uz shaxsiy vebsaytida bugungi kunda O‘zbekistondagi madaniy va ma’rifiy yangiliklar, xususan ma’naviyat, boshqaruv, ta’lim, tarbiya, muloqot va muomala jarayonida notiqlik san’ati va nutq madaniyatining o‘rni bo‘yicha teran tahliliy maqolalari o‘z ifodasini topmoqda. Vebsaytida uning 200 dan ziyod xabar va ilmiy maqolalari o‘rin olgan. R. M. Djumaniyazov 2016, 2018, 2019 yillarda keng ommaga ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib va tashviq qilishdagi fidoyiligi, ulkan xizmatlari uchun “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi”sovrinlarini qo‘lga kiritdi.
"Gumanitar fanlar" kafedrasining assistenti Bahriddin Muqimov ma’lumoti
TIQXMMI matbuot xizmati