Noyob me’moriy mo‘jiza Zangi ota majmuasida xayot faoliyati xavfsizligi yo‘nalishi 409 guruh talabalari ziyoratda
Biz guruximiz talabalari va guruh murabbiyimiz dost. Parmanov A.E. bilan 2018 yilning 23 fevral kuni Zangi ota ziyoratgohiga bordik. U yerda juda ko‘p tarixiy ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Ulardan: Zangi ota ziyoratgohi Toshkent shahri yaqinidagi Zangi ota qishlog‘ida joylashgan muqaddas qadamjo bo‘lib, ushbu ziyoratgohga ulug‘ bobomiz Amir Temur tomonidan asos solingan. Ziyoratgoh yetuk ahloq-odob sohibi, xakim va tabib, so‘fiy va avliyo Zangi ota hazratlariga atab ular yashab, dafn etilgan joylarida qad rostlagan. Sohibqiron Zangi ota qabrini topish uchun tushida ayon bo‘lgan yo‘riq asosida oq tuya bilan bir guruh sinchi kuzatuvchi odamlarning ezgu niyat bilan yo‘lga chiqargan. So‘ngra Amir Temur o‘sha oq tuya hozirgi Zangi ota qishlog‘iga kelib cho‘kkan joyda avliyo otamizga maqbara bunyod ettirgan va nevarasi- buyuk olim va shox Mirzo Ulug‘bek tomonidan ziyoratgohiga qo‘shimcha qurilishlar qilingan. Keyinchalik XV-XXI asrlar davomida Zangi ota ziyoratgohi goh mana shunday bunyodkorliklar tufayli yanada obod bo‘lgan, goh esa vayronkorliklarga uchragani tarixdan ma’lum. Ayniqsa sobiq sho‘rolar davrida ushbu muqaddas qadamjo qattiq tahqirga uchragan bo‘lib, bu yerni viloyat ateistlar uyi, keyinchalik esa dahriylar muzeyiga aylantirilgan. 1959 yilga kelib Zangi ota me’moriy ansambli tarkibidagi madrasa, masjid va maqbarada ko‘zi ojizlar yotoqxonasi va ustaxonalar faoliyat ko‘rsatgan. Istiqlol yillarida Zangi ota ziyoratgohiga o‘z mavqeyi qaytarildi. Endilikda ziyoratgoh ziyoratchilar va sayyohlar uchun ochiq maskanga aylantirilib, turli ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Zangi ota me’moriy yodgorligi XIV asr oxiridan XX asr boshlarigacha, ya’ni 600 yil davomida shakllanib kelgan. Majmua Zangi ota maqbarasi, xonaqoh va madrasa, masjid va ayvon, asosiy peshtoq, 1,5 gektarlik ko‘kalamzorlashtirilgan maydon, XX asrning 70 yillarida qurilgan beton hovuzdan iborat bo‘lgan. Zangi ota hazratlari Markaziy Osiyo mintaqasida ІX–XІІ asrlarda yuz bergan birinchi ilmiy-madaniy yuksalish, ya’ni ilk Sharq Uyg‘onish davrining namoyandasi, o‘z zamonida hikmat va ma’naviyat, din va tasavvuf rivojiga katta hissa qo‘shgan mutasavvif va avliyo bobolarimizdandir. Xonalarga darcha va tobdonlar orqali yorug‘lik tushgan. Go‘rxonadagi oq marmardan ishlangan qabrtosh, ayniqsa, diqqatni tortadi. Toshga g‘oyatda mohirlik bilan nafis o‘yma naqsh va arabiy xatlar bitilgan. Qabr shakli va naqshlardagi uslub uning qadimiyligidan dalolat beradi. Yon tomondagi yuza qismida arab tilida quyidagi mazmundagi she’r o‘yilgan: “Biz sog‘lik va sayohatdan zavqlanamiz. Ammo vaqti kelib bir-birimizdan ayrilamiz. Chunki vaqt seviklilarni ayiruvchidir”. Marmar bitiktoshning bir yon qirrasiga kufiy va suls xatida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Qabr amallar sandig‘idir”, degan hadislari bitilgan. Vaqtlar o‘tib maqbara oldiga peshtoq va ikkita ko‘ndalang xona qurilib, bezak berilgan. Peshtoq va xonalar tashqi devori, ziyoratxona va maqbara poygumbazi sayqallangan g‘ishtchalar, o‘ymakor rang-barang koshinlar bilan bezatilgan. Zangi ota maqbarasining yana bir noyob va o‘ziga xos jihatiga to‘xtalish joiz. O‘sha davr me’morchiligida peshtoqni imoratning yon qanotlaridan oldinga surib qurish odat tusiga kirganini mintaqamizdagi deyarli barcha me’moriy yodgorliklar misolida ko‘rish mumkin. Zangi ota maqbarasining peshtoqi esa ikki yonidagi xona devorlari bilan bir chiziqda qurilgan, ya’ni shu devorlarning dami bo‘lib tushgan. Bundan tashqari, imoratning sirtidagi izoralar peshtoq ayvonidagi supalar bilan bir balandlikda qilib ishlangan. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarni eshitib talabalarimiz Zangi ota kabi buyuk avliyolarimiz bizning yurtimizda yashab o‘tganligiga ming bor shukur aytib, Zangi ota va Anbar ona kabi aziz-avliyolarimizga nasib etgan ilm va ma’rifatdan barchamizni baxramand etishligini, buyuk zotlar duosi, xurmati va sharofati bilan yurtimiz tinch, xayotimiz farovon, biz yoshlarni ilm va saloxiyatli farzandlari bo‘lishligini so‘rashdi.