EZGU NIYAT - MAʼNAVIYAT
Har bir ezgu ish, savobli harakat, xayrli niyatni duo bilan boshlash xalqimizning azaliy odati. Unda yaxshilik va yangilikka intilishdek xalq manfaati uchun safarbarlik bor. Yangi oʻquv yilini ham bagʻri kenglik, ochiq yuzlik, koʻtarinki kayfiyat, qoʻl va koʻngil ochiqligi bilan boshlash xayrlik va savoblikdir.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, taʼlim muassasasi, xususan “Maktabni oʻzgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi. Taʼlim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa oʻqituvchilardir”. Demak, kelajagimiz taqdiri yoshlarga taʼlimiy va tarbiyaviy oziq beradigan oʻqituvchilarga bogʻliq ekan, istiqbol poydevori mustahkam boʻlishi shart. Bu kuch va poydevor esa pedagogdir.
Bugun ertalabdanoq, institutimiz jamoasi uchun talabalar oshxonasida pedagoglarga yangi kuch va ruh baxsh etish maqsadida dasturxon yozilib, osh tarqatildi.
Tadbir oldidan, anʼanamizga muvofiq qurʼon tilovati qilindi. Bodomzor masjidi imom xatibining yordamchisi Abduhamid qori Bahromov qurʼon qiroatidan soʻng yangi oʻquv yili munosabati bilan barcha pedagoglarga sihat-salomatlik va kuch-gʻayrat, yurtimizga tinchlik va ofiyat, xalqimizga toʻkin-sochinlik va farovonlik tiladi.
Badanning quvvati taom bilan, ruhning quvvati kalom bilan boʻlganidek, har ikkalasi ham chiroyli tarzda oʻz ifodasini topdi. Qori akaga soʻz qotdim. “Qayerdadir oʻqiganim bor, pulingni yoʻqotsang - hech narsangni yoʻqotmabsan, vaqtingni yoʻqotsang - maʼlum bir narsalarni yoʻqotibsan, tetikligingni yoʻqotsang - hamma narsangni yoʻqotibsan”, - nima dedingiz, qori aka?. - Haq gap, tetiklik kemtiklikni toʻldiradi, - deya miyigʻida kulimsirab qoʻydilar.
Yangi oʻquv yili boshidan tan sihatlik va tetiklik taʼlimning sifati va samarasiga taʼsir etmasdan qolmaydi. Ustozlar, yangi oʻquv yilingiz muborak boʻlsin!
Rahimboy Jumaniyozov Institut Matbuot xizmati rahbari