Imkoniyat va imtiyozlar - muvaffaqiyatlar garovi

Yaratilgan sharoit davr talabi va vaziyat taqozosi bo‘lishi aniq. Bilim olish uchun talabalarga turli imkoniyatlarni yaratish ularning o‘qish, dam olish zaruriyatidan kelib chiqadi. 2019 yilning 2 noyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida  3-talabalar turar joyi ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida institut rahbariyati, ko‘p yillardan beri institutda faoliyat yuritib kelayotgan professor-o‘qituvchilar, mazkur talabalar turar joyini ta’mirlashda ishtirok etgan quruvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.  

Mazkur talabalar turar joyining foydalanishga topshirilishi ham keyingi yillarda institut tomonidan respublika va dunyo miqyosida erishilayotgan yutuqlarning uzviy davomidir. Ta’kidlab o‘tish joizki, joriy yilda institutimiz halqaro QS reytingida akademik so‘rovnoma, ish beruvchilarning bahosi va ilmiy salohiyati kabi mezonlarda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari o‘rtasida ijobiy ko‘rsatkichlarni qayd etib, 301-350 o‘rinlar oralig‘idagi oliy ta’lim muassasalari qatoridan joy oldi.

Shuningdek, institut talabalarining ilmiy - ijodiy sohada erishayotgan yutuqlari ham talaygina. Joriy yilda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Tafakkur sinovlari” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida institutning “Targ‘ibot” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallab respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.

 

Institutimiz talabalari sport sohasida ham ko‘plab yutuqlarga erishib xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan turli sport musobaqalarida yurtimiz bayrog‘i, qolaversa, institutimiz sha’nini yuksaklarga ko‘tarmoqda. 

Joriy yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan minifutbol musobaqalarida institutimizning “Irrigator” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, shuningdek, oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta muhim tashabbusi doirasida o‘tkazilgan talabalar festivalida ham birinchi o‘rinni egalladi. 

Sport yakka kurashlarining Jui jit su, Turon yakka kurashi, Milliy kurash turlari bo‘yicha talabalarimiz o‘zlarini nimalarga qodir ekanliklarini ko‘rsatmoqdalar. 2019 yilda Rossiya, Qozog‘iston, Polsha, Vengriya kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan yakka kurash musobaqalarida institutimiz talabalari faxrli o‘rinlarni egalladilar. 

Tan olib aytish kerakki, bugungi avlod havas qilsa arziydigan sharoitlarda tahsil olmoqda. Talaba uchun zarur bo‘lgan zamonaviy shart-sharoitlarning barchasi ushbu foydalanishga topshirilayotgan talabalar turar joyida mujassam. Barcha xonalarda yumshoq va qattiq mebel mavjudligi, darsxonalar, sport bilan shug‘ullanish imkoniyati, darsdan bo‘sh vaqtda ijodiy to‘garaklarning borligi har bir talabaning ilm olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishi tabiiy hol.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 tashabbusi institutimiz talaba yoshlarining vaqtlarini mazmunli o‘tkazishda dasturul amal bo‘lmoqda. 5 tashabbus doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda talabalarimizning muntazam ishtirok  etayotgani yurtboshimizning chaqiriqlariga sidqidildan tayyor ekanliklari dalolatidir. Institutimiz hovlisida Kitob monumentining o‘rnatilishi esa ko‘plab talaba-yoshlarning kitobxonlikka bo‘lgan ishtiyoqini oshirdi. 

Qolaversa, talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talabalar bu yerda o‘qishdan keyin dam olish bilan birga 5 tashabbus doirasida vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari yuzasidan ham barcha sharoitlar mujassam. Talabalar uchun har bir turar joyda kutubxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, talabalar turar joyining yonida sport majmuasining joylashgani esa 10 ta sport turi bilan shug‘ullanish imkonini yaratadi. Har bir qavatda talabalar foydalanishlari uchun kompyuter xonalari tashkil etilgan.  Musiqa, san’at va madaniyatga qiziquvchi talabalar uchun ham sharoitlar muhayyo. Shu bilan birga talabalar turar joyida tikuv xonasining tashkil etilganligi talaba-qizlarimizni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning namunasidir. 

Mana shunday zamonaviy talabalar turar joyining ochilishi hamda  talabarimiz ixtiyoriga berilayotgani oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomidir. Tadbir so‘nggida yig‘ilganlar  tomonidan talabalarimizga  doim baxtli-saodatli, elu yurt manfaati yo‘lida doimo o‘z bilimi va salohiyatini namoyon etishi yo‘lida ezgu tilaklar bildirildi. Tadbir “O‘zbekiston 24”, “Mening yurtim 5” telekanalari orqali yoritildi. 

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov