Oliy taʼlim muassasalari rahbarlari TIQXMMIga tashrif buyurishdi
Tajriba almashish, ijobiy yutuq va natijalarni oʼzlashtirish, amalda qoʼllashning hikmati koʼp. Zamon talabiga muvofiq yuqori texnologiyalar asosida taʼlim tizimini yoʼlga qoʼygan, dunyo universitetlari ichida yuqori reyting koʼrsatkichiga ega boʼlgan oliy taʼlim muassasalarini koʼrish, tajribalarini oʼrtoqlashish, oʼrganishning ahamiyati katta. Xuddi shu maqsadda Respublika Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi tizimidagi yuzga yaqin oliy oʼquv yurtlari rektorlari va filiallari direktorlarining taʼlim muassasalariga tashrifi ijobiy natija va muvaffaqiyatlarga yetaklaydi.
Bugun TIQXMMIga xuddi shunday maqsadda oliy taʼlim muassasalari rektorlari va filiallari direktorlari tashrif buyurishdi. Institutda zamon talabiga muvofiq yuqori texnologiyalarga asoslangan oʼquv xonalari, axborot resurs markazi va laboratoriyalarni koʼrib zavq-shavqqa toʼlishdi. Oʼz taʼlim muassasalarida ham bu samarali natijalarni joriy etishni niyat qilishdi. Shuningdek, zamonaviy talablarga toʼla javob beradigan klaster markazlarining ochilishi yutuqlarimiz kafolatidir.
Navbatdagi klaster markazi yaqindagina institutimizda “Tabiiy resurslarni barqaror boshqarishda raqamli texnologiyalar klasteri” АKFА Group kompaniyasi homiyligida tashkil etilgan edi. Uning ilmiy-texnik jihozlanishi va xorijiy davlatlar bilan hamkorligi masalasi albatta rektorlarning diqqat – eʼtiborini tortmasdan qolmadi. Ushbu klasterning maqsadi masofadan zondlashning zamonaviy usullari va geografik axborot tizimlardan foydalangan holda, qishloq, suv va oʼrmon xoʼjaligi, yerdan foydalanish, geodeziya va kartografiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʼzgarishini baholash boʼyicha situatsion (vaziyatli) jarayonlarni kuzatish, nazorat qilish boʼyicha tadqiqotlar amalga oshirishdan iborat.
Institutda Yevropaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik doirasida koʼpgina professor-oʼqituvchilar, doktorant va magistrantlarimiz oʼtgan 15 yil davomida ushbu qishloq va suv xoʼjaligi sohasida masofadan zondlash, geografik axborot tizimlardan foydalanish boʼyicha yangi bilim va koʼnikmalarni oʼzlashtirishlariga, ularni amaliyotda qoʼllashga erishdilar.
Jumladan, 2003-yildan boshlab Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Niderlandiyaning Vaginengin universiteti bilan hamkorlikda Аtrof-muhitni muhofaza qilish (Geoaxborot tizimlari) va Аtrof-muhitni muhofaza qilish (xalqaro yer va suv resurslarini boshqarish) magistratura mutaxassisliklari boʼyicha ikki tomonlama diplom berish dasturini yoʼlga qoʼyilgani eʼtibolrga molik. Umuman olganda, xorijiy universitetlar: Vaginengin universiteti (Niderlandiya), Bonn universiteti (Germaniya), Vaynshtefan universiteti (Germaniya) bilan 194 nafar magistrantlar, jumladan 92 nafari “(Qishloq va suv xoʼjaligida) Аtrof-muhit muhofazasi” mutaxassisligi boʼyicha magistr kadrlar qilib tayyorlandi.
Hozirgi kunda magistratura bitiruvchilari Oʼzbekiston, Gollandiya, Germaniya, Shvetsiya, Slovakiya, Yaponiya, Italiya va Аvstriyaning yetakchi universitetlarida oʼz ilmiy izlanishlarini olib bormoqdalar. Ulardan Oʼzbekistonda 5 nafari fan nomzodi, 20 nafari falsafa doktori(PhD)ilmiy darajalarini olishdi. Vaginengin universiteti va TIQXMMI olimlari birgalikda oʼsimliklar indekslari asosida shoʼrlanish va tuproq degradatsiyasini baholashning yangi uslubiyatini ishlab chiqdilar.
Dunyoda ilk marotaba Sirdaryo viloyati misolida tuproq shoʼrlanishini oʼsimliklar kosmik termografiyasi usuli bilan baholashda qoʼllanildi. Doimiy izlanish va harakatda boʼlish yurt taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qiladi. Faoliyatning ikki qanoti bor boʼlib, bu tashabbuskorlik va tashkilotchilikdir. Rektorlar institutimiz jamoasi yangi yilni yangi klaster markazi bilan kutib olganiga iqror boʼlishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati