Qarshi tumanida yangi tashkil etilgan akademik litsey
Qarshi tumanidagi Qovchin qfy.da Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali huzuridagi akademik litseyida bilimlar kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Qarshi tuman hokimligi, prokuratura, “Nuroniylar” jamg‘armasi tuman bo‘limi, Respublika MMM tuman bo‘linmasi hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yangradi. So‘z olganlar bugungi kunda o‘quvchi yoshlar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, undan unumli foydalanishlari, bugungi kun yoshlarimiz fikr - e’tiborini ko‘proq kitob o‘qishga qaratishlari lozimligi ta’kidlandi.
Bu yerda 156 nafar o‘quvchi qabul qilinib, bugungi kunda 18 nafar malakali o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Aytish joizki, o‘qituvchilar mazkur dargohga tanlov asosida ishga qabul qilingan.
Tadbir davomida mazkur dargohda qabul qilingan sportchi o‘quvchi yoshlarning chiqishlari ham namoyish etildi. Tadbir so‘ngida tuman hokimi G‘ayrat Begaliyev talabalik guvohnomasini ham taqdim etdi.
Tadbir ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Tuman hokimi birinchi qabul qilingan o‘quvchi yoshlar bilan dildan suhbat olib bordi.
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Otabek Usmonov axboroti
Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov