Teаtrning tаrovаtli tаrbiyаviy tuhfаsi

Maʼnaviy hordiq chiqarish aslida, ish unumining oshishi, oradagi munosabatlarni mehr va samimiyatga qurilishiga zamin hozirlaydi. Ruhiyatning tetik va kayfiyatning koʼtarinki boʼlishiga nima yetsin. Hayot haqiqati sanʼat tili bilan badiiyatga yoʼgʼrilishida ulugʼ hikmat bor. Buni anglash ehtiyoji sizni beixtiyor teatrga yetaklaydi. Jadid maʼrifatparvari Mahmudxoʼja Behbudiy eʼtirof etganidek, teatr bu ibratxonadir. Shunday ekan, koʼz va quloq orqali olingan axborot ham qalb malhami sifatida ibrat va izzatning mohiyatini anglatadi.

1-aprel kulgi va hazil kuni oʼrnida eʼtiborga molik. Bu ham insonlarning zavq-u shavqiga bois boʼluvchi bayram. Аna shu munosabat bilan bayram tabrigi va jamoamizning kayfiyatiga koʼtarinkilik baxsh etish maʼnosida madaniy hordiq chiqarishlarini nazarda tutgan holda, Oʼzbek milliy akademik drama teatriga spektakl tomoshasiga tashrif amalga oshirildi. Milliy teatrning zali Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining jamoasi bilan gavjum, liq toʼla boʼldi. Spektakl boshlandi.

“Koʼngil” nomli spektakl tomoshasi davomida mahoratli aktyorlar Farhod Аbdullaev, Muqaddas Xoliqovalarning sahnadagi harakatlari va gap - soʼzlari tomoshabinlarni dam kuldirib, dam oʼylantirib tomoshabinlarga zavq baxsh eta boshladi. Tomoshabinlarning diqqatini tortgani voqea-hodisalar zanjiri ijtimoiy-maishiy mavzuda boʼlganidir. Oilaviy munosabatlar kelin va qaynona, kuyov va ota-ona munosabatlari zamiriga qurilgan munosabatlar va koʼngil kechinmalari unda roʼyi rost ifodasini topgan.

Mavlono Lutfiy iborasi bilan aytganda “Zor-u hayron qiladurgan, bu koʼnguldur, bu koʼngul” misralarning mazmun-mohiyati spektakl nomidagina emas, balki spektaklning syujetida ham oʼzining toʼla inʼikosini topgan desak, mubolagʼa boʼlmas. Koʼngil rishtasi mustahkam boʼlishi uchun munosabatlar samimiyat va oʼzaro ishonchga qurilishiga bogʼliq. Doʼst boʼlish oson, lekin uni saqlash qiyin, uzma doʼstlik torini bogʼlash qiyin degan shoirning misralari beixtiyor yodga keladi. Teatr tomoshasidan olingan zavq va xulosa shu boʼldiki, koʼngil koʼngildan kuch oladi, qalb qalbdan huzur oladi. Dil malhami faqat suvratda emas, balki siyratda hamdir. Gap pardoz - andozda emas, dil rozida, koʼngil parvozida ekanini his etasiz. Personajlar tilidan aytilgan Umar Xayyomning “Lutfingla bir qulni qila olsang, yaxshidur yer yuzin qilgandan obod”-degan bitigi koʼngil timsoliga aylangani rost. Institutimizning rahbariyati, kasaba qoʼmitasi teatr tomoshasiga taklifi bilan jamoamizga koʼngil quvonchi va bayram tuhfasini baxsh etganidan xodimlar benihoya shod boʼlishdi.

 TIQXMMI matbuot xizmati