Iqtidor va e’tibor
TIQXMMI Xotin-qizlar kengashi (XQK) hamda “Yer resurslarini boshqarish” (YERB) fakulteti, institut Yoshlar bilan ishlash bo‘limi bilan hamkorlikda Akademik T.N.Qori Niyoziy merosi fondining stipendiyasi va ikki bora O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibi I.Abduraxmanov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibasi G.Jo‘rayevalar bilan “Iqtidorni shakllantirish yo‘llari” mavzusida iqtidorli talabalar uchun mahorat darsi masofadan zoom orqali tashkil etildi. Vebinar shaklida o‘tkazilgan mazkur mahorat darsida Institut XQK raisi Z.Ismailova, XQK a’zolari, YeRB fakulteti dekani dots. Sh.Narbayev, institut Yoshlar yetakchisi A.Berdimurodov va ustoz-murabbiylar, iqtidorli talabalar qatnashdilar. Vebinarni institut XQK raisi prof. Z.Ismailova ochib berib, har bir odam dunyoga kelar ekan, o‘zining iqtidoriga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Inson shaxs bo‘lib kamol topar ekan, iqtidorni shakllantirish, yuzaga chiqarish uchun nimalar qilish kerakligini bilmaydiganlar bor. Mazkur vebinar dasturida: Siz o‘z iqtidoringizni yuzaga chiqarmoqchimisiz, Nomdor stipendiant bo‘lish uchun nimalarga e’tibor berish kerak; Chet elda grant asosida tahsil olish uchun nimalar qilish kerak; ilmiy maqolalar yozish mavzusi, soni; talabalar uchun respublika va chet el grant loyihalarida ishtirok qilish uchun nimalarga e’tibor beriladi, kabi savollarga javob olish uchun oramizda o‘qib, ishlab, yelkama-yelka bizlar bilan birga yurgan iqtidorli doktorantimiz I.Abduraxmanovga bersak, tajribalarini o‘rtoqlashsa.
I.Abduraxmanov so‘zga chiqib, vebinar tashkilotchilariga minatdorchilik bildirgan holda, o‘zini tanishtirdi. U 1989 yil Namangan viloyatini Uychi tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Onasi – o‘qituvchi, otasi-oshpaz. 1997-yil aniq va ijtimoiy fanlarga ixtisoslashgan maktab-internatda (sobiq o‘zbek-turk litseyi) o‘qigan. 2007-yil Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining (TIMI) Yer tuzish va yer kadastri bakalavriatura yo‘nalishiga grant asosida o‘qishga qabul qilingan. 2011-yilda “Yer resurslaridan foydalanish” va boshqarish magistratura mutaxassisligiga o‘qishga qabul qilingan. 2013-yil “Geodeziya va yer kadastri” kafedrasida assistent lavozimida ishlagan. 2014-yilda Erazmus-mundus xalqaro loyihasi grantini yutib, Vengriyaning G‘arbiy Vengriya universitetiga Geografiya (geoinformatika) mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaga o‘qishga kirgan va 2016 yil uni muvaffaqiyatli tamomlab, TIMI “Geodeziya va yer kadastri” kafedrasida ishlay boshlagan. 2017-2019 yil davomida TIQXMMI Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. 2019-yildan institutda 11.00.07 – Geoinformatika ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoraturada tahsil olmoqda. I.Abduraxmanov bakalavriaturaning 2-bosqichida Akademik T.N.Qori Niyoziy merosi fondining stipendiati bo‘lgan. Bu muvaffaqiyat keyingi natijalar kaliti bo‘ldi. Magistraturada o‘qish davomida 2012-yil magistrantlar o‘rtasida Qishloq va suv xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lgan. 2021-yil tayanch doktorantlar o‘rtasida Qishloq va suv xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasini qo‘lga kiritgan. U bakalavriaturaning 1-bosqichidan boshlab, institutda Yerdan foydalanishni rivojlantirish markazida ish o‘rganuvchi (volontyor) bo‘lib ishlagan hamda ustozlari O.Akbarov va T.Boltayevdan xalqaro loyihalarda ishtirok etish ko‘nikmasini egallagan. O‘z ustida ishlab, chet tilini chuqur o‘rganish maqsadida ingliz va rus tilini til markazlarida kurslarga qatnashib, shuningdek, mustaqil ravishda chuqur o‘rgangan. Magistratura bosqichidan boshlab xalqaro loyihalarning to‘liq a’zosi sifatida ishlashni boshlagan. I.Abduraxmanov bugungi kunda Oliy ta’limda salohiyatni oshirishga qaratilgan Erazmus+ “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” va Erapmus+ “NISoPA: Aniq (koordinatali) qishloq xo‘jaligi uchun yangi va innovatsion kurslar” loyihalari, shuningdek, 4 ta Erazmus+ Xalqaro kredit-mobillik almashinuvi loyihalari koordinatori hisoblanadi. Xalqaro loyihalarda ishlash tajribasining hammasini bakalavriatura va magistratura bosqichida ustozlaridan o‘rgangan. Barcha ustozlarining mehnati samarasi sifatida yutuqlarga erishgan. U oilada to‘ng‘ich farzand, 3 nafar singillari bor va ularning 2 nafari oliy ma’lumotli, vrach va o‘qituvchi kasbini egallagan. Kichik singlisi esa maktabda o‘qiydi. Oilali, 1 nafar farzandi bor, O‘zbekistonning baxtli oilalaridan biri. I.Abduraxmanov o‘zini tanishtirgach, vebinar jonli muloqot asosida savol-javoblar tariqasida olib borildi.
Savol-javoblarga o‘tildi.
Dots. O.Ro‘ziqulova: Rahmat, avtobiografiyangiz bilan tanishdik. Havas qiladigan hayot yo‘lingiz va oilangiz bor ekan. Albatta, yutuqlarga ota-onangizning tarbiyasi, ustozlarning yo‘l-yo‘riqlari hamda intilishlaringiz sababli erishgansiz. Savolni o‘zim boshlab bermoqchiman. Prezident stipendiati bo‘lish uchun ilmiy maqolalarning ahamiyati katta. Talabalarda qaysi mavzuda, nechta va nega yozish kerak, degan savollar ko‘p tug‘iladi. I.Abduraxmanov: ilmiy maqola har qanday nomdor stipendiyaga hujjat topshiraman degan talabalar uchun kerak. Ilmiy maqolada mavzu doirasida fikr bildiriladi. Meni 2009 yil birinchi maqolam e’lon qilingan. Ustozim dots. A.Bobojonov rahbarligida yozilgan. Bakalavr bosqichida, magistraturada va doktoranturada ham ustoz ilmiy ishlarimga rahbarlik qilib kelmoqdalar. Ilmiy maqola yozishda ustozlarning maslahati muhim hisoblanadi. Mavzu bo‘yicha esa, har bir odam o‘zining qiziqishidan, bilim hamda ko‘nikmalaridan kelib chiqib mavzuni erkin tanlashi kerak, deb o‘ylayman. Olaylik, mavzu fandagi qaysidar masalalar yechimiga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Ilmiy maqola yozish mavzu yuzasidan adabiyotlarni o‘rganish va tahlil qilishdan boshlanadi. Yerdan foydalanishning ahamiyati bo‘yicha yozilgan maqolam adabiyotlar tahlili natijasida yozilgan. Keyingi maqolam esa, statistik tahlillar asosida, jadvallar tahlil qilinib, danimika ishlab chiqilgan. O‘zgarishlar asoslangan. Asosli xulosa va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Behzod ismli ishtirokchi tomonidan 1-bosqich talabalariga tavsiyalaringiz, degan savol yo‘llandi.
I.Abduraxmanov: Eng avvalo, maqsadni to‘g‘ri qo‘yish kerak. O‘zimdan misol qilib keltiradigan bo‘lsam, institutga tayyorgarlik jarayonida maqsad OTMga davlat granti asosida o‘qishga kirib, yetuk mutaxassis bo‘lish edi va erishdim, deb o‘ylayman. So‘ngra, natija namoyon bo‘lgach, o‘qishni mana erishdim deb tashlab qo‘ymasdan, yanada yuqori cho‘qqilarni ko‘zlagan holda harakatlar davom ettirildi. Atrofimda ma’lum yutuqlarga erishayotgan odamlarni ko‘rgach, ularning faoliyati bilan tanishib, ularga chuqur havas uyg‘ondi.
Institutda iqtidorli talabalarga yaratilayotgan sharoitlarni ko‘rib, yanada yangi maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yib, intilishda davom ettirildi. Barcha fanlarni yuqori darajada o‘zlashtirishni maslahat beraman, bu dunyoqarashingiz o‘sishiga ko‘maklashadi. Konferensiyalarda, trening kurslarda, xorijiy tillarni o‘rganish kabi kurslarda ishtirok etish talab qilinadi. Bu orqali ilmiy konferensiyalarda biror mavzu yuzasidan fikr bildirish uchun ko‘nikmalar shakllanadi.
Oyatullo: hozirda men 2-bosqich talabasiman va ilmiy maqolalar ustida ish olib bormoqdaman. Prezident stipendiyasiga hujjat topshirish uchun nechtagacha maqola kerak bo‘ladi?
I.Abduraxmanov: davlat stipendiyasiga hujjat topshirish uchun “kamida yoki ko‘pi bilan shuncha maqola bo‘lishi kerak” degan talab yo‘q. Ammo ilmiy maqolalarni tahlil qilish jarayonida komissiya a’zolari tomonidan maqolaning ayni bir yo‘nalishda yozilganligiga ahamiyat beriladi. Asosan bitta yo‘nalishda yozilgani maqsadga muvofiq. Olaylik, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, yoki sho‘rlanish. Tajribamizning ko‘rsatishicha, talabgorlar orasida 30 ta ilmiy maqolada muallifligi bor nomzodlarning 4 ta maqolasi o‘zini yo‘nalishiga mos. Qolganlari fizika, matematika va hokazo kabi turli yo‘nalishlarda yozilgan. Asosiy maqolalar o‘zining sohasiga doir bo‘lishi talab etiladi.
Ardasher: prezident stipendiyasini qo‘lga kiritish uchun tilning o‘rni qay darajada muhim, a’lo baholarga o‘qish yetarlimi? I.Abduraxmanov: albatta prezident stipendiyasiga hujjat topshirish uchun chet tilini yuqori darajada bilish talab etiladi. IELTS sertifikatini olishni maslahat beraman. Chunki bu hujjat chet tilini qay darajada bilishingizni belgilab beradi. Chet tilidan imtihonlar bor. Savol-javob bo‘ladi. Tez va to‘g‘ri va aniq javob berishga ham e’tibor qaratiladi.
Murod, 3-bosqich talabasi: Vengriyada magistraturada o‘qigan ekansiz. Borish-kelish, o‘qish sharoitlari haqida gapirib bersangiz. Bizning institutimiz tomonidan yana qaysi xorijiy OTMlarga borib o‘qish mumkin?
I.Abduraxmanov: Vengriyadagi o‘qishim magistratura bosqichi 2-marta tahsil olishga qaratilgan. Sababi, Geoinformatika bizda yangi soha bo‘lgani bois, chuqurroq o‘rganish, jahon tajribasini o‘rganish maqsadida amalga oshirildi. Xalqaro grant asosida Avstiyaning Zalsburg shahrida xizmat safarida paytimizda bizga Erazmus Mundus dasturi bo‘yicha taqdimot qilib berishgan va menda qiziqish paydo bo‘lgan. Ushbu dastur doirasida loyihaga hujjat topshirdim va loyihani yutib olib, o‘qishni xorijda davom ettirdim. Hozirgi kundagi mavjud imkoniyatlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, Erazmus Mundus qo‘shma magistratura dasturining granti mavjud, magistraturani to‘liq Yevropa OTMlarida o‘qish uchun barcha harajatlarni qoplab beradi. Chet tilini bilish katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari “Eyel-yurt umidi fondi” jamg‘armasining orqali ham chet davlatlarda o‘qish imkoniyatlari bor. Bu fond mablag‘lari ham barcha xarajatlarni qoplab beradi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, transport, turar joy, yashash, sug‘urta sarf-xarajatlarining barchasi to‘liq qoplanadi.
Murod: sizning IELTS darajangiz qanday bo‘lgan?
I.Abduraxmanov: shu paytgacha IELTS olmaganman, chunki bunga ehtiyoj bo‘lmagan. Avstriyada xizmat safari chog‘ida suhbat jarayonida chet tilini bilishimni yetarli darajada deb hisoblashgan va Erazmus Mundus dasturi bo‘yicha o‘qishga qabul qilishgan. Chet davlatlarda o‘qishni davom ettiradiganlarga va nomdor stipendiyalarga hujjat topshirish istagidagi talabalarga IELTS sertifikatini olishni maslahat bergan bo‘lardim. Imkoniyatingiz oshadi, hozirgi kunda talab shunaqa. Shu orqali siz bilan suhbatlashmagan odamlar ham til darajangizni bilib oladilar. IELTS sertifikati qay darajada chet tilini bilishingizni asoslovchi hujjat hisoblanadi.
Umidjon: Prezident stipendiyasini olishning qanday bosqichlari bor? Institutimiz talabalari qaysi yo‘nalishlarda olishi mumkin?
I.Abduraxmanov: Bakalavriat va magistraturada Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘lish uchun 11 ta yo‘nalishda tanlovlar o‘tkaziladi. Institutimizga to‘g‘ri keladigan yo‘nalishlar: qishloq va suv xo‘jaligi; iqtisodiyot; texnika. Doktorantlar uchun bu yil 5 ta yo‘nalish bor edi. Institimizga mos tushadigani – qishloq va suv xo‘jaligi edi. Prezident stipendiyasiga erishish uchun bosqichlar: 1-bosqichda Nizom asosida talab etilgan hujjatlar topshiriladi. Unda erishgan yutuqlaringiz o‘z aksini topishi kerak. Jumladan, chet tili sertifikatlari, konfenersiyalarda ishtiroki, tavsiyanomalar, ob’ektivkangiz, Yoshlar ittifoqi tomonidan tadbirlarda ishtirokingiz asoslari va hokazolar. 2-bosqichda OTM ichida tegishli yo‘nalish bo‘yicha talabgorlardan imtihon olinadi. 3-bosqichda Davlat test markazi tomonidan ingliz tili, tarix va informatika fanlaridan test olinadi. Yuqori baholarni olgan 2-3 nafar nomzodlar so‘ngi bioqich – suhbat jarayonida qatnashadilar. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan suhbat o‘tkaziladi. Komissiya tarkibi soha mutaxassislari, turli OTM rektorlari, Respublika til markazi xodimlaridan tarkib topgan. Suhbat davomida ilmiy ishingiz, mutaxassiligingiz bo‘yicha, shuningdek, yakunda ingliz tilida istalgan savollar beriladi. Tez va to‘g‘ri, aniq javob berish kerak bo‘ladi. Hozirda respublikada amalga oshirilayotgan islohotlardan ham xabardor bo‘lish talab etiladi. Nizom bilan yaxshilab tanishib chiqishni maslahat beraman. Buning uchun institut Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limiga uchrashni tavsiya qilaman.
Dots.O.Ro‘ziqulova: Ustozimiz dots. I.Musayev “Chet tilini bilgan odam, istalgan joyda ishonchli do‘sti bilan yuradi” deb hisoblaydi. Qaysi davlatlarda ishonchli do‘stingiz bilan bo‘ldingiz?
I.Abduraxmanov: xorijiy davlatlarga safarni Mongoliyadan boshlaganman. Ilmiy ish doirasida assistent lavozimida ishlagan vaqtimda borganman. Yaylov degradatsiyasiga doir xalqaro konferensiyada O‘zbekiston nomidan ilmiy maqola bilan qatnashib, 1-marta ingliz tilida omma oldida taqdimot qilganman. Vengriya orqali Yevropaning deyarli barcha davlalarida, ilmiy, o‘qish maqsadlarida safarda bo‘ldim. 2019-yil AQShning 4 ta shtatida bo‘lib, yaylov degradatsiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy va amaliy tajribalarni o‘rgandim. Osiyo davlatlaridan Qozog‘istonda bo‘lganman. Z.Ismailova: Ko‘p davlatlarda bo‘ldingiz, ikki bora prezident stipendiatisiz. Siz bu borada o‘zingizning maktabingizni yaratish bo‘yicha rejalaringiz bormi, institut talabalari o‘rtasida nomdor stipendiatlarini tarbiyalashni davom ettirish maqsadida, shogirdlar chiqarish bo‘yicha? Oila va ilmni qo‘shib olib borish qay darajada imkoniyatlari bo‘yicha fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz. I.Abduraxmanov: maktab bo‘yicha, aytib o‘tishim mumkinki, bakalavr paytimda yuqorida aytib o‘tganimdek, markazda ishlashim, ustozlarning maslahatlari va bilimlari qo‘l kelgan. Ustozlarimizdan bilimlardan tashqari xalqaro loyilarda ishlash ko‘nikmalari bilan birga shaxsiy hayotda ham nimalarga amal qilish lozimligini o‘rgandim. Tajribadan aytish mumkinki, xalqaro loyihalarda M.Reymov bilan birga ishlarni olib boramiz. M.Reyimov 2019-yil prezident stipendiati bo‘lgan. Shogirdlarimiz bor, qay ma’nodaki, aynan loyihalarda ishlash, chet tilini chuqur o‘rganish bo‘yicha o‘zaro fikr almashib, maslahatlar berib boramiz. Talabalarda qiziqish bo‘ladigan bo‘lsa, marhamat volontyor bo‘lib, nafaqat biz bilan, balki boshqa bo‘limlarda, kafedrada ishlashni maslahat beraman. Ikinchi savolingiz bo‘yicha, garchi oilada bitta o‘g‘il farzand bo‘lsamda, oilam maqsadlarimni to‘g‘ri qabul qilib, ko‘maklashgan, doim qo‘llagan va qo‘llab kelmoqda. Chet davlatlarda o‘qishimga va ishlashimga ko‘maklashmoqda. Oila bilan ilmiy faoliyat birga olib borilmoqda. Oila qurganimdan so‘ng ham bola tarbiyasida, o‘qishda, ishlashda, xorijda bo‘lish masalalarida ham maslahatlashib ish olib boramiz.
Nurbek, GTQ fakulteti 2-kurs talabasi: o‘qishni 2-kursdan so‘ng chet davlatlarida davom ettirish bo‘yicha qanday maslahatlar berasiz?
I.Abduraxmanov: institut bilan siz o‘qishni davom ettiradigan xorijiy OTM o‘rtasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dastur bo‘lishi kerak. Sizga institutning xalqaro aloqalar bo‘limiga uchrashishni maslahat bergan bo‘lardim. Ular sizga bizda mavjud grantlar haqida ma’lumot beradi. Hozirgi kunda Vengriya davlati bilan qo‘shma dastur ustida ishlar olib bormoqdamiz.
X.Abdivaitov: tanqidiy savolim bor edi. Fakultetda talabalarni davlat stipendiyasiga tayyorlash mexanizmi bormi, bo‘lsa, qanday ishlayapti, yo‘q bo‘lsa, rejalaringiz. I.Abduraxmanov: har bir fakultetda bu borada ishlar olib borilmoqda. Nafaqat mana shunday uchrashuvlar tashkil etish, balki darslar mobaynida ham ustozlar talabalarga bu bo‘yicha ma’lumotlar berib boradilar. Talabalarga ilmiy bo‘limga uchrab, nizomi bilan tanishib, harakat qilishlarini maslahat beraman.
