AJDODLAR XOTIRASI MUQADDAS QADRIYAT
Joriy yilning 23 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan «Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda belgilangan vazifalar ijrosini sifatli ta’minlash, mamlakatimizda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushida hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasini yod etish, bugun ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 74 yilligini nishonlash maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti harbiy kafedrasi tomonidan joylarda «Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat» mavzusida tadbirlar tashkil etildi. «QATAG‘ON QURBONLARI XOTIRASI» davlat muzeyida tashkil etilgan ushbu tadbir ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.
Shahidlar maydonidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi QATAG‘ON QURBONLARI XOTIRASI davlat muzeyida o‘tkazilishining asosiy sabablaridan biri mana shu muqaddas zamin 1937-1953 yillarda sobiq sho‘rolar davrida amalga oshirilgan ommaviy qatog‘onlarning oqibatida O‘zbekiston bo‘yicha 100 ming kishi qatog‘on qilinganligiga hamda ulardan 13 ming nafar vatandoshlarimiz aybsiz otib tashlanganligiga guvohlik beradigan makon ekanligidir. Insoniy qadr-qimmati toptalgan bu insonlar orasida nafaqat arbob va ziyolilar, balki yuzlab oddiy insonlar, yurtimizda istiqomat qilgan, deyarli barcha millat va elatlarning vakillari ham bor edi. Tadbirni samarali va esda qolarli darajada tashkil etish maqsadida turli soha vakillari taklif etildi.
Bular filologiya fanlari nomzodi, xalqaro «Antik dunyo» va «Turon» fanlar akademiyalarining akademigi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining matbuot kotibi Jumaniyozov Rahimboy Matkarimovich tomonidan «Xotirlash – insonning yodi va jamiyatdagi o‘rniga munosabatdir», O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahridagi vakili, shahar bosh imomi va Yunusobod tumani «Minor» jome masjidi imom-xatibining o‘rinbosari Sotimov Sahobiddin domla tomonidan «Islom dinida xotira va qadrlash, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish masalalari», Qurolli kuchlar faxriysi, «Sodiq xizmatlari uchun» medal sohibi, harbiy kafedra katta o‘qituvchisi Ergashev Haydar Ikramovich tomonidan «2005 yil 13 maydagi Andijon voqealari», harbiy kafedra katta o‘qituvchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Navruzov Rahmat Mahmudovich tomonidan «Qurolli Kuchlar ko‘zi» hisoblangan harbiy topograflar xizmati to‘g‘risida», harbiy kafedra o‘qituvchisi Qurolli Kuchlar xizmatchisi Umirov Mannop Temirovich tomonidan «O‘zbekiston Ikkinchi jahon urushi yillarida» mavzularidagi ma’ruzalar tadbir ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olindi.
Tadbir yakunida Shahidlar maydonidagi ramziy qabr poyiga gulchambarlar qo‘yildi hamda marhumlarning xotirasini yod etish maqsadida Yunusobod tumani «Minor» jome masjidi imom-xatibining o‘rinbosari Sotimov Sahobiddin domla tomonidan muqaddas Qur’on sura va oyatlaridan tilovat qilindi.
Ushbu tadbir barcha qatnashchilarning yodida uzoq vaqt saqlanib qolishi aniq.
TIQXMMI harbiy kafedrasi boshlig‘i podpolkovnik R. Minlishev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov