Аnʼanaviy xalqaro qishki maktab oʼz ishini boshladi
Bugun 10-dekabr kuni dunyoning yetakchi olimlari va siyosat sohasi vakillari ishtirokida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muxandislari institutida anʼanaviy “Toshkent suv xavfsizligi” xalqaro qishki maktabi oʼz ishini boshladi. TIQXMMI tomonidan Germaniyaning tashqi ishlar vazirligi, Oʼzbekiston suv xoʼjaligi vazirligi, Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Germaniyaning Gelmgolts Potsdam geologik fanlar tadqiqot markazi (GFZ), Postdam iqlim oʼzgarishi ilmiy tadqiqot instituti, Xalle-Vittenburg shaxridagi Martin-Lyuter universiteti kabi hamkorlar bilan hamkorlikda “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida tashkil etilgan mazkur xalqaro qishki maktabning ushbu yildagi dasturi asosan iqlim oʼzgarishining suv resurslariga taʼsiri, ularni vaqtida baholash va oqibatlariga samarali moslashuv masalalariga yoʼnaltirildi.
“Toshkent suv xavfsizligi” xalqaro qishki maktabi ochilishiga bagʼishlangan yalpi majlisda soʼzga chiqqan yuqori martabali mehmonlar Germaniya tashqi ishlar vazirligi boshqarmasi boshligʼi janob E.Lange, TIQXMMI rektori prof. Oʼ.Umurzakov va Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati loyihasi rahbari Doktor K.Milov bugungi reallik sharoitda suv xavfsizligi oziq-ovqat, energetika va ekologik xavfsizlikning asosiy qismini tashkil etib, nafaqat alohida mamlakatlar balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishiga markaziy oʼrin tutishini taʼkidlashdi. Jumladan prof. Oʼ.Umurzakov mintaqada suv resurslari va suv bilan bogʼliq muammolar asosan transchegaraviy xarakterga ega boʼlgani uchun Markaziy Osiyo davlatlari oʼrtasidagi hamkorlik nafaqat BMT barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga, balki barqaror mintaqaviy rivojlanish va alohida mamlakatlarning milliy dasturlari va rivojlanish strategiyalarini amalga oshirish samaradorligiga ham sezilarli taʼsir koʼrsatishini taʼkidlab oʼtdi.
Xalqaro kishki maktabning maqsadlari quyidagilarni oʼz ichiga oladi:
-talabalar, tadqiqotchilar va qaror qabul qiluvchi doiralar vakillarining kelajakda Markaziy Osiyo mintaqasida qoʼllaniladigan bilim va koʼnikmalarini mustahkamlash;
- suv xoʼjaligi masalalari boʼyicha talabalar, mutaxassislar, olimlar va qaror qabul qiluvchi doiralar vakillari oʼrtasida muloqot uchun platforma yaratish, shuningdek;
- mintaqaviy salohiyatni rivojlantirishda barcha hamkorlarning ilmiy-texnik salohiyatidan foydalanish.
Xalqaro qishki maktabning ishtirokchilari mintaqadagi barcha mamlakatlar, shuningdek, mintaqada tashqarida joylashgan mamlakatlardan boʼlgan oliy taʼlim muassasalarining tegishli mutaxassisliklari talabalarini, doktorantlar va ilmiy xodimlarni hamda soha mutaxassislari va qaror qiluvchi doiralar vakillarini oʼz ichiga olgan. Qishki maktab dasturiga Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi va iqlim oʼzgarishiga moslashish boʼyicha qiziqarli maʼruza va interfaol munozaralar kiritilgan. Qizgʼin boʼhlgan maʼruzalar doirasida Markaziy Osiyoda suv xavsizligini taʼminlash masalalari boʼyicha yaxshiroq qaror qabul qilishga yordam beradigan innovatsion vositalar va usullar taqdim etildi. Ishtirokchilar tomonidan fan va texnologiyalarning zamonaviy natijalarni murakkab suv xavfsizligi muammolari yechimida qoʼllash va suv xavfsizligini oshirish mexanizmlari muokama qilindi. Xalqaro qishki maktab oʼz ishini ertaga 11- dekabr kuni ham davom ettiradi.
TIQXMMI matbuot xizmati