9 -dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni
Korrupsiya bu mansabdor shaxslar tomonidan davlat hokimiyati yoki boshqaruvi vakolatlaridan foydalangan holda shaxsiy manfaatlarni yoki boshqa shaxslar manfaatini ko‘zlab sodir etiladigan jinoyatlar yig‘indisidir. Ya'ni korrupsiya mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha jinoyatlarni o‘zida mujassamlashtiruvchi illatdir. Bugun "Yer resurslarini boshqarish" fakulteti ma'ruzalar zalida fakultet dekani Sh.Narbaev va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova tashabbusi bilan «9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni»ga bag‘ishlangan” tadbir o‘tkazildi. Unda fakultet professor-o‘qituvchilar A.Bobojonov, S.Sharipov fakultet murabbiylar kengashi raisi A.Muqimov, xotin-qizlar kengashi raisi O.Ro‘ziqulova, fakultet yetakchisi D.Jabborova hamda 1-kurs talaba-yoshlari ishtirok etishdi. Tadbirda mehmoni Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi katta tergovchisi Z.Shavqiev, Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish barcha davlat va jamoat tashkilotlari hamda moliyaviy muassasalarning ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i lozimligi bo‘yicha ma'ruzasi bilan yig‘ilganlarga ma'lumot berdi. U o‘z nutqida mamlakatimiz ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish, uning sifati hamda samaradorligini oshirish, ta'lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlarining shaffofligini ta'minlash, ta'limdagi korrupsiya va poraxo‘rlikning oldini olishga ham astoydil kirishilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida joriy yilda ta'lim sohasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha ma'lumotlar berildi.
Tadbir davomida Adliya vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining «O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va oshkora boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish» loyihasi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar, shuningdek BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini amalga oshirishda O‘zbekistonning tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tildi.
TIQXMMI matbuot xizmati