“G‘alaba bog‘i”ga sayohat
Hozirgi kunda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘nalishida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun "Yer resurslarini boshqarish" fakultetining Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H. Eshova boshchiligida fakultetni talaba-yoshlari guruh murabbiylari bilan birga Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i”ga sayohat qilishdi. Sayohat davomida o‘quvchilar “G‘alaba bog‘i” hamda “Shon-sharaf” muzeyidagi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.
Sayohat yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Ular bilan suhbatlashish jarayonida shunga amin bo‘ldikki, bu kabi tadbirlar yoshlarimiz qalbida ona Vatanga bo‘lgan sadoqat va harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi. Shuni alohida mamnuniyat bilan aytib o‘tish joizki xalqimizning tarixiy xotira bilan yashab, o‘tganlar xotirasini yod etishi, ularga hurmat bajo keltirishi, shuningdek, mazmunli dam olishi bilan bog‘liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar talaba-yoshlarga juda manzur bo‘ldi. Majmua hududida, aniqroq aytadigan bo‘lsak, 14,6 gektar maydonda urushning butun dahshatlarini jamlashning sira imkoni yo‘q.
Lekin bu yerda shunday eksponatlar barpo etilganki, ularni ko‘rgach, bir muddat o‘sha suronli yillarga qaytgandek bo‘lasiz. Mudofaa vazirligi hamda boshqa tashkilotlar mutasaddi xodimlarining samarali izlanishlari natijasida urush davriga oid 16 ming eksponatni o‘zida jamlagan “Shon-sharaf muzeyi”ni alohida e’tirof etish mumkin. Bog‘ hududida blindaj, poezd, asirlar koloniyasi, samolyotlar, matonatli o‘zbek ayollari vakili Zulfiya Isroilova va uning kelinlari xotirasiga hamda general-mayor Sobir Rahimov va 13 askarga qo‘yilgan haykal bizga 1 million 900 ming nafar urushga jo‘natilgan o‘zbeklar va ortda qolganlar taqdiri haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Bu kabi unutilmas sayohat: bog‘ning turli burchaklaridagi milliy an’analarimizga mos ayvonlar, interaktiv ma’lumotlar ulashuvchi zamonaviy elektron qurilma va shu qatorida minglab eksponatlar harbiylarning farzandlari uchun yangilik bo‘libgina qolmay, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etgan bo‘lsa ajabmas.
YERB fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati