Xotira mangulik timsoli

2018 yil 8 may kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida “Gidromelioratsiya” fakulteti “Tuproqshunoslik va dehqonchilik” kafedrasi mudiri Obid Xaqberdiev, Salimjon Buriev, Abdusamat Axatov, Tozavoy To‘raev, Shukurullo Ziyadov hamda tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar “9 may - Xotira va qadrlash kuni”ga bag‘ishlab “Inson qadri va uning xotirasi muqaddas” mavzusida davra suhbati o‘tkazishdi.

Davra suhbati davomida “Tuproqshunoslik va dehqonchilik” kafedrasi dotsenti Buriev Salimjon Samedjanovich "Insonga har kuni tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik kerak. Tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Tinchlik-xotirjamlik – taraqqiyot garovidir"- deya ta'kidlab o'tdi.

Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma’naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.

9 mayni "Xotira va qadrlash kuni" tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.

II jahon urushida O‘zbekistonimizdan 1 million 433 ming 230 nafar kishi ishtirok etdi. 604 ming 52 nafar hamyurtimiz urush maydonlaridan nogiron bo‘lib qaytdi, 450 mingdan ortiq vatandoshimiz esa qonli janglarda halok bo‘ldi.

Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. O‘tganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish kerak.

Mustaqil O‘zbekiston xalqi va davlati avval-boshdan tinchlik-totuvlik tarafdori sifatida maydonga chiqdi.

Umuman, dunyoqarashni, ya’niki tafakkurni milliylashtirish, milliy mafkurani shakllantirish yarim mustamlaka iskanjasidan qutulgan yosh davlat uchun shu qadar muhim ediki, bu – mamlakatning mamlakat, davlatning davlat bo‘lib turishini ta’minlaydigan bosh omillardan sanaladi.

Shu ma’noda mustaqillikka erishganimizdan so‘ng 9 mayni sho‘ro talqinidagicha bayram qilish bizning ong-u shuurimizga mutlaqo mos kelmay qolgan edi. Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan har bir xalq uni o‘zicha eslaydi, qurbonlarini o‘zicha xotirlaydi, jangdan omon qaytgan, front ortida fidokorona mehnat qilgan va bugun safimizda yurgan faxriylarni ham o‘zicha qadrlaydi.

O‘z mustaqilligiga erishgan davlatlar ichida O‘zbekiston buning chinakam namunasini ko‘rsatdi. Xotira va qadrlash kuni endi o‘zgacha, aniqrog‘i, milliy xususiyat kasb etdi. Bu bayramning mazmun-mohiyati butkul o‘zgardi – u xalq xotirasi va insonni qadrlash kuniga aylandi.

Xalq xotirasi deganda kishi ko‘z o‘ngidan Vatan ibtidosidan buguniga qadar shu yurt, shu xalq deb kurashgan, kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak bo‘lsa, shu yo‘lda jon fido qilgan ne-ne buyuk zotlar bir-bir o‘tadi. Spitamen, Shiroqdan Turkon Xotun, Mahmud Torobiygacha, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulug‘bekdan Zahiriddin Muhammad Boburgacha, Jaloliddin Manguberdidan, Najmiddin Kubrogacha yodga tushaveradi.

Bu bayramda Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirlanadi, Afg‘oniston urushida halok bo‘lganlar sho‘ro siyosatining begunoh qurbonlari sifatida eslanadi, umuman, o‘tganlar ruhi yodga olinadi, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltiriladi.

Bu dunyoning markazida hazrati inson turadi. Shuni tan olmagan har qanday g‘oyaning mag‘zi – puch, poydevori – bo‘sh, imorati – omonat. Fashizm ham, sho‘ro mafkurasi ham xuddi ana shu – insonga, uning tabiati, fe’l-atvori, maqsad-muddaolariga zidligi, uning ehtiyoju manfaatlaridan kelib chiqmagani uchun butkul mag‘lubiyatga uchradi.

Hamma yoqda noma’lum askarning ramziy qabriga duch kelar edik... Holbuki, jangda halok bo‘lgan tirik jonning hech biri noma’lum emas edi. Har birining ota-onasi, shaharu qishlog‘i, mahalla-ko‘yi, qavmu qarindoshi, qo‘ni-qo‘shnisi, boringki, umr yo‘ldoshi yoxud sevgan yori bor edi-ku!..

Ochig‘i, o‘tgan zamonda qurbonlarni xotirlash ham, tirik qolganlarning qadriga yetish ham shunchaki, ya’ni rasmiyat uchungina edi, xolos. Odamlar shaxs sifatida emas, ommaning tarkibiy qismi tarzidagina eslanardi. Holbuki, har qanday siyosat ham, aslida, inson uchun, uning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak emasmi?!

Endi Toshkent shahrining markazida – Xotira maydonidagi 1999 yil 9 may kuni ochilgan qaddi dol Motamsaro ona siymosi poyiga bitilgan: “Sen doimo qalbimdasan, jigarim!” – degan so‘zlarning insoniyligini, samimiyligini o‘ylab, bir yurakdan his etib ko‘raylik. Halok bo‘lgan tirik jon kimningdir jigarporasi, demak, shu Vatanning farzandi-ku! Har birining ortidan qancha odam qon yig‘lab qoldi. Umrining so‘nggi lahzasiga qadar ko‘zlarida yoshi qurimay, o‘g‘lini – jigarporasini kutib o‘tgan qanchadan-qancha motamsaro ona bor edi. Dahshatli urushda halok bo‘lgan otajonini ko‘rmagan, unga, loaqal, bir bora bo‘lsin: “Dadajon!” – deb murojaat qilolmay yashayotganlar – qancha.

Istiqlol yillarida 35 jildlik “Xotira” kitobi chop etildi. Endi esa urush qurbonlarining nomi mamlakat poytaxtidagi Xotira maydoniga o‘rnatilgan temir “daftar”ga zarhal harflar bilan bitib qo‘yildi.

Bu yerga ziyoratga kelgan har bir vatandoshimiz, albatta, o‘z jigari, hech bo‘lmaganda, biror qo‘shnisining nomiga duch keladi. Beixtiyor, o‘tganlar ruhiga tilovatu duolar qilib, yuziga fotiha tortadi...

Xullas, O‘zbekistonning xohlagan shahari, istalgan qishlog‘i yoxud ovulidan kelgan odam bu yerga kirib, qay bir yaqinining muborak nomini topadi, albatta. 1999 yil 9 mayidan e’tiboran bu maydon mamlakatimiz fuqarolarining qalbiga yaqin, o‘tganlar ruhi yodga olinadigan, duolar ijobat bo‘ladigan go‘shasiga – muqaddas makonga aylandi. Shundan buyon bu yer – ziyoratchilar bilan gavjum.

Hozir barcha mintaqalarimiz, ko‘plab shaharlarimiz va tumanlarimiz markazlarida ham shunday xotira maydonlari barpo etildi, bu xayrli ish izchil davom ettirilyapti.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning: “Xotira va qadrlash deganda biz, avvalo, o‘zimizni inson sifatida anglashni, odamiylik fazilatlarini ulug‘lashni nazarda tutamiz”, – degan qimmatli so‘zlari zamirida ana shunday mohiyat yotibdi.

Mamlakatimizda Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish ishlari boshlanib ketdi. Shu yilning 4 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Mazkur Farmonda 1941 – 1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 5 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berish ko‘zda tutilgan. Ushbu pul mukofotlari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga tantanali va bayramona vaziyatda topshiriladi.

faxriylarimizga ularning xohish-istaklariga muvofiq “Damas”, “Lasetti” rusumli o‘zimizda ishlab chiqarilgan avtomashinalar Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari, tumanlar hokimlari, “Nuroniy” jamg‘armasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar bo‘limlari rahbarlari, “Kamolot” YoIH yetakchilari, mahallalar oqsoqollari ishtirokida tantanali ravishda topshirilmoqda.

Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 73 yil to‘lyapti. Bu bir insonning o‘rtacha umriga teng. Oramizda shu yoshdan katta bo‘lganlargina urush davrini ko‘rgan. Biroq, g‘alabaga erishilganidan keyingi yillar oson kechdi, deb o‘ylaysizmi? Yoki bu jangu jadallar asoratlari bir umr odamlar qalbida chandiq bo‘lib qolmadimi? Kim ham urushda halok bo‘lgan jigarini unuta oladi?

Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida alohida ta’kidlanganidek: “Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi”.

Shunday qilib, istiqlol yillarida bayramlarimizga munosabatimiz tubdan yangilangani orqali milliy ongimiz, insoniy tushunchalarimiz, falsafiy olamimiz butunlay o‘zgarayotgani, XXI asrga tamoman boshqacha ruhiy-ma’naviy dunyoqarashimiz bilan kirib kelganimizni payqash qiyin emas.

Xotira va Qadrlash kunini munosib nishonlashdan ko‘zlagan bosh maqsadimiz – Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta’minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilishdan iborat.

Bu har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi.

Zero xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.

  

4-sonli TTJ tarbiyachi pedagogi Qutlimurotov Javlonbek axboroti,

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.