Muqobil energiya manbalarining istiqbollari
Mamlakatimizda elektr iste’moli har yili ortib bormoqda. 2000 - yilda bir oilaning oylik iste’moli 114 kVt/soatni tashkil qilgan bo`lsa, hozirga kelib bu ko`rsatgich 175 kVt/soatni tashkil etmoqda. Ayni vaqtda elektr energiyasining muqobil manbalarini joriy etishni jadallashtirish yurtumizning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanib kelmoqda. Shu sababli ilmiy markazlar bir necha yillardan buyon muqobil elektr energiyasidan foydalanish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida yurtimiz energetika sohasini o`rganishmoqda. Kelajakda yurtimizda energetik, ekologik, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlashda hamda energetika sohasini barqaror rivojlantirish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, shak-shubhasiz zarurdir. Kelgusi avlodlar uchun tabiiy boyliklarni saqlab qolish va ekologiyani muhofaza qilishning zaruriy sharti qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalarini o`zlashtirish hisoblanadi.
So`nggi yillarda respublikamizning iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi elektr energiyasini tejashni ta’minlash bo`yicha keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va Respublika energiya samaradorligini oshirish bo`yicha hukumatning asosiy qarorlaridan biri, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 - yil 5 - maydagi PQ-2343-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Energiya tejovchi texnologiyalar va tizimlarni joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi” to`g`risidagi qaror bilan tasdiqlangan “2017-2019 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirsh, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlar dasturi to`g`risida”gi farmoni hisoblanadi.
Qayta tiklanuvchan energiya manbalari, zamonaviy qurilmalari haqida talabalarga yangi ma’lumotlar berish bo`yicha Institutimizning professor-o`qituvchilari chuqur izlanishlar olib bormoqdalar. Shular jumlasidan “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasining bir qator professor-o`qituvchilari kafedra mudiri D.B.Qodirov boshchiligida A.I.Anarbayev, A.Q.Davirovlar qayta tiklanuvchan energetika jihozlari ishlab chiqaradigan tashkilotlar bilan hamkorlik ishlarini olib bordilar hamda shu soxa vakillari bilan nazariy va amaliy bilimlarini almashinishdi. Hamkor tashkilotlar tomonidan kafedraning kelgusi ishlariga rivoj tilab va qayta tiklanuvchan energiya manbalari bo`yicha yetuk mutaxasislarni yetishtirib chiqarishimizga ishonib qolishlarini bildirgan holda kafedra uchun o`zlarining tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan energetika jihozlarini taqdim etishdi.
“ Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari “ kafedrasi assistenti Alisher Davirov axboroti
Institut matbuot markazi rahbari R. Jumaniyozov