TIQXMMIda “Akademiklar uchun Ingliz tili” kursi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta Maxsus Ta’lim Vazirligi, Oliy Ta’lim Tizimi Pedagog va Rahbar Kadrlarini Qayta Tayyorlash va Ularning Malakasini Oshirishni Tashkil etish Bosh Ilmiy Metodik Markazi va O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi hamkorligida oliy ta’lim tizimidagi professor-o‘qituvchilariga mo‘ljallangan “Akademiklar uchun Ingliz tili ” kursi dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2909-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash asosida, oliy ta’lim tizimidagi professor-o‘qituvchilarni o‘z sohalarida amaliy va ilmiy konferensiyalarda samarali ishtirok etishda, maqolalar chop etishda xalqaro talablar darajasida faoliyat yurita olish uchun zarur bo‘ladigan ingliz tili ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, chet tillarni o‘rganishga qo‘yiladigan talablar e’tiborga olingan.
Mazkur maqsadda Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari institutining Britaniya Kengashi hamkorligida tashkil qilingan Kasbiy Rivojlantirish Markazida “Akademiklar uchun Ingliz tili” kurslari 05.04.2021-30.06.2021 davrda faoliyatini boshlagan edi. Mazkur kursda pandemik vaziyatdan kelib chiqib ta’limning auditoriya va onlayn mashg‘ulotlari olib borilib, unda 25ga yaqin turli mutaxassislikdagi professor-o‘qituvchilar ishtirok etib kelishmoqda. Yuqorida ta’kidlanganidek ,kurs tinglovchilari dasturga binoan chet tillari bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro CEFR me’yorlarga ko‘ra A2, V1 va B2 darajalarga ajratilib, kurs faol o‘qish va onlayn rejimidagi mustaqil ta’lim shaklida ham olib borildi. Ingliz tili kafedrasi katta o‘qituvchilari Ulug‘bek Nullaev va Go‘zal Eshchanova asosan “Gidromelioratsiya” fakulteti va bir qator boshqa fakultet professor-o‘qituvchilarini o‘z ichiga olgan holda ingliz tili mashg‘ulotlarini olib borishdi.
“Akademiklar uchun Ingliz tili ” kursi davomida tinglovchilarga ingliz tili ko‘nikmalarini o‘zlashtirishlari va kasbiy malakalarini oshirishlarida samarali hisoblangan qator zamonaviy adabiyotlar va onlayn resurslar havola etildi. Ta’kidlab o‘tamizki, halqaro loyiha doirasida tashkil qilingan mazkur Kasbiy Rivojlantirish Markazida Britaniya Kengashi tomonidan taqdim etilgan xorijiy adabiyotlar va elektron dasturlar ham kurs tinglovchilarning chet tili ko‘nikmalarini yanada chuqurroq o‘zlashtirishlariga zamin yaratmoqda. Shuningdek, kursning onlayn rejimidagi har haftalik turli xil topshiriqlari O‘qish, Yozish, Tinglash, Gapirish, Grammatika, Lug‘at va Talaffuz kabi til ko‘nikmalarini takomillashtirishga va maqsadlarni belgilash, o‘zini o‘zi boshqarish va ma’lumot izlash kabi ta’lim strategiyalarini ishlab chiqishga qaratilganligi kurs tinglovchilariga manzur bo‘ldi. Tinglovchilarga kurs jarayonida Britaniya Kengashi tomonidan taqdim qilingan video, audio, podkastlar, o‘quv materiallari, interfaol mashqlar, til o‘rganish havolalari turli vazifalarni yangicha yondashuvlar orqali bajarishda dunyoning eng yaxshi o‘quv manbalaridan unumli foydalanish imkonini berdi.
“Akademiklar uchun Ingliz tili ” kursi tinglovchilari joriy yilning 5 iyul sanasida kursni muvaffaqiyatli yakunlaganliklari munosabati bilan rahbariyatimiz tomonidan turli darajadagi sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Umid qilamizki, jamoamizning bu kabi professor- o‘qituvchilari o‘z sohalarida amaliy va ilmiy faoliyat yuritishlarida zarur bo‘ladigan ingliz tili ko‘nikmalarini yanada takomillashtirish asosida kasbiy kompetentlik va pedagogik mahoratlarini xalqaro talablar darajasida doimiy rivojlanishini ta’minlab boradilar.
TIQXMMI Matbuot xizmati