Yoshlarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan insholar tanlovi
Yoshlarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirishga qaratilgan insholar tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida
NIZOM
I bob. Umumiy qoidalar
- Mazkur Nizom yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularda korrupsiyaga va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, shu jumladan davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, yoshlarda korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarga qarshi tura oladigan kuchli immunitetni shakllantirish maqsadida tashkil etiladigan insholar tanlovini (bundan keyingi o‘rinlarda - Tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
- Tanlov har yili an’anaviy tarzda sentyabr-dekabr oylarida o‘tkaziladi.
- Tanlovni o‘tkazish maqsadida institutda tashkiliy qo‘mita tuziladi.
Quyidagilar tashkiliy qo‘mitaning vazifalari hisoblanadi:
tanlovning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlashga qaratilgan chora- tadbirlarni ishlab chiqish;
tanlovni o‘tkazish doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;
insholar uchun mavzularni belgilash va tasdiqlash;
tanlov hay’atini tuzish va uning ishini muvofiqlashtirish;
tanlov hay’ati tarkibidan uning raisi va kotibini saylash;
tanlovning yuqori saviyada tashkil etilishini ta’minlash;
mazkur Nizomga ko‘ra, g‘oliblarni taqdirlash va rag‘batlantirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish.
- Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat boshqarmasi Respublika tashkiliy qo‘mitasining, Respublika Adliya vazirligi va Toshkent shahar adliya boshqarmasining Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘limlari esa institut tashkiliy qo‘mitasining ishchi organi hisoblanadi.
II bob. Tanlovni o‘tkazish tartibi
- Tanlov uch bosqichda (tuman (shahar) - respublika) quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:
birinchi bosqich: 18 sentyabr - 8 oktyabr (9-16 oktyabr - baholash va natijalarni e’lon qilish);
ikkinchi bosqich: 20 oktyabr - 6 noyabr (7-11 noyabr - baholash va natijalarni e’lon qilish);
uchinchi bosqich: 14 noyabr - 22 noyabr (23-30 noyabr - baholash va natijalarni e’lon qilish).
Agar yuqoridagi bosqichlardan birida uning oxirgi kun(lar)i dam olish sanasiga (shanba, yakshanba yoki bayram) to‘g‘ri kelganda tanlovga tegishli hujjatlar ushbu kun(lar)ga qadar qabul qilinadi.
- Tanlov ikki guruh kesimida o‘tkaziladi:
birinchi guruh - litsey o‘quvchilari o‘rtasida;
ikkinchi guruh - institut talabalari o‘rtasida.
- Tanlovni o‘tkazishda quyidagilar mas’ul hisoblanadi:
oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida:
birinchi bosqich uchun tegishli oliy ta’lim muassasasi;
ikkinchi boskich uchun Respublikasi Adliya vazirligi va Toshkent shahar adliya boshqarmasi.
- Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan ham birinchi, ham ikkinchi guruhga birinchi, ikkinchi va uchinchi bosqichning har biriga mo‘ljallangan alohida uch xil nomdagi insholar mavzusi tanlanadi hamda ular belgilangan muddatlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali barchaga ma’lum qilib boriladi.
- Ishtirokchilar ushbu mavzular ichidan bevosita o‘zlari bitta mavzuni tanlagan holda tegishli bosqich uchun o‘z inshosini yozishadi hamda belgilangan tartibda tegishli tanlov hay’atiga taqdim etishadi.
- Tanlovning birinchi guruhi uchun nomzodlar o‘z ijodiy ishlarini ota-onasi yoki o‘qituvchisi nomidan kuzatuv xati (unda ishtirokchi va ota-ona yoki o‘qituvchi haqida ma’lumot hamda aloqa ma’lumotlari ko‘rsatiladi) bilan birga, ikkinchi guruh esa o‘zi hakidagi ma’lumotnoma (ob’ektivka) bilan birga topshiradilar.
Ma’lumotnomada aloqa ma’lumotlari (e-mail, telefon raqami, manzil) ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
- Birinchi guruh doirasida:
har bir bosqichda uchtadan g‘olib keyingi bosqichga o‘tkaziladi;
ikkinchi bosqich yakunlari bo‘yicha ushbu guruhdan Respublika bosqichiga Toshkent shahridan uchtadan ishtirokchi yetib keladi.
- Ikkinchi guruh doirasida:
birinchi bosqichda tegishli tumandagi mavjud oliy ta’lim muassasalaridan uchtadan, agar ushbu hududda fakatgina bitta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritayotgan taqdirda kamida oltita g‘olib keyingi bosqichga o‘tkaziladi;
ikkinchi bosqich yakunlari bo‘yicha ushbu guruhdan Respublika bosqichiga Toshkent shahri va har bir viloyatdan uchtadan, jami 42 nafar ishtirokchi yetib keladi.
Respublika bosqichida har bir guruhdan uchinchi, ikkinchi va birinchi o‘rinlar bo‘yicha jami 6 nafar g‘oliblar tanlovning respublika hay’ati tomonidan aniqlanadi.
III bob. Tanlov g‘oliblarini aniqlash
- Tashkiliy qo‘mita tomonidan tanlovning respublika bosqichiga yetib kelgan ishtirokchilar o‘rtasidan g‘oliblarni aniqlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining kamida ikki nafar mutaxassisidan iborat kamida 6 kishilik tarkibda tanlovning respublika hay’ati tuziladi.
Xuddi shuningdek, birinchi va ikkinchi bosqichdagi ishtirokchilar orasidan g‘oliblarni aniqlash maqsadida ham har bir guruh uchun mas’ul tashkilotlar vakillaridan iborat tarkibda tanlovning hududiy hay’atlari tuziladi.
- Hududiy hay’atlar birinchi bosqichda kelib tushgan insholarni 9-16 oktyabr kunlari hamda ikkinchi boskichdagi insholarni esa 7-11 noyabr kunlari ko‘rib chiqadi va nomzodlar orasidan keyingi bosqich uchun g‘oliblarni aniqlaydi hamda bu to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Respublika hay’ati ikkinchi bosqich natijalari bo‘yicha uchinchi bosqichga yetib kelgan ishtirokchilarning insholarini 23-30 noyabr kunlari davomida ko‘rib chiqib, ular orasidan har bir guruh bo‘yicha uchinchi, ikkinchi va birinchi o‘rin sohiblarini aniqlashi hamda bu to‘g‘risida qaror qabul qilishi lozim.
- Tanlov hay’atining qarori ochiq ovoz berish orqali ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda hay’at raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
- Tanlov natijalari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma barcha hay’at a’zolari tomonidan imzolanadi.
- Birinchi bosqich yakunlari bo‘yicha qabul qilingan hay’at qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda 17-18 oktyabr kunlari davomida qarorning ustidan ikkinchi bosqich bo‘yicha tuzilgan tegishli hay’atga murojaat qilinishi mumkin.
Bunda ushbu hay’at tomonidan tegishli murojaat 19 oktyabr kuniga qadar qayta ko‘rib chiqilishi va qaror qabul qilinishi hamda natijasi haqida hududiy ishchi organi orqali murojaatchiga ma’lum qilinishi lozim.
- Ikkinchi bosqich yakunlari bo‘yicha qabul qilingan hay’at qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda 12-13 noyabr kunlari davomida qarorning ustidan respublika hay’atiga murojaat qilinishi mumkin.
Bunda ushbu hay’at tomonidan tegishli murojaat 14 noyabr kuniga qadar qayta ko‘rib chiqilishi va qaror qabul qilinishi hamda natijasi haqida respublika ishchi organi orqali murojaatchiga ma’lum qilinishi lozim.
- Respublika tanlov hay’ati tomonidan uchinchi bosqich natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror muhokama qilinmaydi.
IV bob. Tanlov g‘oliblarini taqdirlash
- Tanlov g‘oliblarini taqdirlash haqidagi ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Tegishli nominatsiya bo‘yicha g‘olib bo‘lgan nomzod shaxsan xabardor qilinadi.
- Tanlovning har bir guruhi bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash uchun sovg‘alar tanlov boshlanishidan oldin Respublika tashkiliy qo‘mitasi tomonidan belgilanadi va tasdiqlandi.
Har bir o‘rin uchun tasdiqlangan sovg‘alar haqidagi ma’lumot Respublika ishchi organi tomonidan OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilinadi.
G‘oliblarning diplomlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi rahbarlari tomonidan imzolanadi.
- Tanlov natijalarini e’lon qilish hamda g‘oliblarni taqdirlash qoida tariqasida Konstitutsiya kuni hamda “9 dekabr-Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni” arafasida tanlov hay’ati a’zolari, ishtirokchilar, ijodiy jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif qilingan holda amalga oshiriladi.
- G‘oliblarga va boshqa ishtirokchilarga homiylar tomonidan ta’sis etiladigan boshqa qimmatbaho sovg‘alar ham berilishi mumkin.
Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari matbuotda e’lon qilinadi.
VI bob. Yakuniy qoidalar
- Tanlovni o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi hamda homiylarning mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi.
Nomzodlar tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan materiallar bo‘yicha izoh yoki sharh berilmaydi va ular egalariga qaytarilmaydi. Tanlov ishtirokchilarining tanlovlarda hamda taqdirlash marosimida ishtirok etish bilan bog‘lik xarajatlari ularning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.