Akademik litsey iqtidorli o‘quvchilarni saralash boshqichida
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali huzuridagi akademik litseyi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2018 yil 23 martdagi “Akademik litseyga umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini tanlab olish tartibi to‘g‘risida”gi № 212 – sonli qarorini ijrosini ta’minlash maqsadida yangi tashkil etilgan ilm dargoxini tanitish, undagi tashkil etilgan o‘quv jarayonlari, imkoniyatlari, shart-sharoitlari va amalga oshirilayotgan ko‘pgina ishlari, erishilib kelinayotgan yutuqlari to‘g‘risida targ‘ibot ishlarini amalga oshirib kelmoqdalar.
Shu bois 2020-2021 o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ayni kunlarda Qarshi tumanida joylashgan 60 ta maktabga tashrif buyurmoqdalar. Bu tashrifdan maqsad, akademik litseyda viloyat miqyosida eng iqtidorli 9-sinf o‘quvchilarini aniqlash va tanlab olish ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirgi kungacha 40 dan ortiq maktablarga akademik litsey o‘qituvchilari tomonidan tayyorlanilgan maxsus fanlardan imtixon savollari o‘tkazildi va natijada 180 dan ortiq sertifikatlari tarqatildi. Ushbu sertifikatni qo‘lga kiritgan bilimli va iqtidorli maktab bitiruvchilari akademik litseyda qabul test natijalarida to‘plangan maksimal ballning 25 % ni qo‘lga kiritadilar. Tashrif davomida albatta akademik litseyning tashrif qog‘ozlari tarqatilmoqda.
Qolaversa, akademik litsey o‘qituvchi xodimlari tomonidan Qarshi tuman targ‘ibot ishlari yakuniga yetgandan so‘ng navbat bilan Qashqadaryo viloyatining barcha maktablariga tashrif buyurib, eng iqtidorli, bilimli o‘quvchi yoshlar akademik litseyning keyingi qabul jarayoniga jalb etiladi va ularning ham eng kuchlilari 1 – bosqichga qabul qilinadi. Ushbu tadbir qabul jarayoni boshlangungacha amalga oshirilib boriladi.
Institut matbuot xizmati