Yoshlar minbari
“Yoshlar press-klubi” — tom ma’noda yoshlar minbariga aylandi! "35 foizlik" o'zini oqladi! Munosib talabalarning shartnoma puli to'lab berildi! Bugun kun davomida “Yoshlar press-klubi”da 3 ta katta loyiha tashkil etildi.
Jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan oliy ta’lim muassasalarida to‘lov kontrakti asosida taxsil olayotgan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan talabalarning to‘lov kontrakti to‘lab berilganligi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ushbu loyihaga O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan, Ittifoq va oliy ta’lim muassasasi faoliyatidagi ma’naviy-marifiy va jamoat ishlarida faol ishtirok etgan yoshlar qatnashdi.
Respublikamizdagi 73 ta oliy ta’lim muassasalarining to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan 3279 nafar talabasi to‘lov-kontrakt pulining 35 foizini moddiy yordam tariqasida to‘lab berilishini so‘rab oliy ta’lim muassasalaridagi Yoshlar Kengashlariga murojaat qilgani spikerlar tomonidan ma'lum qilindi.
— To‘lov-kontrakt pulining 35 foizini moddiy yordam tariqasida to‘lab berilishini so‘rab murojaat qilgan 3279 nafar talabadan 1967 nafari moddiy qo‘llab-quvvatlashga tavsiya etildi, — dedi Yoshlar ittifoqi Markaziy apparati mas’ul xodimi Bahodir Kucharov. — 4 967 915 364,95 so‘m miqdoridagi summa oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha hisob-varaqlariga o‘tkazib berildi. 1312 nafar talabaning arizasi Nizom qoidalariga javob bermaganligi uchun rad etildi.
Anjumanda “Yosh kitobxon” tanlovi g‘olibasi Mohiniso Shomurodova ham ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Katta muvaffaqiyatlarga erishish uchun Yoshlar ittifoqining barcha imkoniyatlaridan unumli foydalanish lozimligini bildirdi.
Tadbirga tashrif buyurgan talaba-yoshlar ko‘zlarida quvonch ila Vatanimiz ravnaqi uchun yanada shijoat bilan xizmat qilishga va’da berishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu loyiha kelgusida minglab yoshlarning ijtimoiy himoyasi, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun muhim ahamiyat kasb etishi haqida fikr-mulohazalar bildirildi!
Yig‘ilgan talabalar ham kelgusida ushbu loyihaga ishtirok etishni maqsad qildi. Ushbu Press klubda institut Yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etdi. Shuningdek, institut yoshlar ittifoqi faol talabasi Iskandarov Hayitboy Speaker sifatida qatnashdi.
Yoshlar ittifoqining institut boshlang’ich tashkiloti yetakchisi Akmal Berdimurodov axboroti,
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov