“Xorijiy universitetlardagi innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida muhandis kadrlarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish” loyihasi ish boshladi.

“Xorijiy universitetlardagi innovatsion yechimlarni joriy etish orqali qishloq xo‘jaligida muhandis kadrlarni tayyorlash dasturlarini takomillashtirish” loyihasi ish boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining “Oliy ta’limni modernizatsiyalash” loyihasi tarkibidagi Akademik innovatsiyalar fondining yuqorida nomi keltirilgan loyihasi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakultetining Traktorlar va avtomobillar kafedrasida ish boshladi. Loyihani mablag‘ bilan ta’minlash uchun 140000 AQSh dollariajratilgan, loyiha 2 yil davomida faoliyat yuritadi. 

Loyiha qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ta’lim yo‘nalishining amaldagi o‘quv reja va fan dasturlarini takomillashtirish, o‘quv rejaga yangi fanlar kiritish;xorijiy universitetlarda qo‘llanilgan innovatsion yechimlarni joriy qilish orqali qishloq xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalarni qo‘llash yangi ta’lim yo‘nalishi dasturini qo‘llab-quvvatlash; professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshishiga va ish faoliyati sifatini yaxshilanishiga ko‘maklashish; ta’lim jarayonida talabalar ishtirokini va rolini faollashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Yuqoridagi maqsadlarga erishishda loyiha AQShning Devis shahridagi Kaliforniya universiteti, Oklaxoma va Missisipi shtatlari universitetlari va Janubiy Koreyaning Seul milliy universiteti bilan hamkorlik qiladi. 

Loyiha doirasida Internet tizimiga ulangan zamonaviy kompyuter sinfi ishga tushiriladi, professor o‘qituvchilar uchun uch bosqichli ingliz tili kurslari va xorijiy hamkorlar ishtirokida yangi kurslar bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etiladi, laboratoriya qurilmalari xarid qilinadi.

Loyiha bilan hamkorlik qilishga qiziqqan professor-o‘qituvchilar va talabalar Traktorlar va avtomobillar kafedrasiga murojaat qilishi mumkin.


Traktorlar va avtomobillar kafedrasi mudiri M.Amonov axboroti