“Agrar innovatsiyalar va resurslar” dissiplinar laboratoriyasini yaratish bo‘yicha innovatsion loyihasi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’limni modernizatsiyalash” loyihasi tarkibidagi Akademik innovsiyalar fondining yuqorida nomi keltirilgan loyihasi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakulteti “Iqtisodiyot (suv xo‘jaligida)” kafedrasida o‘z ishini boshladi. Loyiha Jahon banki tomonidan 70000 AQSh dollari miqdorida to‘liq moliyalashtirilgan bo‘lib, loyihani amalga oshirish davri 2 yilni tashkil etadi.
Ushbu loyiha “Iqtisodiyot” ta’lim yo‘nalishining amaldagi o‘quv reja va fan dasturlarini takomillashtirish, o‘quv rejaga yangi innovatsion turdagi fanlarni kiritish; yetakchi xorijiy universitetlarida qo‘llanilayotgan innovatsion yechimlarni joriy qilish orqali qishloq xo‘jaligida iqtisodiy muammolarni innovatsion-eksperimental usulni qo‘llash orqali yangi ta’lim yo‘nalishi dasturini ishlab chiqish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlash; mavjud professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirishga va ta’lim sifatini yaxshilashga ko‘maklashish; ta’lim jarayonida talabalar ishtirokini va ilmiy izlanishlarini faollashtirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
Yuqoridagi maqsadlarga erishishda “Agrar innovatsiyalar va resurslar” dissiplinar laboratoriyasini yaratish bo‘yicha innovatsion loyihasi O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish. Leybnis Instituti (IAMO) Xumboldt Universiteti, Toshkent Halqaro Vestminster Universiteti, Kozog‘istonning Nazarbaev Universitet, Yustus-Libig nomidagi Gissen Universiteti va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ushbu loyiha doirasida eksperimental iqtisodiy tadqiqotlarni olib borishga ixtisoslashgan klaster tuziladi, onlayn tarzda halqaro ekspertlar ishtirokida amaliy seminarlar, vebinarlar va seminar-treninglar o‘tkaziladi. Qishloq xo‘jaligida mavjud muammolarni yechishda dala tajribasi sharoitida eksperimental iqtisodiy tadqiqotlar o‘tkaziladi va zamonaviy modellashtirish usuli orqali aniq yechimlarini topiladi va qishloq xo‘jaligiga joriy etiladi.