Yuksak ehtiromga munosibsan Sen
“Mehru muhabbatni ko‘proq taratmish,
Eng nafis hilqatga, ayol zotiga…”
8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan institutimizning barcha xodimalariga yuksak hurmat-e’tibor ko‘rsatish an’ana tusini olgan. Bahor go‘zallik va yangilanish fasli, nafosat va latofat bayrami bo‘lib, go‘yoki hayotning yangidan boshlanishidan darak berganday inson qalbiga ajib his-tuyg‘ularni jo qiladi. Bunday latofat bayrami tarovati ilmiy bo‘lim xodimlarini ham chetlab o‘tmadi. Bo‘limda faoliyat olib borayotgan nafis hilqat vakilalariga bayram munosabati bilan institut rektorining tabrigi ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor T. Sultanov tomonidan o‘qib eshittirildi va ularga shaxsiy hayotlarida baxt-saodat, faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab yuksak ehtirom ko‘rsatildi.
Yaratgan olamni bekam yaratmish,
Hayrlar yog‘dirmish olam toqidan.
Mehru muhabbatni ko‘proq taratmish,
Eng nafis hilqatga, ayol zotiga…
Qalbiga jo etmish yuksak zakoyu,
Mislsiz jasorat qudratin solib.
Goh mushtipar ona bo‘lib yig‘ladi,
Yurtin qo‘riqladi To‘maris bo‘lib.
Daho bo‘lmoqlikdan afzal ko‘rdi u,
Daholar yetkazib bermoqni yurtga.
Zukko maslakdosh ham bo‘la oldi u,
Bibixonim bo‘lib Amir Temurga.
Go‘zal she’riyatning saltanatida,
Tag‘in nafislashdi go‘zal qofiya.
U yozdi, eng nafis hislar haqida,
U Uvaysiy bo‘ldi, bo‘ldi Zulfiya.
Sha’nini qorachiq kabi asradi,
Yurtim tog‘laridek yuksak orini.
Bir umr yig‘lamay kutib yashadi,
Urushdan qaytmagan suygan yorini.
Fursat kelganida jasoratlarga,
Qanday jilovlasa xayolotlarni,
Zabardast Tursunoy Oxunova bo‘lib,
Shunday jilovladi po‘lat otlarni.
Yurtda omonlikning yeldi shamoli,
Xalq bo‘ldi istiqlol zavqidan masrur.
Bunda ham xissang bor o‘zbek ayoli,
Qalbingni band etsin faxr va g‘urur.
Bugun sen shifokor, jafokash ustoz,
Fermer ham o‘zingsan va hatto hokim.
Ilm yo‘li bo‘ldi senga poyondoz,
Baxting butun bo‘lsin dunyo bor tokim.
Mehru muhabbatni ko‘proq taratmish,
Eng nafis hilqatga, ayol zotiga…