Xotira abadiy, qadr muqaddas
2021-yilning 6-may kuni institutimiz rektorati a’zolari tomonidan poytaxtimizning so‘lim go‘shalaridan birida joylashgan “G‘alaba bog‘i” va uning tarkibiy qismi bo‘lgan “Shon-sharaf muzeyi”ga sayohat amalga oshirildi. Mazkur bog‘ shaxsan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan ikkinchi jahon urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik namunalarini ko‘rsatgan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabani ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasini keng miqyosda yoritish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida 2020-yilning oktyabr oyida ishga tushirilgan.
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlarini, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni o‘z ichiga oladi. Majmua darvozasidan kirishimiz o‘zimizni xuddi bilan o‘sha davrlarga tushib qolgandek sezdik. Atrofga nazar tashlasak, bir tomonda ikkinchi jahon urushi yillari tanklari, pushkalar, ikkinchi tomonda kichik fuqaro tashuvchi va qiruvchi samolyotlar eksponatlari, majmua markaziga kirib borar ekansiz atrofda urush harakatlarini aks ettiruvchi turli ekspozitsiyalar, qazilgan o‘ra (okop)lar, urush yillarida askarlarning kiyim-kechak va oziq-ovqat saqlanadigan vaqtinchalik uylari, o‘sha davrdagi Toshkent temir yo‘l vokzali binosi, Motam va g‘am-anduh hududi tomonda beshta zabardast o‘g‘illarini urushdan kaytishini intizorlik bilan kutayotgan Zulfiya aya Zokirova va kelinlarining xaykallari joylashgan monument, shuningdek, “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlari yaqqol ko‘rinib turibdi.
Bizga hamroh bo‘lgan gid “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida joylashgan har bir eksponatning yaratilishi tarixi to‘g‘risida atroflicha so‘zlab berdi. Shu bilan birga “Shon-sharaf” muzeyida u tomonidan berilgan ma’lumotlar rektorat a’zolarida iliq tasavvur uyg‘otdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston aholisi 6,5 million kishini tashkil etgan bo‘lib, shuning deyarli chorak qismi ya’ni 1432230 kishi frontga jo‘natilgani, shundan 500 mingga yaqin vatandoshlarimiz frontda halok bo‘lgani, 200 mingga yaiqini bedarak yo‘qolgani, 450 mingdan ortig‘i nogiron bo‘lib O‘zbekistonga qaytgani albatta, millatimiz uchun katta yo‘qotish hisoblanadi.
Shuningdek, majmuada kafe, xordiq chiqarish uchun o‘rnatilgan o‘rindiqlar mavjud. Majmua bo‘ylab turli xil landshaft gullari va daraxtlari ekilgan. Bolalar uchun attraksionlar, ko‘ngil ochar arg‘imchoklar o‘rnatilgan. Davlat axamiyatiga ega tadbirlar o‘tkaziladgan 1000 kishilik amfiteatr ham qad rostlagan.“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga amalga oshirilgan bugungi tashrif olam-olam ta’surotlarga boy bo‘ldi. O‘z tashrifimizni biz institutimiz tarixi zarvaraqlariga muhrlash uchun fotosuratlarga ham tushdik.
Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat
bo‘limi boshlig‘i Z.Haydarov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati