Tuproq kartalarini tuzish
Tuproqlarni kartaga tushirish qishloq xoʼjaligida, ilmiy tadqiqotlarda oʼta muhim ahamiyatga ega ekanligi sababli, u yuqori darajada rivojlangan mavzuli kartaga olishning bir turi hisoblanadi. Dotsent O.Roʼziqulova tomonidan 28.10.2021 kuni YRB fakulteti, Geodeziya va geoinformatika yoʼnalishi talabalariga oʼtiladigan Tabiiy kartalarni loyihalash va tuzish fanidan “Tuproq kartalarini loyihalash va tuzish” mavzusini yoritilishida soha egalaridan “Tuproqshunoslik va dehqonchilik” kafedrasi dotsenti O.Xaqberdiev ochiq darsga taklif etildi. Tuproqshunos olim tuproq va uning xususiyatlarini kartaga olish yoʼllari, dala tadqiqotlarini olib borish uslublari yuzasidan talabalarga keng va batafsil maʼlumotlar berdi.
Jumladan: tuproqlarni paydo boʼlishida ona jinsni roli; Oʼzbekistonda va dunyoda tuproqlarni zonal tarqalishi; tuproqlarni balandlik mintaqalanishi; Orolqum kengliklarida yuzaga chiqib qolgan shoʼrxoklar va ularni tevarak atrofga shamol taʼsirida tarqalmasligi oldini olish choralari; yerlarni ball boritetini aniqlash; oʼlkamizda choʼl, togʼli va togʼ oldi hududlarida tarqalgan tuproq tiplari hamda ularni muhofaza qilish boʼyicha boy tajribalari bilan oʼrtoqlashdi.
Kartaga olish yoʼllari V.V.Dokuchaev (1903) gʼoyasi boʼyicha tizimlangan va tuproqlarni genetik tasniflashga asoslanib ishlab chiqilgan. Tuproqshunoslar tuproqni tabiiy-tarixiy jism deb hisoblab, uni ishlab chiqarish obʼekti sifatida oʼrganadi. Tuproq qoplamini oʼrganish xalq xoʼjaligi muammolarini yechish va amaliy tadbirlarni olib borishga zarur boʼlgan muhim maʼlumotlarni beradi. Qishloq xoʼjaligini tez rivojlanib borayotganligi sababli yer resurslari miqdorini hisobga olish, yer fondi sifatini baholash – bugungi kunda muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Bu vazifalar davlat miqyosida, yoki muayyan bir xoʼjalik boʼyicha turli masshtabli tuproq kartalari yordamida yechilmoqda. Tuproq ona jins yotqiziqlari ustida va tuproq hosil boʼlish jarayonida, iqlim va biologik omillar asosida rivojlanadi. Har bir tuproq qatlami koʼrsatkichlari chuqurlikga tomon oʼzgarib boradi. Natijada, tuproq tiplarga, xillarga ajratiladi va ular oʼziga xos genetik xususiyatlarga ega. Tuproqshunos olimlardan: А.Kovda, S.Аbdullaev, R.Qoʼziev, O.Аxmedov va boshqalar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Oʼlkamizda koʼp uchraydigan tuproq shoʼrlanishini birlamchi va ikkilamchi yuzaga kelish sabablariga ham toʼxtalib oʼtildi. Tuproq qoplami – bu hudud boʼyicha tarqalgan tuproqlar birlashmasidir. Ochiq dars soʼngida talabalar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Jumladan: dala tadqiqotlarida olib boriladigan “kalit maydonlar”da bajariladigan ishlar, tuproq kartasini tuzishdagi uslublar, respublika tuproqlarida uchraydigan oʼzgarishlarni kartalashtirishda maʼlumotlar bazasiga kiritilishi, hosildorlikni koʼpaytirish uchun qilinadigan agrotexnik va meliorativ ishlar, raqamli tuproq kartalarini tuzish va ulardan foydalanish yuzasidan boy maʼlumotlar oldilar.
Maʼlumotlar: Geodeziya va geoinformatika kafedrasi dotsenti O.Roʼziqulova tomonidan tayrlandi.