Oʻzbekistonda xorijiy universitet bilan “Smart Agriculture” va “Geoinformatics” magistraturada “Joint degree” diplom berish boʻyicha qoʻshma dastur yoʻlga qoʻyiladi
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash institutining bir guruh vakillari 2019 yil 1 mart kuni Vengriyaning Obuda universitetiga tashrif buyurishdi. TIQXMMI prorektori Baxodir Mirzayev hamda Obuda universiteti prorektori Levent Kovanch oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro muloqot boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv jarayonida prorektorlar taʼlim muassasalarida amalga oshirilayotgan hamkorliklar, erishilgan yutuqlar hamda hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha istiqboldagi vazifalarni belgilab olishdi.
Uchrashuvda TIQXMMI va Obuda universiteti bilan hamkorlikda kadrlarni tayyorlash, jumladan, qoʻshma taʼlim dasturlari asosida “Smart Agriculture”, “Geoinformatics”, “Land Management” va “Mechatronics” magistratura mutaxassisliklari boʻyicha hamkorlikda magistrlarni tayyorlash, professor-oʻqituvchilarning malaka oshirishlarini va tajriba almashuvlarini tashkil etish, shuningdek, ERASMUS+ xalqaro kredit mobillik loyixasi va Vengriyaning milliy granti doirasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, 2019/2020 oʻquv yilidan “Smart Agriculture” va “Geoinformatics” mutaxassisliklari qoʻshma taʼlim dasturlari asosida muassasalar oʻrtasida ikki tomonlama (Double degree) va qoʻshma diplom (Joint degree) dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlashni amalga oshirish kelishildi.