Professor-o'qituvchilar, doktorantlar, magistrlar va talabalar diqqatiga!

«Bir million o‘zbek dasturchisi» (One Million Uzbek Coders) loyihasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, «Dubay Future Foundation» jamg‘armasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, AT-akademiyasi va Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi AT-maktabi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyiha ixtisoslashtirilgan onlayn portal orqali aholiga bepul masofaviy ta'lim olish imkoniyatini beradi. Barcha xohlovchilar loyiha ishga tushirilishi bilanoq ishtirok etish uchun ariza topshirishi mumkin. Dasturning asosiy maqsadi – raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar avlodini tayyorlash va dasturlash bo‘yicha ularga kerakli bilim va ko‘nikmalarni berishdir.

Birinchi bosqichda loyiha global mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 4ta mutaxassislikni o‘z ichiga oladi: ma'lumotlarni tahlil qilish, Android ishlanmalar, FrontEnd ishlanma hamda FullStack ishlanma. Umumiy kurs 120 soatlik ta'lim uchun mo‘ljallangan. Har bir bosqich yakunida ishtirokchilar laboratoriya ishlarini tayyorlashadi va shundan so‘ng ularga maxsus sertifikatlar topshiriladi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar grantlarni qo‘lga kiritish uchun o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkaza olishadi va Udacity platformasidagi yuzdan ortiq Nanodegree dasturlarining birida o‘qishni davom ettirishlari mumkin. Buning uchun nomzod yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli topshirishi va eng yuqori ball to‘plagan 150 talaba ro‘yxatiga kirishi kerak.

Ta'kidlash joiz, Nanodegree diplomlari Google, AT&T, Autodesk, Salesforce va boshqa ko‘plab AT gigantlari tomonidan tan olinadi. Aytish lozimki, birinchi marotaba dasturchilarni masofaviy o‘qitish loyihasi Birlashgan Arab Amirliklarida «One Million Arab Coders» nomi bilan start olgan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida bir qator sohalarda, shu jumladan, axborot texnologiyalari sohasida ham hamkorlik kelishuviga erishilgan edi. Amirliklar hukumati loyihani O‘zbekistonga eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganib, konsepsiyani mamlakat sharotiga moslashtirish rejasini ishlab chiqdi va «One Million Uzbek Coders» deb nomlangan loyihani yo‘lga qo‘ydi.

Batafsil ma’lumotni http://www.uzbekcoders.uz/ kirib olishingiz mumkun.