Ustozlar va bitiruvchi talabalar o‘rtasida videomuloqot

Ustozlar va talabalar o‘rtasidagi eng sara va samarali muloqot bitiruv paytida bo‘ladi. Chunki bu hisobot, hosil qilingan ko‘nikma va o‘zlashtirilgan bilim, oshirilgan malakaning muhridir. Hayajonli daqiqalar o‘z mohiyatiga ega. Pandemiya sharoitida ham buning o‘z yo‘rig‘i bo‘lishi tabiiy. Izlagan imkon topar, ta’tilimiz tahsilimiz bilan mazmunidagi shiorlarni faoliyatiga mezon qilib ish tutgan jamoa, shubhasizki, barchaga o‘rnak va ibrat bo‘la oladi. 2020 yilning 6 iyun kuni soat 11.00 da Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Institut rahbariyati va fakultet dekanlari bilan bitiruvchi talabalar o‘rtasida videomuloqot” nomi ostida ZOOM platformasi orqali onlayn-videomuloqot o‘tkazildi.

Mazkur videomuloqotda 800 dan ortiq institut bitiruvchilari ishtirok etib, asosan magistrlik dissertatsiyasi himoyasi, ixtisoslik fanlari bo‘yicha davlat imtihonlari, bitiruvchilarni ishga taqsimlash va boshqa masalalar muhokama qilindi. Videomuloqotni institut birinchi prorektori prof. B. S. Mirzaev ochib berdi va 2019-2020 yilda bitiruvchilarining davlat imtihonlariga tayyorgarligi va bitiruv malakaviy ishlari himoyasi uchun karantin davrida institut tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng institut Buyurtmalar portfelini shakllantirish, bitiruvchilarni ishga taqsimlash va monitoring bo‘limi boshlig‘i X.Xayitov tomonidan bitiruvchi mutaxassislarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashishga bag‘ishlangan ma’lumoti eshitildi. Ma’lumot davomida bugungi kunda institut bo‘yicha jami 1665 ta bitiruvchi bo‘lib 1557 nafar kunduzgi bakalar, 86 nafar magistr va 12 nafar sirtqi bo‘lim talabalaridan iborat ekanligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, bitiruvchilar uchun Qoraqolpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi suv xo‘jaligi vazirligi tarkibidagi tashkilotlar, “O‘zbekgidroenergo” AJ va uning tarkibidagi tashkilotlar, Buxoro viloyati Suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari, Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, viloyatlarning Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari va Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va uning tarkibidagi tashkilotlar, Toshkent viloyati suv omborlaridan foydalanish boshqarmasi, “ARTEL” kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan ish o‘rinlari bo‘yicha ma’lumot berildi.

Bitiruvchilar bilan tashkil etilgan onlayn-videomuloqot 2 soatdan oshiq davom etdi. Muloqot davomida bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan yozma va og‘zaki usulda institut rahbariyatiga murojaat qilishdi. Bitiruvchilar tomonidan institut rahbariyatiga berilgan savollarning barchasiga prorektorlar R.Choriev, B.Xudayarov, o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i D.Xadjaev hamda Buyurtmalar portfelini shakllantirish, bitiruvchilarni ishga taqsimlash va monitoring bo‘limi boshlig‘i X.Xayitovlar tomonidan to‘liq javob berildi.

TIQXMMI matbuot xizmati