YERB fakulteti dekani Sh.Narbayev ham bu savolga qo‘shimcha javob berib, darslarda va yig‘ilishlar davomida talabalarga maqsadni aniq qilishni, so‘ngra maqsad sari dadil harakat qilish ta’kidlab o‘tdilar. Mexanizm sifatida aytish mumkinki, kafedralar qoshida tashkil etilgan to‘garaklar ham oliy maqsadlar ro‘yobiga qaratilgan. Talabalarda taklif bo‘lsa, imkon doirasida qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Bu mavzuda Yoshlar yetakchisi A.Berdimurodov ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: 22-aprel Xalqaro yer kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Ona yerni asrang” rasmlar, videoroliklar, ishlanmalar konkursida fakultetdagi iqtidorli talabalarning ishlanmalari ko‘rib chiqildi. Institutda, fakultetda iqtidorli, bilimli, salohiyatli talabalar ko‘p. Hamma gap ularni qanday qilib kashf qilishda, menimcha. Ularni klublarga birlashtirish, yosh va tajribali ustozlar birgalikda ishlashi kerak, menimcha. Ilxom aka Abduraxmanov ustoz-shogird tizimida boshqa fakultetning talabalari bilan ham ishlamoqda. Masalan, Javohirni misol qilib keltirish mumkin, ingliz tilini kuchli biladi, tarbiyali va intiluvchan yigit. Fakultetda “Geostars” jamoasi mavjud. Bu jamoaning olib borayotgan ishlarini ham e’tirof etish mumkin. Ilxom aka va Mamanbek Reymovni jalb qilib, ko‘p yutuqlarga erishish mumkin.
A.Berdimurodov: Respublikamizda prezident stipendiatlariga qanday moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashlar bor?
I.Abduraxmanov: avvalo prezident stipendiyasi bu - davlat mukofoti. Ob’ektiv ma’lumotingizda stipendiat bo‘lganingizni asoslovchi hujjat, keyingi rejalarnigizni amalga oshirishda yordam beradi. Tanlovlarda boshqa ishtirokchilarga nisbatan pog‘onangizni ustunligini ko‘rsatadi. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlovi ham bor. Bir yil davomida olinadigan stipendiyaning ikki baravari miqdoridagi mablag‘ beriladi. Bu bilan turli kurslarga qatnashish, til o‘rganish, o‘z ustida ishlash kabi harajatlarni qoplash imkoniyati tug‘iladi. Mamlakatimizda yuqori natijaga erishgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 30 yoshgacha imtiyozli ipoteka kreditlari asosida beriladigan yosh oilalar uchun Yoshlar uylaridan olish imkoniyati mavjud. Bu imkoniyatdan foydalanganman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibasi Gulbahor Jo‘rayeva ham so‘zga chiqib, o‘zining erishgan yutuqlari va bu borada ustozlar ko‘magini ta’kidlab o‘tdi. 2012-yil YERB fakultetida Kasb-ta’limi yo‘nalishida o‘qib, Pedgogika yo‘nalishi bo‘yicha prezident stipendiyasi sohibasi bo‘lgan. Gulbahor Jo‘rayeva: institut texnika instituti bo‘lgani sababli qizlardan yanayam katta mas’uliyat va bilimni talab qiladi. Albatta talabalar OTMga o‘qishga qabul qilingach, ulardagi iqtidorni yuzaga chiqarishda ustozlar ko‘magi muhim hisoblanadi. Ustozlarim, D.Himmataliyev va Z.Ismailovalarning to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishlari sababli, avval fan olimpiadasiga tayorlanish jarayonida ishlar boshlab, keyinchalik prezident stipendiyasiga erishish imkoniyati, qobiliyatini ko‘rishib, yo‘naltirganlar. Chet tilini chuqur o‘zlashtirib, bosqichlarda qatnashib, sovrindor bo‘lganman. Imkoniyatlari haqida gapirib o‘tadigan bo‘lsak, avvalo obro‘si va bakalavriat bosqichida davlat mukofotini qo‘lga kiritilgach, magistraturaga yo‘llanma bo‘ldi. Doktoranturada ham asqotdi. Moliyaviy jihatdan ham talabani o‘z ustida ko‘proq ishlashga imkoniyat yaratadi. Ippoteka krediti asosida yoshlarga beriladigan Yoshlar uylarida oilam bilan istiqomat qilyapman. Bu yosh oilalarga katta imkoniyatdir.
Dots. Ro‘ziqulova: ayol kishi, oilada mehribon ona, sevimli yor, chaqon kelin. Shu bilan birgalikda ilmni ham birga qo‘shib olib borish sizga mushkullik qilmayaptimi? G.Jo‘rayeva: farzandlaringiz kichik bo‘lsa, bir oz murakkablik tug‘diradi. Imkon dorasida harakat qilayabmiz, oila a’zolarim qo‘llab-quvvatlab, yordam berib turishibti.
Dots.Narbayev: sizning muvaffaqiyatga erishishingizdagi algoritmingiz?
G.Jo‘rayeva: Maqsadni aniq qilish, yaxshi ustoz, bilim, izlanish, chet tilini va sohani chuqur o‘rganish hamda faqat oldinga intilish. I.Abduraxmanov ham yuqoridagi fikrlarga qo‘shimcha sifatida prezident stipendiyasi talabgorlari bilan suhbat jarayonida, ustozi A.Babajonovni maslahatlriga amal qilib, muvaffaqiyatlarga erishganini e’tirof etdi. Savol ilmiy ish doirasida ingliz tilida berilgan paytda aynan ustozi o‘rgatganini tezda aniq va lo‘nda javob berib, sovrindor bo‘lganini aytib o‘tdi. Hozirgi kunda ham ustoz-shogird an’anasi davom etmoqda. Ustozlarning maslahatisiz, bilimsiz, chet tilini sayoz bilish orqali muvaffaqiyatlarga erishib bo‘lmaydi. Jumladan, erishilgan muvaffaqiyatlarda bakalavrdagi guruh murabbiyi dots.S.Abduraxmonov, kafedra mudiri I.Musayev va boshqa ustozlarining roli va qo‘llab-quvvatlashlari katta bo‘lganligini ta’kidlab o‘tdi. G.Jo‘rayeva: iqtidorni yuzaga chiqarishda instituda, fakultetda hamda yoshlar ittifoqi tomonidan olib borilayotgan ishlarning o‘z o‘rni bor. Har doim izlanishda davom etish, harakatdan to‘xtamasdan, jamoa bilan ishlashda davom ettirish kerak. Dots. Narbayev: muvaffaqiyat algoritmi menimcha, maqsadni to‘g‘ri qo‘yish, maqsad sari harakat, o‘qish, izlanish, o‘z ustida ishlash, ortga qaytmaslik, tavakkal qilishda deb hisoblayman. Har qanday muvaffaqiyatsizlik ortida yaxshiliklar, yangi-yangi imkoniyatlar bo‘lishi mumkin. Barcha kafedra ustozlaridan, jumladan oliy matematika kafedrasi professor-ustozlaridan iqtidorlilarni kashf etishda talabalarni saralashda ko‘maklashishini so‘rab qolamiz. Iqtidorli talabalar bilan ishlashda Ilxomjon, Gulbahor sizlarning tajribangiz va bilimingizga suyanamiz. I.Abduraxmanov va G.Jo‘rayeva institutning iqtidorli talaba yoshlari bilan ishlashga tayyorligini aytib o‘tdilar. Vebinar o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishdi. Umidli yoshlar bilan birgalikda iqtidorni kashf qilishda davom etamiz.
XQK a’zosi O.Ro‘ziqulova ma’lumoti
TIQXMMI matbuot xizmati